
Legionerimiz birinchi turda tengsiz bo‘ldi!
Xabaringiz bor, 2 mart kuni Qozog‘iston chempionati start oldi.
Bu mavsum bir necha legionerlarimiz, xususan, o‘tgan ikki mavsumni "Ordabasi"da o‘tkazgan Shahboz Umarov, "Paxtakor" markaziy yarim himoyachisi Behruz Asqarov, "Metallurg" himoyachisi Odilbek Abdumajidov va "Neftchi" a’zosi Xurshid Muxtorovlar 2025 yilni "Turon"da boshlashdi.
Ilk turda turkistonliklar "Okjetpes" bilan o‘ynadi va 2:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu bellashuvda terma jamoamiz a’zosi Shahboz Umarov yangi jamoasida katta sahnaga chiqib, o‘zini ko‘rsata oldi. Legionerimiz dastlab, 31-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 70-daqiqada Luka Zgurskiyning goliga assistentlik ham qildi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
Bundan tashqari, Umarov Qozog‘iston chempionati birinchi turida eng yuqori ballni oldi. Uning harakatlari 9,6 ballga loyiq ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, "Turon" navbatdagi uchrashuvni 9 mart kuni safarda "Aktobe"ga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar