Kutilgan va kutilmagan iste’folar!

  • 3 iyul, 2019, 20:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada birinchi davra bahslari ham yakuniga etdi. Albatta, mavsumning dastlabki qismiga ko‘ra bir qator e’tiborli holatlar yodimizda qoldi. Ayniqsa, birinchi davrada bosh murabbiylarning iste’folari ko‘payib ketdi, desak bunga hech kim e’tiroz bildirmasa kerak. Chempionatimizda 14 ta klub ishtirok etayotgan bo‘lsa, shularning ettitasida bosh murabbiylar o‘zgartirildi. To‘g‘ri, har yili chempionatimizda murabbiylarni iste’foga chiqarilishi odat va bunday jarayon butun dunyoda mavjud. Aslida bu qandaydir yangilik yoki syurpriz emas va buni shunchaki tabiiy holat deb qabul qilishimiz kerak. Buni murabbiylarning o‘zlari ham yaxshi bilishadi. Lekin gap shundaki, mavsumning endi birinchi yarmi yakunlanganini inobatga olsak, iste’folar ko‘payib ketdi. Oldinlari butun mavsum davomida ham nari borsa 4-5 nafar murabbiy o‘zgartirilishi mumkin edi. Lekin bu safar murabbiylar klublarimiz tomonidan qo‘lqopdek almashtirib yuborilmoqda. Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor, lekin oralarida iste’foga munosib bo‘lmaganlari ham borligini eslatib o‘tishimiz joiz.

Tecno

Klub: “So‘g‘diyona”

Iste’foga chiqarildi: Sergey Lushan

Sabab: Ketma-ket uchta mag‘lubiyat

Qachon kelgan: 2018 yil, 7 aprel

Qachon ketgan: 2019 yil, 13 aprel

O‘rniga kim keldi: Ulug‘bek Baqoev

Hammasi kimdan boshlandi? Sergey Lushandan. “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi sifatida o‘tgan mavsum o‘rtalaridan ishga kirishgan mutaxassisning Jizzaxdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. U joriy chempionatga yaxshi niyat va maqsadlar bilan kirishgandi. Shunga yarasha, ular mavsumni g‘alaba bilan boshlashdi. Ilk turda Jizzaxda “Bunyodkor” 2:1 hisobida taslim etildi. Lekin shundan so‘ng “So‘g‘diyona” ketma-ket uchta uchrashuvda raqiblariga yutqazib qo‘ydi. Shundan keyin uning o‘zi ixtiyoriy ravishda ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi. Qiziq, uning ishdan ketishi uchun uchta mag‘lubiyat etarli bo‘libdi, vaholanki, ayrim jamoalar bundan ham ko‘p darajada mag‘lubiyatlarga uchrashadi. E’tiborlisi, Sergey Ivanovich “So‘g‘diyona”ga o‘tgan yilning 7 aprel kuni rasman bosh murabbiy etib tayinlangandi va bu yil 13 aprelda ishdan bo‘shadi. Demak, 371 kunlik ish faoliyatidan keyin ariza yozdi. Yana bir qiziq jihati, u 9 aprel kuni 46 yoshga to‘lgandi. Lushanning “So‘g‘diyona” bilan bog‘liq ijobiy va salbiy holatlari aprel oyi bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Xullas, Lushanning o‘rnini Ulug‘bek Baqoev egalladi. Shundan so‘ng chindan ham “So‘g‘diyona”ning o‘yini va natijalari ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Demak, murabbiy almashtirilishi jizzaxliklarga foyda keltirdi. Lekin hali Baqoevning oldida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘pligini ham eslatib qo‘ymoqchimiz. Hozircha esa Ulug‘bek Baqoev boshchiligida “So‘g‘diyona” ketma-ket uchta o‘yinda yutqazgani yo‘q va bunga yo‘l qo‘ymasa ham kerak.

