Kim qanday o‘sishga erishdiyu, kim pastga sho‘ng‘idi?

  • 14 dekabr, 2019, 20:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

«Mavsum-2019» har kimda turlicha taassurot qoldirgani rost. Chempionatda ishtirok etgan 14 ta jamoa esa intrigani kuchaytirishga urinib ko‘rishgandi. Ammo mavsum «Paxtakor»ning gegemonligi ostida o‘tdi. Bundan boshqa barcha jamoalarning esa deyarli kuchi va imkoniyati bir xil bo‘lib qolganligi ham rost. Biz esa ishtirokchi klublarning o‘tgan yilgi natijasi bilan joriy mavsumda qayd etgan ko‘rsatkichlarini o‘zaro solishtiib chiqdik.

Tecno

«Paxtakor»: 2019 yilda 1-o‘rin; 2018 yilda 2-o‘rin

Ushbu mavsum to‘lig‘icha «Paxtakor»ga atalgani rost. Klub shu qadar kuchli ediki, O‘zbekistonda har tomonlama yakka peshqadamga aylandi. Shu bois «Paxtakor» haqli ravishda chempionlik, O‘zbekiston va Liga Kubogini qo‘lga kiritdi. Anchadan beri chempionatimizda bir jamoaning muddatidan ancha avval 20 ochkolik farq bilan chempionlikni rasmiylashtirmayotgandi. Tan olish lozimki, so‘nggi yillarda Shota Arveladze boshchiligidagi «Paxtakor» aynan mana shunday barqaror mavsumni o‘tkazishga tayyorlanib kelayotgandi. Bu yil esa hammadan bir bosh kuchli ekanini isbotladi. Jamoa etakchisi Jaloliddin Masharipov aytganidek, «Paxtakor»ning darajasi Osiyo Chempionlar ligasida.

paxtakor_3

«Lokomotiv»: 2019 yilda 2-o‘rin; 2018 yilda 1-o‘rin

«Lokomotiv» uchun bu yil ancha og‘ir o‘tdi. Ma’lumki, «Loko» joriy chempionatga amaldagi chempion sifatida kirishgandi. Umuman aytganda, bu klub oxirgi uch yildan beri mamlakat chempionligini hech kimga bermay kelayotgandi. Biroq 2019 yilgi mavsumga kelib temiryo‘lchilar sovrinsiz qolib ketishdi. Nafaqat milliy birinchilikda, balki O‘zbekiston Kubogi hamda Liga Kubogida ham hech nima yuta olmadi. Faqat 2-o‘rinni egallab kumush medalga ega chiqdi. Buning sababi «Paxtakor»ning kuchayib ketgani bilan bog‘liq. Ustiga-ustak «Loko» bir nechta o‘yinlarda keraksiz duranglarni o‘ynab qimmatli ochkolarni boy berdi. Bunday sharoitda esa «Lokomotiv» uchun «Paxtakor»dan keyin ikkinchi o‘rinni egallashi yomon natija emas.

loko

«Bunyodkor»: 2019 yilda 3-o‘rin; 2018 yilda 4-o‘rin

Chempionat avvalida «Bunyodkor»da qator muammolar mavjud edi va o‘sha paytda klubning hayoti tugayotgani borasida ko‘plab gap-so‘zlar chiqqandi. Biroq «Bunyodkor»ni saqlab qolishdi va bosh murabbiylikka Vadim Abramov olib kelindi. Tarkib esa deyarli mahalliy tarbiyalanuvchilardan tashkil topdi. Shunga qaramay, «Bunyodkor» klubi mavsumni 3-o‘rinda yakunlay oldi va bu orqali Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

bunyodkor_2

«So‘g‘diyona»: 2019 yilda 4-o‘rin; 2018 yilda 11-o‘rin

Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubidan bu mavsumda hech kim bunday natijani kutmagandi. O‘tgan yili 11-o‘rinni band qilgan klub bu yil naqd 7 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi. Hammasi klubga Ulug‘bek Baqoev bosh murabbiy bo‘lib kelganidan keyin boshlandi. Ochig‘i, hech kim Baqoev va «So‘g‘diyona»dan bunday natijani hech kim kutmagandi. Vaziyat shu darajaga etib bordiki, klub hattoki uchinchi o‘rin uchun kurashadigan holatga etib keldi va bu borada «Bunyodkor» bilan oxirgi turga qadar bronza medal uchun jiddiy kurash olib bordi. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, 10 yildan beri bu klub 10-o‘rindan pastki pog‘onalarni band etib kelayotgandi. Oxirgi marta esa 1998 yilgi mavsumda 4-o‘rinni qayd etgandi. Oradan 21 yil o‘tib, «So‘g‘diyona» o‘sha natijasini takrorladi. Endi bu jamoa bilan boshqalar yaxshilab hisoblashadigan bo‘lishdi.

