K-1: Yakkasaroy tuman prokurori kubogi g‘oliblari aniqlandi

CHERY AUTO

Bugun Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan “Yakkasaroy” sport majmuasida K-1 bo‘yicha professional janglar tashkil qilindi. O‘zbekiston K-1 federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi hamda Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan tashkil qilingan ushbu jang kechasi juda shiddatli va qiziqarli tarzda o‘tdi.

Tecno

Yakkasaroy tuman prokurori sovrini uchun o‘tkazilgan ushbu kechada 7 ta juftlik g‘oliblik uchun jang qildi. Markaziy to‘qnashuv +90 kg vazn toifasida “Oqtepa” klubi a’zosi Sulaymon Solihov va “Toni Pro” vakili Ulug‘bek Davlatov o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur qarama-qarshilikda Solihov ikkinchi raundda texnik nokaut evaziga g‘alaba qozondi.

Shuningdek, 67 kg vaznda Sardor Nig‘matov Ahror Qurbonovni, 63,5 kgda Sherzodbek Hojimurodov Asliddin Nizomiddinovni, 81 kgda Murod Ahmedov Davlatbek Maraimovni, 61 kgda Hasan Nabijonov Jalol Shavkatovni, 63 kgda Akmal To‘laganov Islom Sultonovni, 86 kgda Nursulton Sheraliev Farrux Zokirovni mag‘lub etdi.

G‘oliblarni Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, Milliy Gvardiya qo‘mondoni, qo‘l jangi federatsiyasi raisi general-mayor Rustam Jo‘raev, Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Umar Fayziev, Yakkasaroy tuman prokurori o‘rinbosari Sharofiddin Yusupov hamda turnirning asosiy tashkilotchilari O‘zbekiston aralash jang san’atlari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Murod Xonto‘raev, O‘zbekiston K-1 federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi rahbari Hojiakbar Hakimov hamda Yakkasaroy tumani prokurori Nilufar Allabergenova esdalik sovg‘alar va kubok bilan taqdirladi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur jang kechasi ajoyib tarzda tashkil etildi.

Biz ushbu turnirni tashkil qilishda bosh-qosh bo‘lgan Yakkasaroy tumani prokurori Nilufar Allabergenovani fikrlari bilan qiziqdik.

"Bilasizmi, Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus men uchun dasturilamal bo‘ldi. Ya’ni, uning ikkinchi yo‘nalishi - yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasidagi qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilganligi menda shunday turnirlarni o‘tkazib, yurtimiz sportchilarini qo‘llab-quvvatlagan holda, ularning xalqaro arenalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilishlariga oz bo‘lsa-da hissamni qo‘shishga turtki bo‘ldi. Bundan avval, dzyudo va kurash bo‘yicha ham shunday turnirlarni o‘tkazgan edik.

Bu safar K-1 yo‘nalishida tashkil qildik. Albatta, bu borada O‘zbekiston aralash jang san’atlari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Murod Xonto‘raev, O‘zbekiston K-1 federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi rahbari Hojiakbar Hakimov va barcha men bilan elkadosh bo‘lganlarga o‘z minnatdorligimni bildirib qolaman. O‘ylaymanki, turnir juda ajoyib o‘tdi. Tashrif buyurgan mehmonlar va muxlislarga ham ushbu janglar yoqqanligini yuz-ko‘zlarida ko‘rish mumkin edi. Nasib qilsa, ushbu turnir an’anaviy tarzda o‘tkaziladi, degan umiddaman!" , - dedi Allabergenova.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!