Jeparov: "Bundesliga klubi bilan shartnoma imzolamoqchi edim, ammo..."

  • 15 fevral, 2022, 08:45
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

"Dangal" loyihasida mehmon bo‘lgan Server Jeparov faoliyatiga oid barcha haqiqatlarni oshkor qildi. Hozirda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida bosh murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan qahramonmiz muxlislarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi. Intervyuni tomosha qilmagan muxlislarga esa Sports.uz uning yozma versiyasini taqdim etadi. Suhbat deyarli 45 daqiqa davom etgani bois, intervyuni 2 qismga bo‘lib e’tiboringizga havola etamiz.

Tecno

Ruhiyat

Shaxsiy fikrim, o‘yinga tayyorgarlik masalasida muammo bor. Psixologik holat ustida bolalik paytidanoq futbolchilar bilan ishlash kerak. Yosh bola, futbolchi, murabbiy o‘yindan oldin nimani his etishini bilib, unga qarshi kurashish kerak. Buni barchasini o‘rganish va uni futbolimizga singdirish kerak. Tayyorgarlik haqida gap ketar ekan, men xorijda o‘ynaganman. O‘zimga ishonchim baland. Janubiy Koreyada hal qiluvchi o‘yinlarda juda ko‘p bor maydonga tushganman. Bunaqangi muhim bahslar faoliyatimda 10 ta bo‘lgan. Mahalliy chempionatda to‘p suradigan futbolchilar esa, bunday bosimni atigi 2 bor his qilishgan. U ham kubok finalida yoki chempionlik uchun kurash bo‘lsa, sodir bo‘lishi mumkin.

Nega MTJdan bunday ketdi?

Doimo terma jamoada to‘p surishni istaganman. Ba’zida jarohat yoki sizga ishonmaydigan murabbiy faktori katta sahnaga chiqishi mumkin. 36 yoshga to‘lgach, o‘yin o‘tkazish og‘ir bo‘lishini angladim. Samolyotdagi safarlardan so‘ng tiklanish jarayoni qiyinlashib bordi. Yoshlik paytimizda bu sezilmagan, ammo yosh o‘tgan sari organizm sekinroq tiklana boshlaydi. Yaxshi saviyada futbol o‘ynash ham og‘irlashib boradi. Futbol kareramni yakunlash juda og‘ir bo‘ldi. "Bo‘ldi, yig‘ishtiraman", - deysan, ammo 10 kun uyda o‘tirgach, busiz yashashning imkoni yo‘qligini his qilasan. Butun umr hamroh bo‘lgan sportni yakunlash qiyin. Nima bo‘lganda ham buni qabul qilish shart.

O‘sha paytda "balki, yana futbol o‘ynarman", - deb o‘yladim. To‘g‘ri, rejamda xayrlashuv uchrashuvi o‘tkazish rejasi bor edi. Keyin bilsangiz, pandemiya boshlandi. U hozir ham qaerdadir davom etmoqda. Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa Evropa davlatlarida to‘p suradigan do‘stlarimni yig‘moqchi edik. Biroq pandemiya barchasini barbod qildi. "Xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazishga kech emas", - deb hisoblayman. Umid qilamanki, barchasi o‘z joyiga tushgach, bu o‘yinni tashkil etishimiz mumkin.

Kitob yozmoqchimi?

Men "futbol kareram yakunlangani yo‘q", - deb hisoblayman. Ha, futbolchi emasman, ammo murabbiylik faoliyatim davom etmoqda. O‘ylashimcha, vaqti kelganida futboldagi kareram yakunlansa, hayotimni va erishgan yutuqlarimni bitta kitobga, balki 2-3 tomga joylashim mumkin. Ha, albatta, qandaydir medallar va kuboklarni qo‘lga kiritganman. Bu yaxshi, men yutuqlarimni o‘zbek zamini sababli qo‘lga kiritganimdan faxrlanaman.

Evropada to‘p surish armonga aylandimi?

