
Konor-Pore, Xollouey-Kattar hamda Chimaev-Edvards jangida kimlarning imkoniyati yuqori? (Tahlil)
Barcha MMA shinavandalari yanvar oyini kutayotgan bo‘lsa, ajab emas. Chunki 2021 yilning dastlabki oyida UFC bir haftaning o‘zida uchta super jang kechasini o‘tkazadi. Aynan ushbu uch turnirda muxlislarni eng ko‘p qiziqtirayotgani Konor MakGregor - Dastin Pore, Maks Xollouey - Kelvin Kattar hamda Leon Edvards – Xamzat Chimaev o‘rtasidagi janglar, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Darhaqiqat, Konorning o‘ziga xos shousini, Xamzatning asl kuchini hamda Xolloueyning qaytishini tezroq ko‘rishni istayotganlar dunyo bo‘ylab ko‘plab topiladi va aynan shuning uchun ham ushbu uch jangga bo‘lgan e’tibor yuqori...
Biz esa ushbu janglardagi imkoniyatlarni biroz tahlil qilishga harakat qilamiz.
Maks Xollouey - Kelvin Kattar
Har ikkisi ham divizionning xavfli jangchilaridir. Biroq bu to‘qnashuvda Maksning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. Sababi, Kattarning kuchli jihati, uning kuchli zarbasida, deb ayta olamiz. Maksning zarba kuchi esa shubhasiz, ushbu diviziondagi eng yuqorisi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Maksni yutish uchun mukammal kurashchi bo‘lishi lozim yoki Volkanovskiga o‘xshab, o‘ta chaqqonlik talab qilinadi. Kattarning janglarini tomosha qilsangiz, unda bunday jihatlar yuqori darajada, deb ayta olmaymiz. Aynan ushbu omillarni inobatga olgan holda, shunday fikrdamiz. Lekin UFC o‘zgacha promoushen, “apset”lar har doim bo‘lgan va bo‘ladi ham, shunday ekan, kim g‘alaba qozonadi, buni tez orada bilib olamiz!
Xamzat Chimaev – Leon Edvards
O‘ylaymanki, bu jangga bo‘lgan qiziqish aslo Konor-Pore to‘qnashuvidan kam emas. Chunki Chimaev aslida ham kuchlimi yoki shunchaki, Dana Uaytning “shishirma” jangchisimi, degan savolga javob topish mumkin bo‘ladi. To‘g‘ri, uning avvalgi janglarini ko‘rib, unda iste’dod bor ekanligini guvohi bo‘ldik. Lekin u hali real olib qaraganda, jiddiy raqib bilan to‘qnash kelgani yo‘q. Edvards esa sinalgan, qolaversa, tajribali jangchilar bilan bo‘lgan bahslarda o‘zini ko‘rsata olgan. Aynan, ushbu bahsda Xamzatning asl kuchiga yanada aniq va lo‘nda baho berish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shunga qaramasdan, baribir Chimaevda imkoniyat yuqori, deb o‘ylayman. Chunki unda Edvardsga qarshi qo‘yadigan barcha narsa bor. Misol uchun, Edvards “stoyka”da jang qilishni lozim topsa, Chimaevning bo‘yi va qo‘llari uzun, nokaut qiluvchi zarbaga ega. Agar, “parter”ni ma’qul topsa, Xamzatning imkoniyati yanada oshib ketadi. U bu borada Edvardsan bir bosh ustun, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Xullas, bu to‘qnashuvda Chimaev g‘alaba qozonsa kerak, degan o‘ydamiz.
Konor MakGregor – Dastin Pore
Shubhasiz, Habib Nurmagomedov faoliyatini yakunlaganidan so‘ng, ushbu divizionning eng kuchli jangchilari, deya Konor hamda Dastinni e’tirof etgan bo‘lardik. Yana kim, Getjimi yoki Oliveyra? Fergyusonni qanday holatda ekanligini Oliyvera ko‘rsatib berdi. Maxachev va Xukerni bularning darajasiga chiqish uchun biroz vaqt bor. Getji yoki Oliyverani ham ikkisini darajasida, deb aytmagan bo‘lardim. Ya’ni, mashhurlik nuqtai nazaridan va mahorat bobida ham... Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Shunday ekan, Konor va Dastin to‘qnashuvida divizionning Habibdan keyingi lideri kim ekanligi aniqlanadi.
Ular o‘rtasidagi birinchi jang qanday yakunlangani barchaga ma’lum. Birinchi raunddayoq Konor jang taqdirini hal qilib, g‘alabaga erishgan. Bu Konor uchun o‘ziga xos ruhiy ustunlik berishi turgan gap. Qolaversa, u mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor qaratgan. Chunki, faqatgina shoularda yuraverish qanday oqibatlarga olib kelishini xis qilib ulgurgan. Habib Nurmagomedov unga bir umrlik saboq berib qo‘ydi. U o‘sha mag‘lubiyatdan keyin Donald Serrone ustidan g‘alaba qozondi. Lekin bu muvaffaqiyat Habibdan uchralgan mag‘lubiyatga malham bo‘la olmasdi. Chunki “Kovboy” eng faxriy jangchilardan biri va uning saviyasi ham ancha tushib ketgandi. Biroq Dastinni chiroyli tarzda mag‘lub etish, uning tom ma’nodagi “qaytishi” bo‘ladi, deb ayta olamiz. Shunday ekan irlandiyalik shovvoz jangni muddatidan avval yakunlashga harakat qiladi. Qolaversa, har doimgidek ruhiy bosim o‘tkazish maqsadida, muxlislar uchun ham odatiy qiliqlaridan foydalanishi turgan gap.
Pore esa jangni cho‘zishga, Konorni charchatib natija qilishga harakat qilsa, kerak. “Teyk-daun”larni amalga oshiradi, deb o‘ylamayman. Chunki Nurmagomedov ham Konorga nisbatan buni amalga oshirishda qiynalgandi. MakGregor bu borada Dastinga imkoniyat bermasa kerak. Qisqa qilib aytganda imkoniyatlar 60/40 Konor foydasiga. Ammo yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bu nisbiy tushuncha xolos. Kim g‘alaba qozonadi, bu faqat Yaratganga ayon!
Roy Jonsni ikkita jang qiziqtirmoqda... Anderson Silva dastlabki raqib!
Fikrlar