Sergey Lushan

Klub: “Buxoro”

Iste’foga chiqarildi: Baxtiyor Ashurmatov

Sabab: jamoa 8 ta o‘yinda 6 ochko jamg‘argani uchun

Qachon kelgan: 2018 yil, 26 dekabr

Qachon ketgan: 2019 yil, 15 may

O‘rniga kim keldi: Muhsin Muhammadiev (Tojikiston)

Baxtiyor A’zamovich uchun “Buxoro”dagi faoliyati endi tarixga aylandi. O‘tgan yili OKMK bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritish orqali tarixdan joy olgan mutaxassis tabiiyki, Buxoroga O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan amaldagi murabbiy sifatida borgandi. Ammo Ashurmatov u erda o‘zi istagan jamoani shakllantira olmadi va katta ehtimol bilan uning mazkur klubda yorqin faoliyat ko‘rsata olmasligi ham kutilgandi, aslida. Negaki, jamoada bir qator muammolar to‘planib qolgandi va ularni hal qilish uchun ham ancha vaqt kerak bo‘ldi va bu hol o‘z-o‘zidan murabbiyning rejalariga va tayyorgarlik jarayonlariga ham ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Natija esa salbiy ko‘rinish olaverdi. Ashurmatov jamoani 8 ta uchrashuvda bosh murabbiy sifatida tayyorladi. Ushbu bellashuvlar davomida 1 g‘alaba, 3 durang va 4 bor mag‘lubiyatga uchrashdi. Shu bois 13-o‘ringa tushib qolgan “Buxoro”ga yangi qon kerak deya Ashurmatov o‘z ixtiyori bilan bo‘shash haqida ariza yozdi. Natijada u bu klubda salkam besh oyga yaqin vaqt davomida ishladi xolos. Orada esa jamoani yordamchi murabbiy Mirislom Hasanov boshqarib turdi. Keyin esa tojikistonlik taniqli futbol kishisi Muhsin Muhammadiev taklif etildi. Lekin aksiga olib uning “Buxoro”dagi faoliyati omadsiz start oldi va ketma-ket mag‘lubiyatlar bilan boshlandi. Lekin birinchi davraning so‘nggi turida “Andijon”ni kichik hisobda engishdi va bu bilan Muhammadiev o‘zining birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, jamoa o‘yinida muammolar bor va buni Muhammadiev ham ta’kidlab o‘tdi. Unga vaqt kerak va yozgi tanaffusda iloji boricha jamoa o‘yinini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishi tayin. Shu bois ikkinchi davra buxoroliklar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ashurmatov yangisi

Klub: “Andijon”

Iste’foga chiqarildi: Eldor Sakaev

Sabab: muvaffaqiyatsiz ishtirok

Qachon kelgan: 2018 yil, 14 yanvar

Qachon ketgan: 2019 yil, 14 may

O‘rniga kim keldi: Aleksandr Xomyakov (Rossiya)

Superligaga qaytgan “Andijon” uchun ham mavsum yaxshi boshlanmadi. Natijada jamoa a’zolari qimmatli ochkolarni boy berdi. To‘g‘ri, chempionat boshida o‘z maydonida o‘tishi kerak bo‘lgan bahslarni ham safarda o‘tkazishdi. Lekin jamoa o‘yinida tajovuzkorlik hamda rang-baranglik etishmayotgandi. Tan olish kerakki, Sakaev boshchiligida “Andijon” Superligadagi zerikarli jamoalardan biriga aylanib qolgandi. Buning ustiga andijonliklar pastki o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olishmayotgandi. Keyin esa Sakaev o‘rniga vaqtinchalik Jamshid Saidov ishni bajarib turdi. Yaqinda esa “Mash’al”ni 10 yil davomida boshqargan rossiyalik Aleksandr Xomyakov bilan kelishuvga erishishdi. Hozircha uning boshchiligida g‘alaba, durang va mag‘lubiyat ham bo‘ldi. Taktik jihatdan tajribali hisoblangan Aleksandr Andreevichga vaqt kerak va unga oxiriga qadar ishonish lozim. Shuningdek, yozgi tanaffus chog‘ida tarkibni ham o‘zgartirishi kutilyapti. Ko‘pchilik esa bu safar andijonliklar bosh murabbiylik bo‘yicha yaxshi tanlovni amalga oshirishganini ta’kidlamoqdalar.