sugdiyona_1

«Metallurg»: 2019 yilda 5-o‘rin; 2018 yilda 5-o‘rin

Andrey Shipilov ustozlik qilayotgan bekobodliklar oxirgi ikkita mavsumni bir xil 5-o‘rinda tugatdi. Ochig‘i, ushbu mavsumda «Metallurg»ning 5-pog‘onani band etishi amrimaholdek ko‘ringandi. Chunki ular butun mavsum davomida deyarli 7- yoki 8-o‘rinlarda bo‘lishdi. Lekin oxirgi turda hammasi o‘zgarib ketdi. Bekobodliklarning g‘alabasi hamda yaqin ta’qibchilarining mag‘lubiyati yakunda «Metallurg»ni birdaniga 5-o‘ringa ko‘tarib qo‘ydi. «Surxon» bilan ochkolari bir xil bo‘lsa-da, o‘zaro o‘yinlardagi natijalarga ko‘ra Andrey Shipilov jamoasi yana o‘tgan yilgi natijasini takrorlay oldi.

metallurg23_1

«Surxon»: 2019 yilda 6-o‘rin; 2018 yilda pro-ligada 4-o‘rin

Termizning «Surxon» klubi uzoq yillik tanaffusdan keyin ushbu mavsumda «Dinamo» bilan birgalikda Superligaga qo‘shimcha imtiyoz evaziga qo‘yilgandi. Aytish mumkinki, debyutant klubning mavsumni 6-o‘rinda tugatishi bu ajoyib natijadir. Qolaversa, «Surxon» o‘z tarkibini mahoratli o‘yinchilar bilan ham to‘ldirib olgandi. Lekin chempionat davomida termizliklarda o‘ziga yarasha past va balandliklar ham bo‘lib turdi. Buning ustiga klubda murabbiylar almashib turdi. Ilhom Mo‘minjonov, Andrey Miklyaev, Baxtiyor Ashurmatov va Vladimir Andreev kabi murabbiylar bilan mavsumni yakunlagan «Surxon»ning shunda ham 16 ta klub orasida 6-o‘rindan joy olganini bemalol ijobiy natija sifatida baholasak bo‘laveradi.

«Nasaf»: 2019 yilda 7-o‘rin; 2018 yilda 7-o‘rin

«Nasaf» doim alohida mavzu bo‘lib kelgan. O‘z akademiyasidagi tarbiyalanuvchilari hisobiga chempionatda qatnashib kelayotgan bu jamoa ikki yildirki mavsumni 7-o‘rinda tugatmoqda. Bu safar esa turnir jadvalining qoq markazidan o‘rin oldi. Bungacha asosan sovrinli o‘rinlar uchun kurashib kelgan «ajdarlar»da oxirgi paytlarda moliyaviy tomondan muammolar sezilayotgani sababli yuqori o‘rinlar uchun kurasha olmay qoldi. Shunday bo‘lsa-da, klub bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev mahalliy tarbiyalanuvchilarni tarbiyalashda davom etgan holda bir qator futbolchilarni kashf qilmoqda. Shu bois O‘zbekiston milliy, olimpiya, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalaridan «Nasaf»ning ko‘plab tarbiyalanuvchilari joy olishmoqda. Umuman olganda, «Nasaf» to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda, faqat moliyaviy tomondan etarli darajada qo‘llab-quvvatlansa bemalol sovrinli o‘rinlar uchun kurashishga qodir jamoaga aylangan bo‘lardi.

nasaf

AGMK: 2019 yilda 8-o‘rin; 2018 yilda 10-o‘rin

Mirjalol Qosimov bosh murabbiyligidagi AGMK uchun yakuniga etgan mavsum ajobtovur o‘tdi. Birinchi davrada klub deyarli autsayderga aylanib qolgandi. Ikkinchi davraga kelib biroz o‘zini o‘nglagandek bo‘ldi. Baxtga qarshi uning atrofidagi klublar ham u qadar kuchli bo‘lmagani bois AGMK keskin darajaga pastga tushib ketmadi va o‘zi yutgan o‘yinlardagi g‘alabalar tufayli klub yakunda 8-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bundan tashqari, ular O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogining finaligacha etib borishdi. Ammo har ikkala hal qiluvchi bahsda olmaliqliklar «Paxtakor»ga yirik hisobda yutqazdi. Umuman olganda, AGMK chempionat doirasidagi uchrashuvlarda ham «Paxtakor»ga yirik hisobda taslim bo‘lganini aytish joiz. Bir so‘z bilan aytganda, AGMKning ishtirokini o‘rtacha baholasa bo‘ladi.

