Lempardning “Chelsi” futbolchilari uchun shafqatsiz jazolari
Yozda Lempard “Chelsi”ning murabbiylik postiga kelgach, qat’iy qoidalarni ishlab chiqdi. Mavsum boshidayoq klub bazasida jarimalar ro‘yxati yozilgan edi va tagiga Frenkning imzosi qo‘yilgandi.
Eng katta jarima 20.000 funt bo‘lib, bu mashg‘ulotga kechikkan futbolchilardan undiriladi. Bu jarima faqatgina hamma yig‘ilishi majburiy bo‘lgan mashg‘ulotlarga kechikish uchun olinadi. Bu 1 soat kechikish uchun. Keyingi har 15 minutga 2500 funt qo‘shilib boraveradi. Yana bir jarima mashg‘ulotoldi tayyorgarlik ko‘rish uchun zalga kelmaganlikka undiriladi. Bu 1000 funtni tashkil etadi.
Ikkinchi jarima 10.000 funt bo‘lib, bu futbolchi o‘zini yomon his qilayotganini aytmasa yoki kela olmasligini mashg‘ulotlar boshlanishidan bir yarim soat oldin aytsa olinadi.
Agarda futbolchi jamoadoshlari bilan bir avtobusda emas boshqa mashinada ketsa va bu haqida murabbiyni ogohlantirmasa 5 ming funt jarima to‘laydi. Jamoaviy yoki xayriya tadbirlariga qatnashmaslik ham xuddi shuncha jarima to‘lashga olib keladi.
Tibbiy ko‘rikka kechikkan futbolchilar 2,5 ming funt jarimaga tortiladi, oshxonada yoki jamoaviy yig‘ilish paytida telefon jiringlasa ming funt to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Agarda futbolchilar klub bazasida jamoa formasida yurishmasa ming funt to‘lashadi. Jamoaviy majlisga kech qolgan esa 500 funt to‘lashi kerak bo‘ladi.
Jarimalar ikki hafta ichida to‘lanishi shart. Aks holda jarima 2 baravarga ortadi. To‘lanayotgan jarimalarni shaxsan Lempardning o‘zi va yordamchilari kuzatib borishadi. Barcha pullar jamoa tadbirlari va xayriya ishlariga sarf qilinadi.
Lempard jamoadagi yoshi katta futbolchilar haqida: “Shubhasiz, yoshi katta futbolchilarda mas’uliyat bo‘ladi. Chunki yosh futbolchilar ularning harakatlaridan o‘rnak olishadi va ularga o‘xshashga intilishadi. Men diktator bo‘lmoqchi emasman, lekin tajribali futbolchilardan iltimos qilardimki, har bir ishga mas’uliyat bilan qarashlarini” – degan edi.
Jamoa yana bir qancha qoidalarni ishlab chiqdi:
- Futbolchilar aniq bir vaznda bo‘lishi kerak va ortiqcha vazn to‘plamasliklari kerak. Agarda bu qoida buzilsa jarimaga tortiladi.
- Agentlar klub bazasiga kiritilmaydi. Qachonki, rasmiy ishlar bilan kelishsagina bazaga kiritilishi mumkin.
- Oshxona mashg‘ulotlar boshlanishidan 1 soat oldin yopiladi. Agarda kechiksang va nonushta qilolmagan bo‘lsang, bu sening muammoing.
- Dam olish kunlari futbolchilar qaergadir boradigan bo‘lishsa, bu haqida rahbariyatni ogohlantirib qo‘yishlari kerak. Bu qoida bevositda doping-ofitserlarga bog‘liq hisoblanadi.
Lempard jamoada o‘ziga xos qoidalarini o‘rnatdi va jamoa ham shunga ko‘nikkan holda harakat qilyapti. Balki, qoidalar qat’iy tuyular, ammo bu hammasi jamoa foydasiga ishlaydi. Zero, tartib bor joyda o‘sish bo‘ladi.

Fikrlar