Jasur Abduraimov: Agar legionerning mahalliy o‘yinchilar bilan saviyasi teng bo‘lsa, men birinchi navbatda o‘zbekistonlik futbolchilarga imkoniyat beraman

  • 9 aprel, 2021, 10:46
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

"Metallurg" - "Andijon" (2:0) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Jasur Abduraimov o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda bekobodliklar matbuot xizmati xabar berdi.

Tecno

- Tan olish kerak, birinchi taymda o‘yin bo‘yicha "Andijon" ustunlik qildi. Maydon markazini raqibga topshirib qo‘ydik. Andijonliklarda hisobni ochish uchun imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi. Shunday vaziyatlarda jamoani goldan saqlab qolgan Lobanovdan minnatdorman. Ikkinchi taymda esa o‘zimizga keldik va kerakli natijani qo‘lga kiritdik. Kuzatayotgan bo‘lsangiz, biz tobora hujumkor futbol namoyish etmoqdamiz. Ammo qisqa fursat ichida o‘yin uslubini butunlay o‘zgartirish, moslashib ketish qiyin kechadi. Shu yo‘lda ishlashda davom etamiz.

IMG_0190

- Makeev va Narzullaev kabi futbolchilar nega maydonga tushishmadi?

- Makeev tarkibdan o‘rin egallashi uchun o‘zini ko‘rsatishi kerak. Men Muborakdagi matbuot anjumanida ham aytgandim, legioner mahalliy futbolchidan bir bosh ustun bo‘lishi lozim, deb. Agar saviyasi teng bo‘lsa, men birinchi navbatda, o‘zbekistonlik futbolchilarga imkoniyat beraman. Narzullaev ham tayyorgarlik borasida jamoadoshlariga yutqazyapti. Ayni paytda uning pozitsiyasida G‘ofurbekov ishonchli harakat qilmoqda, ko‘proq kreativ o‘yin ko‘rsatyapti. Shu bois ham bugun u maydonga tushdi.

- U-21 jamoasi o‘tgan mavsum chempioni bo‘lgandi. O‘sha tarkibdan qaysi futbolchilarni asosiy tarkibga jalb etgansiz?

- Ayni paytda o‘sha jamoaning 4-5 nafar o‘yinchisi asosiy tarkib mashg‘ulotlarida qatnashayapti. Biroq ular hozircha Superliga bahslarini tortishga tayyor emas. Menga futbolchining jismoniy tayyorgarligidan tashqari fikrlay olishi birinchi navbatda kerak. Aql bilan o‘ynaydigan futbolchiga birinchi navbatda imkoniyat beriladi. U xoh yosh futbolchi bo‘lsin, xoh 37 yoshli futbolchi. Zamonaviy futbolda birinchi o‘rinda futbolchi "kallali" bo‘lishi darkor.

- Odilbek Abdumajidovning o‘yini haqida nima deya olasiz?

- U hozir 20 yoshda. Aqlli futbolchi, to‘g‘ri bugun qizil kartochka oldi. Ammo o‘z yoshi uchun yaxshi harakat qildi, deya olaman. O‘ylashimcha, 2-3 yildan keyin terma jamoada o‘ynab ketadi. Faqat harakat qilishdan to‘xtamasligi, mehnatdan qochmasligi lozim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!