Albatta, har doim Evropada to‘p surishni orzu qilganman. Men afsuslanmayman. Faoliyatim Osiyoda o‘tgan bo‘lsa ham yomon bo‘lgani yo‘q. Ha, menda aniq takliflar bo‘lgan. Vaqtida 2 hafta Frankfurtning «Aytraxt» jamoasi ko‘rigida bo‘lganman. Ko‘rikdan o‘tgani borganman. Germaniya va O‘zbekiston futboli darajasida farq katta. Bordik, bizni ko‘rishdi va men bilan shartnoma imzolamoqchi ekanligini aytishdi. Transferni amalga oshirib, 2 yillik shartnoma imzolamoqchi bo‘lishdi. O‘sha paytda, "Paxtakor" bilan shartnomam borligi bois, taqdirimni klub rahbarlari hal etishdi. O‘sha paytlari Samvel Babayan murabbiy edi, adashmasam. Ular menga: "Bu senga kelgan birinchi taklif emas, kel shoshmaymiz", - deb shu erda qoldirishdi. O‘sha paytlari, klub oldiga chempionat va kubokda zafar quchish vazifasi qo‘yilgan edi. Bundan so‘ng 1 yil o‘tib, Qurbon Berdiev meni o‘z jamoasi - "Rubin"da ko‘rmoqchi ekanligini aytdi (hozir u "Qayrat"da faoliyat olib bormoqda). Transfer barbod bo‘ldi. Keyin Moskvaning "Dinamo" varianti paydo bo‘ldi, ammo yakunda faqat "Amkar" bilan Turkiya yig‘inida bo‘ldim. O‘sha paytlari do‘stim Timur bilan shartnomamiz yakunlangan edi. Lekin klubga bo‘lgan hurmat yuzasidan ikkimizni bir oyga boshqa jamoaga yuborishdi. U erda ham transfer barbod bo‘lgach, "Bunyodkor"ga o‘tdim.

Nega murabbiylikka qo‘l urdi?

Birinchi navbatda, futbolni sevaman. Ortda qolgan yillardan so‘ng unda qolishim kerakligini angladim. Murabbiylar haqidagi ko‘plab kitoblarni o‘qib chiqdim. Bir murabbiyning avtobiografiyasini o‘qib chiqqach, men ham "murabbiy bo‘laman", - deb qaror qildim. To‘g‘ri, yaxshi murabbiy bo‘lamanmi, yo‘qmi, buni bilmadim. Bu borada o‘sish, rivojlanish kerak. Yaxshi murabbiy bo‘lish mumkin. Buning uchun juda ko‘p mehnat qilish kerak.

Bolalar futbolida yaxshi saviyali mutaxassislar etarli emas. O‘zimni shtabimga odam yig‘ish jarayonida ko‘plab murabbiylar bilan gaplashdim. 2006 yilda tug‘ilgan bolalar bilan ishlagan ko‘plab murabbiylarni kuzatdim. Afsuski, kadrlar etarli emas. Men o‘z shtabimga eng kuchli murabbiylarni yig‘dim. Nimaga bunday? Bilaman, savolning javobini bilaman, biroq bu haqida boshqa intervyuda aytaman. Lekin, o‘sishda davom etishimiz kerak. Hozir futbol olami qaysi tomonga qarab ketmoqda? O‘sha tomonga harakat qilishimiz kerak.

Bolalar futbolida tanish-bilish!

Qo‘ng‘iroqlar , iltimoslar bo‘lgan. Men ularga "barcha uchun termaning eshiklari ochiq", - deyman. Ochiq, faqat kuchlilar uchun! Agar ular termaning, mening talabimga javob bersa, ular jamoaga jalb etiladi. Bilasizmi, shaxsan o‘zim jamoa yig‘dim. Selektsionerlarni jalb etdim. Biz faqat so‘zda emas, qog‘ozda futbolchilarning kriteriyalarini, o‘yinlarini videoda tomosha qildik. Men bu ishni bir o‘zim qilganim yo‘q. Selektsiyaga javob beradigan jamoa bor. Ularning fikri inobatga olinadi. Tanish-bilish yoki qo‘ng‘iroq orqali jamoaga keladiganlar tushunishi kerak. Ularga doimo: "Bu mamlakatning sha’ni! Siz farzandingizni shaxsiy klubga pul to‘lab topshirishingiz mumkin, ammo terma jamoa barchasidan ustun! Unda faqat kuchlilar o‘ynashi kerak. Bu jamoa xalqaro arenada mamlakatimiz sha’nini himoya qiladi", - deyman. Bu erda bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Men darrov hammani, o‘z yordamchilarimni ham ogohlantirdim. "Agar qo‘ng‘iroq orqali keladiganlar bo‘lsa, unda ishlamay qo‘yganimiz yaxshi. Yoki biz haqqoniy ishlaymiz, yoki umuman ishlamay qo‘ya qolamiz".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
15/02/2022 09:35
Жуда яхши уйинчи! Жахон Чемпионатига чикишга лойик 2уйинчидан бири эди. Миржалол Косимов ва Жепаров! Журналистлар мактайдиган Одил эса психологик томондан тайёр эмас эди.