"Jahon chempionatining 5-6 ta o‘yinlariga chipta sotib oldim, bu safar o‘zgacha bo‘ladi, menga boshqa eshiklar ham ochiladi" yoxud Qatardagi legionerimiz mundial hakamlari bilan ishlayapti

  • 16 noyabr, 2022, 00:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatarning “Al-Xor” jamoasida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Baxtiyor Qosimov bugungi kunga kelib klubida o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurdi. U doimiy ravishda jamoasining asosiy tarkibidan joy olib kelmoqda. O‘ziga bildirilgan ishonchni oqlayotgani quvonarli.

Qatardagi jahon chempionati ham boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Qosimov ham mundialga mezbonlik qilayotgan mamlakatda ekanligidan xursand va ilk bor jahon chempionatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish imkoniyatiga ega.

- Yozda Qatar chempionatiga ko‘chib o‘tdingiz. O‘tgan vaqt davomida nimalar ro‘y berdi va u erga qanchalik moslasha oldingiz?

- Jamoamga ancha moslashib olganman. “Al-Xor” 1-o‘rinda ketyapti. O‘zgarish shundaki, murabbiyimiz almashgan. Braziliyalik mutaxassis ketdi, o‘rniga marokashlik murabbiy kelgan. Klubdagi sharoitlar o‘tgan safar aytganimdek, a’lo darajada. Qatarda jahon chempionati boshlanayotgani munosabati bilan hozir barcha klublar bitta joyda mashg‘ulot o‘tkazyapti. Bizda hozir “Referi” Kubogi boshlangan. Bu jahon chempionatida ishlaydigan hakamlar uchun qo‘shimcha amaliyot va ko‘nikma bo‘lishi uchun alohida tashkillashtirilgan turnir. “Referi” Kubogida birinchi diviziondan faqat bizning klub qo‘shilgan, “Al-Sadd”ning o‘rniga. Masalan, “Al-Garafa” bilan 0:0 o‘ynadik, “Duxayl”ga 2:1 hisobida yutqazdik. Endi guruhda uchinchi o‘yinimizni Sardor Rashidov to‘p surayotgan “Umm Salal”ga qarshi o‘ynaymiz.

baxtiyor11

- Qatarda jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. U erda mundial muhiti, mundial nafasi qanchalik sezilyapti?

- Jahon chempionati uchun u erda hamma narsa “bron” qilingan. Mehmonxonalar ham allaqachon band. Mehmonlar kelishyapti. Ko‘chalarda Argentina va yana boshqa mamlakat muxlislarini ko‘ryapman. Ishqibozlar kelishni boshlagan. Mamlakatdagi tayyorgarlik juda zo‘r bo‘ldi. Bu safargi jahon chempionati har qachongidan boshqacha bo‘ladi.

- Jahon chempionati o‘yinlarini stadionda tomosha qilishni rejalashtirgan bo‘lsangiz kerak-a?

- Yanada qiziqroq bo‘lsin deb guruh bosqichidan keyingi o‘yinlar uchun chiptalar olib qo‘yganman. 1\16, 1\8 final bosqichidagi 5-6 ta uchrashuvlarni stadionda ko‘raman. Jahon chempionatida Portugaliya terma jamoasiga muxlislik qilaman.

baxtiyor6

- Qanchaga sotib oldingiz?

- Bitta chipta narxi 400 dollardan to‘g‘ri keladi. Narxlar kategoriyalarga qarab belgilanadi. Eng qimmati 1-kategoriyali chiptalar.

- Finalda qaysi terma jamoalarni ko‘rishni taxmin qilyapsiz?

- Finalda Portugaliyaga Braziliya termasi raqib bo‘lishi mumkin.

baxtiyor3

- “Al-Xor” musobaqa jadvalida 1-o‘rinda ekanligini hisobga olsak, vazifani bajarish qiyin kechmayaptimi?

- 10 ta tur qoldi. 5 ta o‘yin o‘ynadik. 4 tasida yutdik va 1 tasida mag‘lub bo‘ldik. Yana 60 foiz o‘yin qolgan. Jahon chempionati boshlanayotgani uchun chempionat to‘xtatilgan. “Referi” Kubogining o‘tkazilayotganini yana bir sababi, bu klublarning sport formasini ushlab turish uchun ham tashkil etilmoqda.

- Shartnomangiz mavsum oxirigacha tuzilgan. “Al-Xor” klubidagi rejalaringiz o‘zgarmayaptimi?  

- Hozirda asosiy e’tiborni jamoamizni Yulduzlar ligasiga olib chiqishga qaratganmiz. Ana shunda qolasan deyishsa qolaman, agar boshqa takliflar bo‘lsa o‘ylab ko‘raman.

baxtiyor13

- Yangi murabbiy bilan munosabatingiz qanday?

- Boshida biroz qiyin bo‘ldi, til masalasida. Asta-sekin yaxshi tomonga o‘zgaryapti. O‘yinimni ko‘rib muomalasi o‘zgarib qoldi. Boshida kelganida sen tilni yaxshi bilmaysan ekan, senga tushuntirish qiyin bo‘lyapti degandi. Lekin o‘yinimni ko‘rib, fikri ancha ijobiy tarafga o‘zgardi. Ingliz tilini o‘rganyapman. Gapirsa tushunaman. Oldingi braziliyalik murabbiy bilan ingliz tilida gaplashardik. Marokashlik mutaxassis esa arab tilida so‘zlashadi. Jamoada tarjimonlar bor, gaplarini tarjima qilib turishibdi. Umuman aytadigan bo‘lsam, hammasi yaxshi. Oilamni ham olib kelganman. Maqsadimiz Qatar Yulduzlar ligasida to‘p surish. Ana shunda menga yana boshqa eshiklar ham ochiladi. O‘zimni ko‘rsatadigan bo‘lsam, terma jamoa eshigi ham ochiladi.

- Ilk bor legioner bo‘lib o‘ynayotganingizdan beri qanday o‘zgarishlarni sezyapsiz?

- Legioner bo‘ldingizmi, o‘zingizga nisbatan ancha ishonch paydo bo‘lar ekan. Qatarda shunday ekanki, legionermisiz, o‘yinning mas’uliyati sizga bog‘liq bo‘ladi. Siz ularni ichida lider bo‘lishingiz kerak. O‘zingizni ko‘rsata olmadingizmi, darhol boshqa legionerlarga almashtirib yuboradilar. Ularda puldan muammo yo‘q. Bu erda natija bo‘lmasa birinchi bo‘lib murabbiyga osiladi. Murabbiydan keyin legionerlarga osilishadi. Shuning uchun har bir uchrashuvga katta mas’uliyat bilan chiqasiz va jamoa etakchisi bo‘lib, ortingizdan ergashtirishingiz kerak. Pul to‘layotgandan keyin sizdan shu narsani talab qilishadi. Legionerga aylangach, ishonch ham, maqsad ham o‘zgaradi. Mahalliy futbolchilardan kuchli bo‘lishim kerak, degan o‘y bilan yanada qattiq ishlay boshlaysiz.

baxtiyor4

- Birinchi divizion musobaqasi Yulduzlar ligasidagi o‘yinlardan katta farq qilmaydimi?

- Yo‘q. Yuqorida aytib o‘tganimdek, “Referi” Kubogida asosan Yulduzlar ligasi klublari bilan o‘ynayapmiz. “Al-Garafa” bilan durang o‘ynadik. Bu klub 5 yoki 6-o‘rinda ketyapti. Katta farq qilmaydi. Bizdagi quyi divizion bo‘lsa ham o‘yin saviyasi ancha baland.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!