
"KELES OPEN – 2022”. O‘zbekiston karatechilari umumjamoa hisobida birinchi bo‘lishdi!
18-19 iyun kunlari Toshkent tumani markazidagi “Universal” sport majmuasida sportning karate-WKF turi bo‘yicha Toshkent tumani III an’anaviy “KELES OPEN – 2022” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur turnirda qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalaridan shuningdek, mamlakatimizning Andijon, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari, Toshkent shahridan jami 550 nafardan ortiq sportchi-yoshlar g‘oliblik uchun tatamiga chiqishdi.
Murosasiz tarzda o‘tgan bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, yurtimiz karatechilari umumjamoa hisobida eng ko‘p medallar jamg‘arib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Ikkinchi o‘rinni Tojikiston yoshlari egallagan bo‘lishsa, uchinchi o‘rin Qozog‘iston vakillariga nasib etdi.
Quvonarlisi, Toshkent tumani Bolalar-o‘smirlar sport maktabi hamda "Keles karate" klubi shug‘ullanuvchilari Saidislom Saidakbarxo‘jaev va Azizbek Islombekovlar o‘z vazn toifalarida chempionlik kamariga ega bo‘lishdi.
G‘olib va sovrindorlar diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.
Ta’kidlash joiz, mazkur musobaqani yuqori saviyada o‘tishida yaqindan yordam bergani uchun tashkilotchilar barcha hamkorlarga, jumladan Toshkent tumani hokimligiga, Toshkent viloyati karate federatsiyasiga, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga,xususan, universitetning Xalqaro kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Shuhrat Arslonov, dzyudo bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, jahon va Osiyo chempioni Farhod To‘raev, dzyudo bo‘yicha olimpiya o‘yinlari sovrindori Abdulla Tangrievlarga alohida minnatdorchilik bildirishdi.
Fikrlar