“Manchester Siti” qishda himoyani mustahkamlaydi
Angliya Premer-ligasining dastlabki uchrashuvlarida Xosep Gvardiola jamoasida o‘ng qanot himoyasi eng nozik nuqta ekani ko‘rinib qoldi.
Endi bu pozitsiyada o‘ynab kelayogan Mateush Nunesh va Riko Lyuis bor mahoratlarini ishga solib, asosiy tarkibdagi o‘rni uchun kurashishiga to‘g‘ri keladi.
Manchester Evening News nashrining ma’lum qilishicha, Xosep Gvardiola qishki transferlar oynasi ochilishi bilan o‘ng qanot himoyasiga boshqa o‘yinchi olib kelishni mo‘ljallayapti.
Manbaga ko‘ra, “shaharliklar” bu pozitsiyani mustahkamlash uchun yana Tino Levramento nomzodiga qaytgan. Manchesterliklar yozda ham Tinoga qiziqish bildirgan edi.
Aslida “Chelsi” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 22 yoshli futbolchi 2021 yili “aristokratlar” safini tark etib, “Sautgempton”ga qo‘shilgan edi. Livramento 2023 yilning yozida “Nyukasl Yunayted” taklifini qabul qilib, hozirga qadar shu jamoada o‘ynayapti.
Transfermarkt portali ekspertlari har ikki qanotda o‘ynay oladigan Livramentoni 40 million evroga baholagan.
Eslatib o‘tamiz, asli markaziy himoyachi bo‘lgan Abduqodir Husanov ham har ikki qanotda ishonchli harakat qila oladi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Xosep Gvardiola qishki transferlar oynasi ochilgunga qadar ayrim uchrashuvlarda o‘zbek legionerini o‘ng qanot himoyasida o‘ynatishni mo‘ljallayapti.

Fikrlar