Ildar Sakaev

Klub: “Qo‘qon-1912”

Iste’foga chiqarildi: No‘’mon Hasanov

Sabab: muvaffaqiyatsiz o‘yinlar

Qachon kelgan: 2016 yil, 11 iyun

Qachon ketgan: 2019 yil, 22 may

O‘rniga kim keldi: Aziz To‘xtaboev (vaqtinchalik)

2016 yilning ikkinchi davrasidan beri jamoaga bosh murabbiylik qilib kelgan No‘’mon Hasanov salkam uch yillik faoliyatidan keyin “Qo‘qon-1912”ni tark etdi. Bunga esa muvaffaqiyatsiz o‘yinlar sabab bo‘ldi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, Hasanov boshchiligida qo‘qonliklar stadion maydoni yangilangani bois bu yil o‘z maydonida umuman ishtirok etishmadi va barcha bellashuvlar asosan safarda o‘tkazildi. Tabiiyki, bunday paytda har qanday murabbiyga ham og‘ir bo‘lishi shubhasiz. Balki unga yana biroz vaqt berilsa maqsadga muvofiq bo‘larmidi. Hech bo‘lmaganda birinchi davra oxiriga qadar o‘z ishini yakunlab qo‘yishiga imkon berilsa ham zarar qilmasdi. Chunki hozirgacha uning o‘rniga rasman yangi bosh murabbiy tayinlangani yo‘q. Aziz To‘xtaboev esa vaqtinchalik ushbu lavozimda ishlab turibdi. Lekin u hali jamoani mustaqil ravishda boshqara oladigan darajada emas. Balki yaqin orada jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan murabbiyning nomi ma’lum bo‘lib qolar. Nima bo‘lganda ham “Qo‘qon-1912” birinchi davrada boy berilgan ochkolar o‘rnini endi ikkinchi davrada imkon qadar to‘ldirishi talab etiladi.

No‘’mon Hasanov

Klub: “Lokomotiv”

Iste’foga chiqarildi: Andrey Fyodorov

Sabab: “Dinamo”ga boy berilgan o‘yin

Qachon kelgan: 2018 yil, 18 aprel

Qachon ketgan: 2019 yil, 22 iyun

O‘rniga kim keldi: Samvel Babayan

“Lokomotiv”da ham bosh murabbiy o‘zgarishi oldindan kutilayotgandi. Hammasi oldindan taxmin qilingan reja asosida sodir bo‘ldi. Aslida “Lokomotiv”ning Osiyo Chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmagani Fyodorovga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgandi. Shundan keyin uning o‘rniga Samvel Babayanning tayinlanishi kutilayotgandi. Lekin bu o‘zgarish biroz cho‘zildi. Natijada Andrey Fyodorovga yana bir imkon berilgandek tasavvur uyg‘ongandi. Superligadagi g‘alabalar uning iste’fosini cho‘zdirib kelayotgandi. Ammo birgina mag‘lubiyat tufayli hammasiga nuqta qo‘yildi. Samarqandda “Dinamo”ga imkoniyat boy berilganidan keyin shu zahoti klub rahbarlari uni iste’foga chiqarishib, Samvel Babayanni bosh murabbiylikka tayinlashdi va bu yuqorida aytganimizdek, kutilgan o‘zgarish bo‘lib chiqdi. Tabiiyki, Fyodorovning ketishiga sabab sifatida “Dinamo”dan uchralgan mag‘lubiyatni keltirish aslida biroz erish tuyulishi mumkin. Ammo shu kuni boshqa raqibga yutqazgan taqdirda ham Andrey Vitalevich ketishi aniq edi. Chunki boya aytilganidek, hammasi shunga qarab ketayotgandi va bitta mag‘lubiyat tufayli ishdan bo‘shashi kutilayotgandi. Nihoyat, Babayan yana katta sahnaga qaytdi. U turli qiyinchiliklarni engib o‘tganini ham aytish joiz. U bosh murabbiy etib tayinlangach, jurnalistlar bilan alohida matbuot anjumani ham tashkil etdi. Odatda, biror-bir jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlansa, uning ishtirokida matbuot anjumanlari uyushtirilganiga guvoh bo‘lmasdik. Lekin Babayan bundan farqli o‘laroq ishni jurnalistlar bilan uchrashish orqali boshladi. Qolaversa, u “Loko”dagi debyutini ham g‘alaba bilan boshladi.

