Koreyslar bilan boshlab koreyslar bilan tugatdi yoxud "Andijon"ning bir kunda o‘tkazgan ikkita o‘yini haqida

  • 13 fevral, 2024, 01:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon”ning Antaliyadagi so‘nggi nazorat uchrashuvlari ham bo‘lib o‘tdi. Oldin xabar qilib o‘tganimizdek, “Burgutlar” bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazishi rejalashtirilgandi. Dastlabki uchrashuv Ruminiyaning “Korvinul “Xundeora” jamoasiga qarshi kechdi. Aslida bu bahs andijonliklar uchun yomon boshlanmagandi. Lekin jamoaning o‘ylagan rejalari ushbu o‘yinda amalga oshmadi. Aksiga olib raqibning uyushtirgan aksariyat hujumi bilan gol bilan yakunlanaverdi va natijada yirik 0:5 hisobi qayd etildi.

Tecno

andijon kornivul

Bir kunda ikkita uchrashuv tashkillashtirilgani bois murabbiylar shtabi ikkala bellashuv uchun asosiy tarkibni aniqlab olishgandi. Agar vaziyatlardan birini golga aylantirganlarida bunday hisob qayd etilmasdi. Masalan, birinchi bo‘limda Farhod Sohibjonovda qulay imkoniyat bo‘ldi. Jarima maydoni ichida yo‘llagan aniq zarbasini ruminiyalik posbon zo‘rg‘a oyoqlari yordamida bartaraf qilib qoldi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, “Korvinul”ning hujumlari samarali chiqaverdi va bunda albatta omad ham ular tomonda bo‘lganini ta’kidlash joiz. Aslida esa mana shunday natijalar albatta ijobiy tomondan xizmat qilishi tabiiy. Qolaversa, bu nazorat uchrashuvi va unda murabbiylar futbolchilarning o‘yin amaliyotini oshirishmoqda hamda turli taktik uslublarni qo‘llab ko‘rishyapti.

andijon kornivul1

Kunning ikkinchi yarmidagi uchrashuv Janubiy Koreyaning “Kanvon” klubiga qarshi bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, bu bahsda "Andijon" ancha tartibli harakat qildi. “Kanvon” Koreyaning “Key1” ligasi qatnashchisi. Xuddi bizning Superligamiz singari. “Andijon” vakillari tezkor raqibga qarshi pressing qo‘lladi va taktik yurishlar orqali xavf tug‘dirdi. "Burgutlar" birinchi bo‘limda hisobni ochishga yaqin keldi. Iqtidorli yarim himoyachi Ilhom Abdug‘anievning jarima maydoni ichiga kirmasdan yo‘llagan zarbasi to‘singa tegib qaytdi. O‘yindagi asosiy voqealar tanaffusdan keyin yuz berdi.

andijon kanvon saytga

Ikkinchi bo‘limni juda shiddatli boshlagan “Andijon” koreyslarni shoshirtirib qo‘ydi va shunga yarasha tezkorlik bilan gol urdilar. Standartdan uzatilgan to‘pni “Kanvon” jarima maydoni ichida Islom Mamatkazin boshi bilan darvozaning pastki burchagini aniq nishonga oldi. Bu goldan ruhlangan andijonliklar yana hujumlar uyushtirishda davom etdi. Bir vaziyatda jarima maydoni ichida qanotdan uzatilgan to‘pni Suhrob Berdiev yaqin masofadan yo‘lladi-yu, ammo darvozabon to‘pni chiziq ustida qaytarib qoldi. Lekin koreyslar o‘z hujumlaridan birida hisobni tenglashtirdilar. Shundan keyin ham “Andijon” futbolchilari bo‘sh kelmadilar.

Bu o‘yinda Xomyakov jamoasi g‘alabaga haqli edi va juda yaqin kelgandi. Oxirigacha kurashgan futbolchilar bahs so‘nggida raqib jarima maydoni ichida keskinlik bilan to‘xtatildi. Avvaliga Farhod Sohibjonov, keyin Sherzod Esanov ochiqchasiga yiqitildi. Lekin turk hakami negadir bu vaziyatda penalti belgilashni istamagani bizni hayron qoldirdi. Holbuki, to‘la-to‘kis penalti edi.

andijon kanvon saytga1

Shunday qilib, o‘yin durang bilan tugadi. E’tiborlisi, “Andijon” Antaliyadagi yig‘inini Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlagandi va yana koreyaliklarga qarshi uchrashuv bilan yakunladilar.

“Andijon” – “Korvinul” – 0:5 (0:2).

“Andijon” tarkibi: Maksim Sarraf, Ildar Mamatkazin, Marlen Chobanov, Abubakir Rejabboev, Izzat Abdurasulov, Asilbek Aysarov, Sherzod Esanov, Levan Arveladze, Sunnatilla Abdullajonov, Farhod Sohibjonov, Shahboz Erkinov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Mohir Komilov, Diyor Toirov, Asad Habibullaev, Suhrob Berdiev, Armin Boshnyak, Ilhom Alijonov.

“Andijon” – “Kanvon” – 1:1 (0:0).

“Andijon” tarkibi: Igor Litovka, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Farhod Bekmuratov, Sardor Azimov, Abduvohid G‘ulomov, Muhammadkarim Toirov, Ilhom Abdug‘aniev, Bektemir Abdumannonov, Demir Imeri, Rustam Turdimurodov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Farhod Sohibjonov, Suhrob Berdiev, Izzat Abdurasulov, Sherzod Esanov, Ilhom Alijonov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!