Kanada Gana terma jamoasiga futbolchisiga viza berishdan bosh tortdi
Gana terma jamoasi yarim himoyachisi Tomas Parti Jahon chempionati doirasida Kanadada o‘tkaziladigan Panamaga qarshi uchrashuvda ishtirok eta olmaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kanada hukumat futbolchiga mamlakatga kirish vizasini berishni rad etgan. Bu haqida jurnalist Den Sheldon xabar qildi.
Manbaga ko‘ra, Kanada qonunchiligida jinoyat sodir etgan yoki jinoyat bo‘yicha ayblanayotgan shaxslarga viza berish rad etilishi mumkin. Parti 2025 yil iyul oyida London politsiyasi tomonidan zo‘rlash bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy jinoyatlar 2021–2022 yillarda sodir etilgan.
Futbolchi keyinchalik garov evaziga ozod qilingan, ammo o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib kelmoqda. 2026 yil fevral oyida unga nisbatan yangi ayblovlar ham ilgari surilgan.
Ma’lumot uchun, Gana terma jamoasi Panamaga qarshi ilk tur uchrashuvini 18 iyun kuni Torontoda o‘tkazadi. Jamoaning Angliya va Xorvatiyaga qarshi keyingi o‘yinlari esa AQShda bo‘lib o‘tadi.
32 yoshli Tomas Parti 2020–2025 yillar davomida "Arsenal" sharafini himoya qilgan. U o‘tgan yilning avgust oyidan buyon Ispaniyaning "Vilyarreal" klubida to‘p surmoqda.

Fikrlar