Andrey Fyodorov

Klub: “Navbahor”

Iste’foga chiqarildi: Andrey Kanchelskis

Sabab: ketma-ket to‘rtta o‘yindagi durang

Qachon kelgan: 2018 yil, 7 oktyabr

Qachon ketgan: 2019 yil, 22 iyun

O‘rniga kim keldi: Deyan Jurjevich (Serbiya)

“Navbahor”da kutilmagan o‘zgarishlar ko‘p bo‘lib turadi. Rossiyalik taniqli shaxs – Andrey Kanchelskis “Navbahor” jamoasiga o‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon bosh murabbiylik qilib kelayotgandi. Bu yil esa jamoa oldiga chempionlik vazifasi qo‘yilgandi. Lekin haqiqatga tik boqishni ham o‘rganaylik, bugungi kunda qaysi jamoa chempionlik uchun munosib ekanligini ko‘rsatib kelyapti? Bu albatta “Paxtakor”. Bu klub ayni kunda chempionatimizdagi har tomonlama birinchi raqamli jamoaga aylandi. Xo‘sh, “Navbahor”da shunday xususiyat bormi? Albatta, bu jamoaning qo‘rqmasdan chempionlik uchun kurashishga qo‘shilgani maqtovga sazovor. Biroq bir jihatni ham tan olish kerakki, chempionlik uchun kurashayotgan jamoada hamma ishlar shunga monand ravishda bo‘lishi lozim. Kanchelskis olib kelindimi, unga oxirigacha imkoniyat berish maqsadga muvofiq bo‘lardi, bizningcha. To‘g‘ri, chempionlik uchun kurashayotgan jamoaning ketma-ket to‘rtta uchrashuvda durang o‘ynagani yakunda o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Lekin shuni ham unutmaslik lozimki, ular yutqazishgani ham yo‘q. Shuningdek, rossiyalik murabbiyning ishdan olinishi ham bizningcha biroz tushunarsiz bo‘ldi. “Buxoro”ga qarshi uchrashuvga bir kun qolganida iste’foga chiqarildi. Uning ishdan bo‘shashi aniq bo‘lsa, unda nega Olmaliqdagi durang qayd etilgan o‘yindan keyinoq iste’foga chiqarishmadi? Ochig‘i, shu vaziyat tushunarsiz bo‘ldi. Qolaversa, vaziyatga real qarasak, “Navbahor”ning sovrinli o‘rinlardan joy olishi ham aslida katta gap. Xo‘sh, yangi kelgan Deyan Jurjevichdan qanday karomat kutishimiz mumkin? Uni “Paxtakor” va milliy terma jamoamizdagi faoliyati orqali bilamiz. Lekin shunisi aniqki, uni Namanganda oson bo‘lmaydigan ish faoliyati kutib turibdi. Qolaversa, natija ustivor vazifaga aylangan klubda ishlash ham katta bosimni keltirib chiqaradi. Kanchelskis misolida ko‘rdikki, “Navbahor”da yo‘qotilgan ochkolar kechirilmaydi. Jurjevich ham jamoaga o‘zining o‘yin uslubini to‘la-to‘kis moslashtirishi uchun ham vaqt kerak va ana shu moslashish jarayonidagi paytda qandaydir ochkolar yo‘qotilishi ham mumkin. Shunday ekan, rahbariyat va muxlislar bunga sabr qila olisharmikin? Hammasiga vaqt oliy hakam.

