
Lomachenko-Lopes jangidagi natija adolatlimi? O‘zbekistonlik boks mutaxassislari javob berdi
AQShning Las-Vegas shahridagi "MGM Grand" arenasi katta professional boks oqshomiga mezbonlik qildi. Uning markaziy jangida engil vazn (61,2 kg) toifasida WBC Franchise, WBO va WBA Super chempionlik kamarlari sohibi ukrainalik Vasiliy Lomachenko va IBF yo‘nalishi chempioni Teofimo Lopes kamarlarni birlashtiruvchi jangda to‘qnash keldi.12 raundlik jang to‘liq davom etdi va kutilmaganda Teofimo Lopes 116-112, 119-109, 117-111 hisobida g‘alaba qozonib, to‘rtta kamar sohibiga aylandi. Mazkur jang butun jahonda turli tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda. Ya’ni, bu to‘qnashuvdagi hakamlarning noxolisligi borasida bong urilmoqda.
Biz ham ushbu jang to‘g‘risida yurtimizdagi boks mutaxassislarining fikriga quloq tutdik. Quyida ularning mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.
Zufar Sulaymonov – murabbiy
- Aslida, bu durangga loyiq jang bo‘ldi. Jangning birinchi yarmi Lopesning ustunligida o‘tdi. Lekin u qadar ko‘p aniq zarbalar yo‘llay olgani yo‘q. Lomachenkoda aniqlik borasida natija yaxshi edi. Lekin hakamlarning qaroriga tushunmadim. Agar, revansh jang o‘tkazilsa, ukrainalik bokschining katta ustunlik bilan yutishiga shubha qilmayman.
Mars Qo‘chqorov – murabbiy
- To‘g‘risi, Lomachenkoning jangni birinchi yarmini Lopesga taqdim etishini taktik holat, deb tushungandim. U raqibni o‘rganishga ko‘proq raundlarni sarf qilib yubordi. O‘sha 6 va 7- raundlardagi kabi harakatlarini dastlabki raundlardanoq boshlaganda, boshqacha jang bo‘lardi. Shunday bo‘lsa-da, Lomachenkoning zarbalari Lopesnikiga qaraganda aniqroq bo‘ldi. Shaxsan o‘zim 8 yoki 9-raundda hisoblaganimda Lomachenkoning 11 ta zarbasi aniq yo‘llandi. Lopesniki esa, uch bora aniq etib bordi. Hakamlarning qaroriga qarang, bittasi 116-112, yana biri 119-109, boshqasi esa 117-111 natijani ko‘rsatyapti. Menimcha, bu hakamlar butunlay boshqa jangni kuzatishgan yoki ularni Lopesga bo‘lgan hurmati yuqori darajada ekan. Yakuniy fikr bildiradigan bo‘lsam, jang teng kurashlar ostida kechgandek bo‘ldi, lekin aniqlik Lomachenkoda edi. To‘g‘ri, hakamlar bizga qaraganda yaqinroq o‘tiradi va ehtimol biz ko‘rmagan holatlarni payqagan bo‘lishlari mumkin. Shunday bo‘lsa-da, 119-109 berilishi mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Endi, revanshni kutamiz. Agar tomonlar kelisha olsa, Lopes tomoni rozi bo‘lsa, bu jang yanada qiziq bo‘ladi. Agar, amalga oshsa, jang oxiriga etmay, Lomachenkoning g‘alabasi bilan tugaydi.
Abror Tursunpo‘latov – murabbiy
- Lomachenko bu jangda yutqazmadi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. U ehtiyotkorlikni birinchi o‘ringa qo‘yib, o‘z vaqtini bir raund ko‘proq kutib yubordi va so‘nggi raundda ham imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shuning evaziga Lopesga g‘alaba yozildi, deb o‘ylayman. Vaholanki, kamida durang berishi kerak edi.
To‘lqin Qilichev – murabbiy
- Natija adolatli bo‘ldi, deb o‘ylayman. 7 raund Lopes ustunlik qilgan bo‘lsa, 5 raund Lomachenko yutdi. Albatta, bu shaxsiy fikrim... Lomachenkoni so‘nggi raundlarga qadar tempni davom ettiradi, deb o‘ylagandim. Biroq Lopes 12 –raundda o‘ziga kela oldi va jang taqdirini hal qildi. Qolaversa, boshlang‘ich raundlarda Lopesning zarbalari xavfli va aniqroq bo‘ldi. Menimcha, bu vazn toifasi Lomachenko uchun emas. U dastlabki vaznini uch marta yuqoriga ko‘targan bokschi hisoblanadi. Shuning uchun gavda tuzilishi jihatidan ham Lopesdan biroz kichiklik qildi. Shuningdek, yosh ham o‘z so‘zini aytdi. Lopesdagi ishtiyoq kuchlilik qildi.
Sardor Rahimov – jurnalist
- Lomachenko-Lopes... Natija adolatli bo‘ldi. Bu jangda Lopes g‘alaba qozondi. To‘g‘risi, Lomachenkoni unchalik taniy olmadim. So‘nggi raundlarda biroz o‘zini ko‘rsatdi. Lopes taktik jihatdan juda to‘g‘ri harakat qildi. U dastlabki raundlardanoq ring markazini egallab oldi va Lomachenkoni yaqinlashishiga, kombinatsiyalar amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymadi. Lopes faoliyati mobaynida 12 raundlik janglarni juda kam o‘tkazganligini inobatga olib, qolaversa, jangning ikkinchi yarmida ukrainalik bokschining tezlasha olishini va o‘zining jismoniy holatini o‘ylab, bahsning yarmidan boshlab, qorin va jigar qismiga zarballar yo‘llay boshladi. Ya’ni, Lomachenkoni harakatsizlantirishni maqsad qildi. Lomachenko ishini boshladi, ammo bu ishga sal kechroq qo‘l urdi. Deyarli 8-raunddan keyin o‘zini kuchini ko‘rsatishga harakat qildi. Lekin kech edi. Chunki, Lopes ishini qilib bo‘lgandi. Lomachenko jangga qanchalik tayyor ekanligini bilmadim. Biroq Lopes juda zo‘r tayyorlangan ekan. Xullas, bu to‘qnashuvda yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek Lopes g‘alaba qozondi.
Jahongir Qurbonov – murabbiy
- Jang adolatli bo‘ldi. Albatta, Lopes g‘alaba qozondi. U Lomachenkoning ustun va zaif tomonlarini o‘rganib chiqqan va undan unumli foydalana oldi, deb o‘ylayman. Boksda har doim ham bosim ish beravermaydi. Aql bilan ishlash kerak. Bu meni shaxsiy qarashlarim...
Fikrlar