
Javohir Ilyosov: "Lokomotiv"dagi debyut mavsumimni ijobiy baholasam bo‘ladi
Chempionatimizdagi iste’dodli darvozabonlar haqida gap ketganda, bu borada shubhasiz «Lokomotiv» posboni Javohir Ilyosovni tilga olib o‘tsak arziydi. U joriy mavsumda «Lokomotiv» safiga qo‘shilganidan keyin o‘z mehnati evaziga jamoaning birinchi raqamli darvozaboniga aylandi. Garchi «Loko»da debyut mavsumini o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, u o‘zidan yomon taassurot qoldirmayapti. Buning ustiga uni O‘zbekiston milliy terma jamoasining yig‘inlariga ham chaqirib turishdi. Xullas, Ilyosovni ushbu chempionatda yanada o‘sishga erishdi deb aytsak bo‘ladi. «Mash’al» akademiyasidan etishib chiqqan Ilyosov keyinchalik «Metallurg» darvozasini himoya qildi, bu yildan esa «Lokomotiv» sharafini himoya qilib kelmoqda.
- Mening shu darajaga etishishimda murabbiylarning eng katta hissasi bor deb hisoblayman, - deya gap boshladi, Ilyosov. - Buning ustiga inson har doim o‘zining ustida tinmay ishlayversa, albatta ko‘zlagan maqsadiga erisha oladi. Bu yo‘lda aslo to‘xtab qolmaslik lozim. Kerak bo‘lsa, o‘z ustida ikki barobar ko‘proq ishlash talab etiladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, men ham ishlashda davom etyapman. Menimcha, bundan ortiq boshqa sabab bo‘lmasa ham kerak. Boya aytganimdek, barchasi faqat insonning o‘ziga bog‘liq.
Xo‘sh, Javohir uchun «Lokomotiv»dagi debyut mavsumi qanday o‘tmoqda? U bu erga kelib o‘zi istagan va ko‘zlagan maqsadlariga qanchalik erisha olyapti? Bu haqida uning o‘zi quyidagicha munosabat bildirdi.
- Men uchun yaxshi deyishim mumkin. Chunki hali faoliyatim davomida ikkinchi o‘rinni olmagandim. Shu sababli ikkinchi o‘rinni oladigan bo‘lsam, bu men uchun birinchisi bo‘ladi. Shunday ekan, men uchun buni ijobiy deb baholasak bo‘ladi. Qolaversa, ilk bor Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasida ishtirok etishga ham muvaffaq bo‘ldim. Garchi guruhdan chiqa olmagan bo‘lsak-da, bunday nufuzli turnirda ilk bor ishtirok etganim uchun menda iliq taassurot qoldirdi. Albatta, muxlislar qanday ishtirok etganimizga baho berishadi. Biroq OChLda yomon ishtirok etmadik deb hisoblayman.
Shuningdek, bungacha Javohir Ilyosovni ham milliy terma jamoaga chaqirib turishgandi. Keyin esa murabbiylar o‘zgardi va tabiiyki, tarkibda ham shunga yarasha islohotlar sezilmoqda. Natijada hozircha Ilyosov ham termaga chaqirilayotgani yo‘q.
- Hamma murabbiyning futbolga o‘z qarashlari bo‘ladi. Bosh murabbiy o‘ziga yoqqan darvozabonlarni terma jamoaga chaqiryapti. Balki hozirgi paytda klubimda asosiy tarkibda o‘ynamayotganim uchun ham chaqirmayotgandir. Lekin yana terma jamoada o‘ynashga harakat qilaman. O‘ylaymanki, qachon milliy terma jamoa uchun munosib bo‘lsak, shunda chaqirishadi. Eng katta motivatsiya – bu milliy terma jamoadir. Hamma futbolchining orzusi bosh jamoa safida to‘p surishdir. Shuning uchun ham bu har birimizga qo‘shimcha kuch va dalda berib turadi. Masalan, terma jamoada bir marta bo‘lsa ham o‘ynashni istagan futbolchilar qancha? Aytmoqchimanki, aslida milliy termaning 23 talik ro‘yxatiga kirish ham juda qiyin. Yurt, vatan sha’ni uchun o‘ynash har bir futbolchi uchun chinakam baxt, - deydi Ilyosov.