Andrey Kanchelskis

Klub: “Surxon”

Iste’foga chiqarildi: Andrey Miklyaev

Sabab: noma’lum

Qachon kelgan: 2019 yil, 15 fevral

Qachon ketgan: 2019 yil, 26 iyun

Uning o‘rniga kim keldi: Baxtiyor Ashurmatov

Yaqinda “Buxoro”dan ketgan murabbiy qisqa fursat ichida o‘ziga yangi jamoa topa oldi. To‘g‘ri, Ashurmatov talabchan murabbiy. Lekin bizni o‘ylantirayotgan jihati shundaki, “Surxon” o‘z maydonida “Bunyodkor”ni 2:0 hisobida mag‘lub etganidan keyin bosh murabbiy Andrey Miklyaev iste’foga chiqdi. Buning ustiga termizliklar turnir jadvalida 3-o‘rinda edilar. Xo‘sh, o‘zingiz bu vaziyatda nimani o‘ylayapsiz? Shubha yo‘qki, Miklyaevning ketishi uchun biror-bir arzirli sabab bo‘lsa kerak. Aks holda hamma ishlar yaxshi ketayotgan bir paytda murabbiyini ishdan bo‘shatish mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Buning ustiga “Surxon” klubi ham murabbiy o‘zgarishi borasida Miklyaevning nima uchun iste’foga chiqarilganligining aniq sabablari keltirib o‘tilmagan. Faqat uni boshqa lavozimga o‘tishi borasida xabarlar yo‘q emas. Ashurmatovda esa boshqaradigan klublari soni yana bittaga ko‘paydi. U oldingi xato va kamchiliklaridan to‘g‘ri xulosalar chiqargan deb umid qilamiz. Endi 3-o‘rindagi “Surxon”ni qabul qilib olib, jamoadagi barqarorlikni saqlab qolar olarmikin? Aksiga olib, uning debyuti omadsiz chiqib, Qarshida “Nasaf”ga yutqazishdi.

Andrey Miklyaev_1

«Paxtakor», «Nasaf», «Bunyodkor», «Dinamo», «Qizilqum», «Metallurg» va OKMK klublarida murabbiylar o‘zgargani yo‘q. Ammo ularning orasida kursisi qimirlab qolgan mutaxassislar ham yo‘q emas. Misol uchun Mirjalol Qosimovning OKMKdagi ishlari yaxshi emas. Yaqinda o‘zi ham iste’foga chiqishga tayyorligi haqida aytgandi. Lekin oxirgi uchta uchrashuvda uning jamoasi ikki durang va bir g‘alaba qozonib, mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda. Umuman olganda, Superligada ishlayotgan murabbiylar orasida Ro‘ziqul Berdiev alohida ahamiyatga ega. Boisi, “Nasaf” bosh murabbiyi bir jamoada uzoq vaqt ishlab kelayotgan murabbiy bo‘lib turibdi. Lekin boshqa jamoalardagi vaziyat boshqacha. Murabbiylar qo‘lqopdek almashtirilyaptiki, bu borada klublar xuddi kim o‘zarga o‘ynashayotgandek tasavvur uyg‘onadi...  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Dima Muratov
03/07/2019 21:12
Ruzi akani xech qayirga quyib yubormaymiz.
&
Nurilloh
03/07/2019 21:12
Качон карасангмураббий айбдор олдин фундамендни яхшилап куйиш керак яни болалар футболини кутариш керак шунда мураббий ни ищи куринади акс холда суперлигада факат пулни уйлидиган уйинчила б. Н хеч нарса килип булмайди
&
Surxon turon
03/07/2019 20:44
Сурхон ашурматди обкеб хато қилди унда мураббийлик қобилят йӯқ деб ӯйлаяпман