Koronavirusdan tuzalgan bokschi Tayson Fyuri bilan jang qilishi mumkin
Shvetsiyalik og‘ir vaznli bokschi Otto Uallin britaniyalik Tayson Fyuri bilan bo‘ladigan jangga tayyorgarlikni qayta boshladi. Mart oyida 29 yoshli sportchi oyog‘idagi jarohati tufayli Lukas Braunga qarshi rejalashtirilgan jangni o‘tkaza olmagandi. Bundan tashqari, Uallin koronavirus alomatlari tufayli mashg‘ulotlarda tanaffus qildi. Xususan, bokschining ta’m va hidni yo‘qotgani haqida xabar berilgandi.
"Otto Nyu-Yorkda. U tuzalmoqda va uyda fizioterapiya bilan shug‘ullanmoqda. May oyining boshida normal mashg‘ulotlarga qaytishi mumkin. U qiyin damlarni boshidan kechirdi. Ammo hozir u o‘zini yaxshi his qilmoqda. Hamma narsa normal holatga qaytishi bilan biz uning ringga qaytishini rejalashtirmoqdamiz. Tayson Fyuri dvizion qiroli, ammo da’vogar pozitsiyasi uchun jiddiy kurash kechadi. Aminmanki, Otto qolganlar orasida eng yaxshisidir. Ikki yoki uchta jangdan so‘ng u Fyuri bilan yana jangga tayyor bo‘ladi”,- dedi promouter Dmitriy Salita.
Ma’lumot uchun, 2019 yil sentyabr oyida Vallin va Fyuri o‘rtasidagi birinchi jang britan bokschisining ochkolar bo‘yicha g‘alabasi bilan yakunlangan edi.
Manba: Sky Sports

Fikrlar