
Jamshid Saidov: "Bizni o‘z fishkamiz bor"
Superliganing 18-turida "Qizilqum" jamoasi "So‘g‘diyona"ni qabul qildi va 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Ko‘p gapirishga xojat yo‘q. Yakunda e’tiborsizlik qilganimiz uchun gol o‘tkazib yubordik. Raqibni qanday o‘ynashini bilar edik. Qarshi hujumlarda imkoniyat bo‘ldi, ammo vaziyatlardan foydalana olmadik.
- "Qizilqum" kuchli jamoalarga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatayotganini sababi nimada?
- Bu futbolchilarning psixologiyasi bilan bog‘liq. Ular kuchli jamoaga qarshi ruhan tayyorgarlik ko‘rib maydonga chiqadi, kuchsiz jamoa bilan esa yo‘q. Bizni o‘z fishkamiz bor. Ba’zan omad kelmay qolmoqda. Hammasi futbolchilarga bog‘liq.
- Akaki Shulaya bilan kichik janjal kuzatildi?!
- Bu emotsiya. Uni ichki muhitga hech qanday ta’siri yo‘q.
- Fayzulla Qambarovning zaxiraga olinishi sababi nima?
- Birinchi navbatda u buni o‘zi so‘radi. Oyog‘ida og‘riq his qilgani uchun. O‘zi murabbiylar juda kamdan-kam hollarda markaziy himoyachini almashtiradi.
- Uy stadionida emasligingiz mashg‘ulot o‘tkazishda muammolar keltirib chiqarmayaptimi?
- Biz barcha o‘yinlarimizni mehmonda o‘tkazyapmiz. O‘yin va mashg‘ulot arenasi boshqa-boshqa. Bizni qo‘llab turgan ishqibozlar ham yo‘q. Uyda devorlar ham yordam beradi, deb bekorga aytmaydi. Rahbariyat ko‘z oldida to‘p surish baribir boshqacha. Futbolda mayda detallar bo‘lmaydi. Barchasi muammo tug‘diradi.
Fikrlar