Chindan ham Javohir oxirgi paytlarda klubida zaxirada o‘tiribdi. Bunga esa tajribali Ignatiy Nesterovning yana maydonga qaytganligi sabab. Shunga qaramasdan, Ilyosov asosiy tarkib uchun kurashishini aytib o‘tdi.
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, har bir mutaxassisning dunyoqarashi bor. Murabbiylar esa Ignatiy Nesterovga ishonch bildirishyapti. Lekin o‘z ustimda ishlashdan to‘xtamayman. Hayot esa davom etadi. Shunchaki, qo‘lni tushirish niyatim yo‘q. Men har doim oxirigacha harakat qilaman. Muhimi, mehnat qilishdan to‘xtamayman. Ishonamanki, bu bosqichdan ham yaxshi holatda o‘tib olaman va bundan keyin ham samarali o‘yin ko‘rsata olaman deb umid qilaman.
Darvozabonlar odatda o‘z hamkasblarining o‘yinlarini kuzatib borishadi, shu jumladan Javohir ham. Shuni inobatga olganda, undan ayni paytda O‘zbekistondagi birinchi raqamli darvozabon kim ekanligi haqida so‘radik.
- O‘zbekistondagi birinchi raqamli darvozabonmi? Menimcha, ayni paytda bunday posbonlar ikkita deb o‘ylayman. Bittasini ayta olmayman, chunki men uchun ikkalasi ham yoqadi. Bular – Sanjar Quvvatov bilan Eldor Suyunov. Ikkala darvozabon ham bir xil darajada o‘yin ko‘rsatishyapti. Albatta, Ignatiy Nesterov ham yaxshi darvozabon. Biz yoshligimizda shunga o‘xshash darvozabon bo‘lishni orzu qilardik. Hozir ham undan o‘zimiz uchun ko‘p narsalarni o‘rganyapmiz va o‘zi ham bizga tajribalarini o‘rgatib boryapti, - deydi posbon.
Bu yil «Lokomotiv» tarkibida debyut mavsumini o‘tkazgan darvozabon kelasi yili ham temiryo‘lchilar bilan birga qoladimi? Yoki rejalari o‘zgararmikin? Qolaversa, o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan «Mash’al»ning Superligaga qaytgani sababli Javohirning yana Muborakka qaytishi borasida ehtimollar paydo bo‘lishi mumkinmi? Bularga uning o‘zi shunday javob qaytardi:
- Hozircha aniq gap ayta olmayman. Avvalo yil tugasin-chi! Keyin shunga qarab voqealar rivojini kuzatamiz. Shuning uchun hozirdan bir narsa deya olmayman. Qolaversa, klub bilan yana amaldagi shartnomam bor. «Mash’al»ga qaytamanmi? Bilmasam, hozir aytganimdek, «Lokomotiv» bilan shartnomam bor. Balki klublar o‘zaro kelishishsa, hamma narsa bo‘lishi mumkin. «Loko»ga tegishli bo‘lganim uchun klubim nima desa shu bo‘ladi. Men esa hech nima deya olmayman. Chetdan esa takliflar bo‘lgani yo‘q. Hali o‘zimizdan ham taklif bo‘lmagan.
Shuningdek, iqtidorli posbon joriy mavsumdagi chempionatimiz haqida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ayniqsa, «Paxtakor»ning muddatidan ancha avval chempionlikni qo‘lga kiritgani va bu borada «Lokomotiv»ning jiddiy qarshilik ko‘rsata olmagani haqidagi gap-so‘zlarga Ilyosov shunday dedi:
- «Paxtakor»ning chempionligiga kelsak, ular kuchli futbolchilarni yig‘ib oldi. Shuning uchun tarkibi mahoratli o‘yinchilardan tashkil topdi. Albatta, bizning tarkibimiz ham chakki emasdi. Lekin «Lokomotiv»dan deyarli yarim tarkibdan ko‘proq futbolchilar ketdi. Balki o‘yinimizda qandaydir susayish bo‘lgandir. Bir qator futbolchilar «Lokomotiv»dan «Paxtakor»ga o‘tishdi. Bu ham albatta jamoa o‘yiniga ta’sir ko‘rsatdi deb o‘ylayman.
Fikrlar