
Jiddiy jarohat olgan Berdiev bilan Norbekovning ahvoli qanday?
Kecha “Qo‘qon-1912” jamoasi o‘z maydonida AGMKni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Lekin ushbu g‘alaba qo‘qonliklarga tatimadi, desak ham haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
O‘yinni ko‘pchilik ko‘rdi, afsuski, mezbonlarning ikki nafar futbolchisi – Shohnazar Norbekov bilan Suhrob Berdievning juda jiddiy jarohat olganliklari nihoyatda achinarli bo‘ldi. Ularning sog‘ligi qanday? Bu savol esa barchani qiziqtiryapti va tabiiyki, Berdiev bilan Norbekov borasida futbolga befarq bo‘lmagan insonlar tashvishdalar.
“Qo‘qon-1912” klubi matbuot xizmati rahbari Akromjon Mamadaliev sports.uz saytiga Berdiev bilan Norbekovning holati bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi:
- Kecha g‘alaba qozonganimiz yaxshi bo‘ldiyu, ammo ikkita etakchi o‘yinchimizning jiddiy jarohat olishgani kayfiyatimizni buzdi. O‘yindan keyingi xursandchiligimiz ham joyiga tushmadi.
Suhrob Berdievning jarohat olgan videolari chiqdi, juda xunuk ko‘rindi. Aslida esa, Shohnazar Norbekovning jarohati unikidan-da, og‘irroq bo‘lgandi. Sababi, uning jarohati bosh miyaga bo‘lgan. Dastlabki tashxis natijasida unga bosh miya suyagining sinishi, degan to‘xtamga kelingan.
Shifokorlarimiz kechadan beri har ikkala futbolchimizning sog‘liklari bilan kurashmoqdalar. Hozir ham ular bilan muntazam aloqadamiz. Norbekov ancha o‘ziga kelgan. Suhrobning esa oyog‘i singan. Berdiev Toshkentga jo‘natildi. Bugun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan so‘ng ikkalasini ham yakuniy tashxisi aytiladi. Bu borada shifokorimiz bayonot beradi va saytimizga shifokorimiz bilan suhbat qilib qo‘yamiz.
Ko‘plab muxlislar ham futbolchilarimizning sog‘ligi borasida qayg‘urishyapti. To‘g‘risi, jarohat odamning yuragi ko‘tara olmaydigan darajada bo‘lgan. Ochig‘i, shaxsan men Suhrob Berdievning oyog‘ini ko‘rib yig‘lab yuboray dedim. Agar o‘sha vaziyatda uni ustida bo‘lsangiz o‘zingizni ushlab tura olmasdingiz. Alloh ularga shifo bersin, - dedi klub matbuot xizmati rahbari.
Fikrlar