
Katta maosh so‘ragan Dibaladan voz kechishdi
“Tottenxem” klubi rahbariyati argentinalik hujumchi Paulo Dibalani sotib olishdan bosh tortdi.
Daily Mail nashri xabariga ko‘ra, londonliklar 28 yoshli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan, ammo "shporlar" uning maosh borasidagi talabidan keyin fikridan qaytdi. Dibala "Tottenxem"da haftasiga taxminan 350 ming evro olmoqchi ekanligini ma’lum qilgan, shuning uchun klub rahbariyati argentinalik bilan shartnoma imzolash g‘oyasidan voz kechishga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, Milanning "Inter" klubi Dibalani qo‘lga kiritish uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘rilmoqda. Forvardning so‘nggi klubi Turinning “Yuventus” jamoasi hisoblanadi. Futbolchi shu oy oxirida turinliklar safini erkin agent maqomida tark etadi.
Dibala o‘tgan mavsum Italiya A seriyasi doirasidagi 29 uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 10 ta gol va 5 assistni yozib qo‘ygan.
Fikrlar