Maguayr: Ronaldu va gol so‘zlari har doim yonma-yon yuradi
"Manchester Yunayted" himoyachisi va sardori Garri Maguayr hujumchi Krishtianu Ronalduning mankunianliklar klubiga qaytishi haqidagi savolga javob qaytardi. Shuningdek, u 37 yoshli portugaliyalikning ketishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarga izoh berdi.
"Gol va Ronaldu so‘zlari har doim yonma-yon yuradi. Krishtianu — ajoyib xarakterga ega futbolchi. Uning "Manchester Yunayted"da bo‘lishi jamoa uchun foydali.
Matbuot ko‘plab mish-mishlar tarqatmoqda. Krishtianu ham bunga tez-tez duch keladi. Uning har qanday harakati muxlislar tomonidan diqqat bilan o‘rganiladi. Agar yaxshi harakat qilsangiz maqtov eshitasiz, aksincha bo‘lsa tanqidlar ostida qolasiz. Bu — futbol”, - deya Maguayrning so‘zlarini keltiradi “Sky Sports” nashri.
7 avgust, yakshanba kuni “Manchester Yunayted” Angliya Premer ligasining 1-tur doirasida “Brayton”ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi. O‘yin Manchesterdagi "Old Trafford" stadionida bo‘lib o‘tadi.

Fikrlar