
Legionerimiz: Bu zo‘r jamoa ekan!
10 iyul kuni Rossiya Milliy futbol ligasining yangi mavsumi start oladi. O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari yangi mavsumda “Nefteximik” va “Baltika” jamoalariga muxlislik qiladi. Chunki nijnekamskliklar safida Vagiz Galiulin sardorlik qilsa, Vitaliy Denisov Kaliningrad shahri jamoasi sharafini himoya qiladi.
Aytish joizki, har ikki klub oldiga yuqori maqsadlar qo‘yilgan. “Nefteximik” ham, “Baltika” ham Premer-ligaga chiqish uchun kurashishi kutilmoqda.
66-mavsumini o‘tkazayotgan “Baltika” yangi mavsumga Moskvada tayyorgarlik ko‘rdi. Moskva hamyurtimiz Vitaliy Denisov uchun begona emas. Mashhur himoyachimiz faoliyatining eng yorqin lahzalarini Moskva klublari safida o‘tkazgan. Xususan, TsSKA tarkibida ikki marta Rossiya kubogi va bir bor UEFA kubogi sohibi bo‘lgan.
“Lokomotiv” bilan Rossiya chempionati oltin va bronza medallari va ikki bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan.
Vitaliy Denisov “Baltika”ga kelgunicha Rossiyaning TsSKA, “Lokomotiv”, “Spartak Nijniy Novgorod”, “Krilya Sovetov”, “Rubin”, “Rotor” va “Tom”, Ukrainaning “Dnepr” kabi jamoalari sharafini himoya qilgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasida jami 72 ta uchrashuv o‘tkazib, bitta gol ham urgan.
O‘tgan mavsumdan so‘ng, “Baltika”ni o‘n nafar futbolchi tark etgan edi. Ularning o‘rnini oltita yangi o‘yinchi to‘ldirdi. Shular qatorida “Tom” sardori bo‘lgan Vitaliy Denisov ham erkin agent sifatida Kaliningradga keldi. Denisov ushbu jamoa bilan "1+1" ko‘rinishidagi shartnomani imzoladi.
“Baltika” Moskvadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida to‘rtta nazorat uchrashuvini o‘tkazib, shulardan uchtasida zafar quchdi. Vitaliy Denisovning nazorat bahslaridagi harakati mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Hamyurtimiz “Baltika” o‘yin uslubiga tez moslashdi va himoya chizig‘ini sezilarli darajada kuchaytirdi.
O‘zbekistonlik legioner mahorat ko‘rsatgan o‘yinlarda kaliningradliklar “Spartak-2”ni 4:0, “Rotor”ni 2:1, “Torpedo”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bitta o‘yinda premer-liga vakili “Ufa”ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Vitaliy Denisovga ham yangi jamoasi har tomondan ma’qul keldi.
- Kaliningrad jamoasi menda zo‘r taassurot uyg‘otdi. Hatto o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini, chempionatga tayyorgarlik jarayoni ham yuqori saviyada tashkil etilgan. O‘yinchilarning intizomiga qattiq e’tibor berilyapti. Oldimizdagi vazifa maksimum natijalarni qayd etish, - dedi Vitaliy Denisov.
“Baltika” o‘zbekistonlik futbolchilar uchun tramplin vazifasini o‘tagan jamoa hisoblanadi. O‘z vaqtida, O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng zo‘r to‘purari hisoblangan Maksim Shatskix 1998-1999 yillarda Kaliningrad jamoasi sharafini himoya qilib, 19 ta uchrashuvda beshta gol urganidan keyin Kievning “Dinamo”siga o‘tib ketgan edi.
Shuningdek, Rossiya chempioni bo‘lgan Andrey Fyodorov ham 1999 yilda kaliningradliklar safida 14 ta o‘yinda ishtirok etgan va aynan shu jamoadan o‘zining yulduzli onlari o‘tgan “Rubin”ga yo‘l olgan.
Rossiyada o‘ynagan o‘zbekistonlik futbolchilar orasida eng ko‘p sovrindor bo‘lgan Vitaliy Denisovning yangi jamoasi birinchi tur uchrashuvini 10 iyul kuni safarda “Fakel”ga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar