"Jahon chempionati U-20". Yangi Zelandiya bugun himoyada o‘ynaydi, deydiganlar adashadi yoxud raqibning 1-turdagi o‘yinidan tahlil!

  • 23 may, 2023, 16:33
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining 2-turi doirasida Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi o‘z o‘yinini o‘tkazadi. Unda vakillarimizga Yangi Zelandiya jamoasi raqiblik qiladi. 

Tecno

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 23:00 da start oladi. Bellashuvni "UzReport TV" telekanali orqali jonli efirda namoyish etadi. 

Xo‘sh, raqiblarimiz qanday kuchga ega? 1-turda nima yoki nimalar evaziga g‘alaba qozondi? Quyida jamoaning o‘yinini tahlil qilishga urinib ko‘ramiz!

zelandi

Yuqoridagi rasm Gvatemala - Yangi Zelandiya o‘yini statistikasi hisoblanadi. Ko‘rib turganingizdek, shimoliy amerikaliklar o‘yin davomida raqibdan ko‘proq zarba yo‘llagan. Aniq zarbalar ham ularda ko‘proq. Bahsda yangi zelandiyaliklar to‘p nazoratiga ko‘proq urg‘u berishgan. 

Umuman olib qaraganda, Yangi Zelandiyani Avstraliyaga o‘xshatsa bo‘ladi. Jismonan baquvvat futbolchilar, to‘pni o‘zida ushlashni yaxshi ko‘radigan ijrochilar va "killer" hujumchilar. Biroq bu tipdagi jamoalarning nozik joyi ham ko‘p bo‘ladi. Ulardan biri - tezlik. Gvatemala futbolchilari raqibni ko‘proq qarshi hujumlarda qiynab qo‘ydi. Gavdali va bo‘yi baland bo‘lgan okeaniyaliklar himoyaga qaytishda muammolarga duch keldi. 

gvate

Yuqoridagi gapimizning isboti o‘laroq, shu rasmni joylaymiz. Oq libosdagi futbolchi Gvatemala a’zosi hisoblanadi. Uning raqib maydoniga bemalol kirib olishi mumkinligiga e’tibor berdingiz-a?! Yangi Zelandiya himoya chizig‘ida atigi 3 nafar o‘yinchi qolgan. Biroq gvatemalaliklar ijrodagi mahorat etishmasligidanmi yoki shunchaki omadsizlikmi, xullas bu vaziyatdan unumli foydalana olishmadi. 

Okeaniyaliklarning ustunligi tartibli futbol hisoblanadi. Yangi Zelandiya katta ehtimol maydonda to‘pni o‘zida olib yurishi kutilmoqda. Agar vakillarimiz ularni himoyada chayqatib, komfort zonasidan chiqarishni eplay olishsa, bizga nisbatan osonroq bo‘ladi. Masalan, Fayzullaevning tezligi, Rahmonalievning kesib beriladigan aqlli paslari va Po‘latxo‘janing raqibni taktik tomonlama chalg‘ita olishini hisobga olsak, bizda g‘alaba uchun imkoniyat yuqori ekanini ko‘rishimiz mumkin. Qolaversa, uchrashuv davomida to‘p nazoratining ham bizda bo‘lishi foydadan holi bo‘lmaydi. Boisi, bo‘yi baland futbolchilar to‘psiz nisbatan tez charchab qoladi. 

gol_1

gol1

gol2

Yangi Zelandiyaning yagona gol urilgan vaziyati. Markazdan bitta uzun pas, himoyachining qo‘pol xatosi va hujumchining imkoniyatdan unumli foydalangani aks etgan suratlar. Holatni ifoda etishda shularning o‘zi etarli, deb hisobladik. Bizda bugun bunday xatolar kuzatilmaydi, degan umiddamiz. Aks holda, raqib shu kabi xatolarni kechirmasligini 1-turda ko‘rsatib qo‘ydi. 

Raqiblarimizning kichik mundialga qadar bo‘lgan tayyorgarligi haqida gapiradigan bo‘lsak, Yangi Zelandiya termasi 4 ta o‘yindan beri mag‘lub bo‘lmayapti. Qizig‘i, ular so‘nggi bor 17 fevralda aynan Gvatemalaga engilgandi. Shundan so‘ng Darrin Beziley shogirdlari Indoneziya (2:1), Fiji (3:0), Ekvador (1:0) va JCh ilk turida Gvatemala (1:0) termalaridan ustun keldi.

o‘z20_1

Bo‘lajak bahsda yoshlarimizga muvaffaqiyat yor bo‘lishini tilab qolamiz! Biz vakillarimizga to‘liq ishonamiz. Olg‘a, yigitlar. Olg‘a, O‘zbekiston!!!

 

Shohrux Zoirov maqolasi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
23/05/2023 18:19
Яхши мақола.