agmk_1

«Navbahor»: 2019 yilda 9-o‘rin; 2018 yilda 3-o‘rin

O‘tgan yili 3-o‘rinni egallab yakunda bronza medaliga ega chiqqan «Navbahor» bu yil qaerda qoldi? Turnir jadvaliga qarasangiz, namanganliklarni 9-o‘rindan topasiz. Ko‘rinib turibdiki, ular ushbu mavsumda pastga sho‘ng‘ishdi. Vaholanki, mavsum avvalida jamoaning maqsad va rejalari katta edi. Ammo mavsum davomida klubda yuz bergan doimiy o‘zgarishlar yakunda natijaga va jamoa o‘yiniga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Bunda esa nafaqat futbolchi va murabbiylarning, balki rahbarlarning ham xatosi bor. Boisi klub Andrey Kanchelskis boshchiligida mavsumni boshlab, asta-sekin rossiyalik mutaxassisning uslubiga moslashib borayotgan mahalda dabdurustdan uni ishdan bo‘shatib yuborishdi va o‘rniga serbiyalik Deyan Jurjevichni olib kelishdi. Natijada futbolchilar Kanchelskis uslubidan endi Jurjevich uslubiga moslashishga harakat qilishdi. Lekin yangi murabbiyga ko‘nikishgunigacha klub qimmatli ochkolarni yo‘qotdi. Aslida esa mavsumning qizigan paytida murabbiyni almashtirishning mavridi emasdi. Rahbariyat esa keyin yana qarorini o‘zgartirib, Jurjevichning o‘rniga Kanchelskisni qaytarib kelishdi. Natijada yana futbolchilar sarson bo‘lib qolishdi. Chunki ular rossiyalik sobiq murabbiyning uslubiga qayta boshladilar. Natijada bunday mahalda klub yana ochkolarni yo‘qotishda davom etdi. Shu tariqa, mavsum «Navbahor» uchun nobarqaror ravishda o‘tdi. Balki rahbariyat boshida Kanchelskisga tegmasdan unga hech bo‘lmaganda oxirigacha imkoniyat taqdim etishganida balki klub hozir 9-o‘rinda emas, undan yuqorida bo‘lishining ehtimoli katta bo‘lardi. Endi klubda yana bosh murabbiy masalasi muhokama mavzusida bo‘lib turganligi haqida eshitmoqdamiz.

navbahor_1

«Andijon»: 2019 yilda 10-o‘rin; 2018 yilda pro-ligada 1-o‘rin

Aslida mavsum avvalida «Andijon»ning Superligada qolishi asosiy vazifa edi. Chunki o‘tgan yili pro-ligada qatnashib ilk bor Superligaga yo‘l olgan jamoaning dastlabki mavsumda elitada jon saqlab qolishi kuzatiladi. «Andijon» ham mavsum davomida og‘ir yo‘lni bosib o‘tdi. Birinchi davrada natijalar salbiy bo‘lavergach, rahbariyat Eldor Sakaevni bosh murabbiylikdan bo‘shatib, o‘rniga 10 yil «Mash’al»da ishlagan rossiyalik Aleksandr Xomyakovni olib kelishdi. Shundan so‘ng «Andijon»ning o‘yinida ijobiylik ko‘zga tashlana boshladi. Eng muhimi, klub moliyaviy qiyinchiliklarga qaramasdan Superligada jon saqlab qoldi.

andijon_1

«Qo‘qon-1912»: 2019 yilda 11-o‘rin; 2018 yilda 9-o‘rin

Qo‘qonliklarda ham mavsum mobaynida murabbiylar borasida o‘zgarishlar kuzatildi. No‘’mon Hasanov iste’foga chiqarilgach, Aziz To‘xtaboev vaqtinchalik bosh murabbiy bo‘lib ishladi. Ikkinchi davrada esa Temur Kapadze ham bu klubga yaqindan yordam berdi. Albatta, jamoaning qayd etgan natijasi shuni ko‘rsatib turibdiki, ular ham mavsum davomida turli qiyinchiliklarga duch kelishdi. Ayniqsa, chempionat boshlangach, klub anchagacha o‘z maydonida o‘ynay olmadi. Boisi «Qo‘qon-1912» maydoni ta’mirlanayotgandi. Natijada klub birinchi davrada ko‘proq safarda o‘ynadi. Ikkinchi davraga kelib esa o‘z maydonidagi o‘yinlari tabiiyki ko‘proq bo‘ldi. O‘tgan yili 9-pog‘onada bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 11-o‘rin bilan cheklandi. Xulosa esa o‘zingizdan…

«Buxoro»: 2019 yilda 12-o‘rin; 2018 yilda 6-o‘rin

O‘tgan yili 6-o‘rinni egallagan «Buxoro» bu mavsumda pastga quladi va Superligada arang jon saqlab qoldi. Natijada Muhsin Muhammadiev klubni 12-o‘rin bilan bo‘lsa-da, Superligada qoldirdi. Ammo sal qolsa, oxirgi turda «Dinamo»ning o‘rnida bo‘lib qolishi ham mumkin edi. Ammo AGMK bilan bahsning 90+1-daqiqasida buxoroliklar penalti orqali kiritilgan gol evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishdi.

«Qizilqum: 2019 yilda 13-o‘rin; 2018 yilda 8-o‘rin

Navoiyning «Qizilqum» klubi ham joriy mavsumni yaxshi o‘tkaza olmadi. Negadir bosh murabbiy Hamid Aktamov jamoani etarli darajada shakllantira olmagan ko‘rinadi. Qolaversa, birinchi davrada ham, ikkinchi davrada ham tarkibda etarlicha o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Oqibatda «Qizilqum»ning o‘yinida nobarqarorlik kuzatildi. Natijada navoiyliklar ham «Buxoro» kabi zo‘rg‘a jon saqlab qolishdi.

«Dinamo»: 2019 yilda 14-o‘rin; 2018 yilda pro-ligada 5-o‘rin

«Dinamo» klubi Superliga klublari orasida eng oxirgi o‘rinni oldi. Samarqandliklar ham «Surxon» bilan birga ushbu yilda elitaga qo‘shimcha imtiyoz evaziga qaytarilgandi. «Dinamo»ning ishtiroki esa ikki xil taassurot qoldirdi. Mavsumning dastlabki qismida Davron Fayziev boshchiligidagi jamoaning sarguzashtlari hammani ajablantirgan bo‘lsa, ikkinchi davraga kelib klub faqat yutqazish bilan ovora bo‘ldi. Natijada Davron Fayziev bosh murabbiylikdan iste’foga chiqarildi. O‘rniga kelgan Tachmurod Agamurodov ham hech nima qila olmadi. Uning jamoasi «Buxoro» va «Qizilqum» bilan bir xil ochko to‘plagan bo‘lsa-da, o‘zaro o‘yinlar va to‘plar nisbatiga ko‘ra «Dinamo» oxirgi o‘ringa «mixlangandi». Ajablanarlisi, «Dinamo» oxirgi ikkita turga kelib go‘yoki «ko‘zini ochgandek» bo‘ldi va Samarqandda «Surxon»ni, Qarshida esa «Nasaf»ni engdi. Ammo bu g‘alabalar «Dinamo»ni Superligada saqlab qolishga etmadi. Bu paytga kelib esa poezd allaqachon ketib bo‘lgandi.

dinamo_3

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
14/12/2019 22:11
Сурхон ва насаф мухлислар нолигани нолиган уларга факат узлари булса бас айникса тошкент водий уйнамай турсин улар чемпион булиб олсин
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
14/12/2019 21:25
Shu yil faqat Pahtakor usishdan tuhtadi. Pahtakor Nasafka qarshi 2 ta uyinga ham. tuliq sudiya yon bosdi. ochiqchasiga bosdi. Lekin beronta mard yuqki. chiqib. birinchi uyindan keyin. ikkinchi uyinga hech bulmasa. unday qilmangla. Ahir uzbek fudbolini ulderapsizla. demadi. Nasaf pul yuqlegi uchun ham. ohiriga uzi uynamadi. Chempionlar legasiga chiqqani bilan. foydasi yuqlegini bilib. bulmasa. Nasaf shu yil ham bemolol 2 urin olishka. kuchi etardi. ohirgi turlarga Pahtakor bilan uyinga. yana sudiya kutli qildi. keyingilari. keraksiz bulib qoldi. Keyin. Bunyotkor bilan uyinga. Pahtakor. kurgan. kishi uz tili bilan aytsin. uyin qanday bergani. Qisqasi. Uzbek fudbolini uldergan uchun ham. pahtakorni muhlisi kam.