"Manchester Yunayted" 3 barobar arzon futbolchi uchun 100 million to‘ladi. Rahbariyat butunlay aqldan ozganmi?

  • 31 avgust, 2022, 18:27
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

"Manchester Yunayted" transfer oynasining so‘nggi kunlarida juda bahsli xaridni amalga oshirdi. Braziliyalik vinger Antoni "Ayaks"dan "qizil iblislar" safiga o‘tdi. Ingliz klubi bu transfer uchun 100 million evro sarfladi va bu jamoa tarixda ikkinchi eng qimmatga xaridga aylandi - Pol Pogba (105 million evro).

Ko‘plab mutaxassislarning fikricha, mankunianliklar futbolchi uchun ortiqcha summa to‘lagan. Boisi, 22 yoshli Antoni “Transfermarkt” tomonidan deyarli 3 baravar arzon - 35 million evroga baholangan. Futbolchining statistikasi ham juda maqtaladigan darajada deb bo‘lmaydi - 33 o‘yinda 12 ta gol va 10 ta golli uzatma. "Manchester Yunayted"ni bunday pul to‘lashga nima majbur qildi, rahbariyat nega arzonroq variantlarni ko‘rib chiqmadi? Buning bir qancha sabablari bor va hozir biz sizlar bilan shuni tahlil qilib chiqamiz.

1-sabab. Bosh murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi munosabat

Vaqt "Manchester Yunayted"ga qarshi ishladi. "Ayaks" vaziyatni nazorat qildi va mankunianliklarga keskin rad javobini berishga shoshilmadi. Amesterdamliklar o‘zi uchun kerakli miqdorni olishi kerak edi. Antoni uzoq vaqtdan beri "Manchester Yunayted" uchun ustuvor maqsad bo‘lib kelgan va buni niderlandiyaliklar ham yaxshi bilishadi. Shu bois, klub futbolchining narxini tushirmadi. “Ayaks”ni hech narsa cho‘chitmas edi: ular vingerni tarkibda qolishiga qarshi emas va keyingi mavsum ham katta miqdordagi pulga sotishiga ishonchi komil edi.

Nega MYu Antonini sotib olish fikridan voz kechmadi? Avvalo, u Erik ten Xag sinovidan o‘tgan futbolchi edi va murabbiy braziliyalikni o‘z jamoasida ko‘rishni istadagani sababli. Bu juftlik "Ayaks"da birgalikda juda samarali mavsum o‘tkazdi. Futbolchi ten Xag qo‘l ostida yaxshi o‘yinlar namoyish etdi. Qolaversa, Antonining Chempionlar Ligasida ko‘rsatgan ajoyib fintlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilindi.

Ten Xag o‘zining taktik sxemasida o‘ynash uchun jamoani imkon qadar tezroq tuzishni xohlayotganini bir necha bor aytdi. Antoni esa bu tizimga tezda moslashishi kerak, chunki u murabbiyning barcha ko‘rsatmalarini yaxshi biladi va ushbu sxema doirasidagi o‘zining aniq rolini biladi.

"Manchester Yunayted" “Ayaks”ning yana bir himoyachisi Lisandro Martines uchun ham katta pul to‘lagani bejiz emas. Uning uchun to‘langan 57 million evro haddan tashqari qimmatga o‘xshab ko‘rinadi (“Transfermarkt” Martinesni 32 millionga baholagan). Ayniqsa argentinalik futbolchining bo‘yini hisobga olsak: 175 sm – Premer ligadagi markaziy himoyachi uchun juda past ko‘rsatkich. Ammo Martines tezda "Manchester Yunayted" o‘yiniga moslashib ketdi va klub sardori Xarri Maguayrni zaxiraga “mixladi”. Demak, Antonining ham tarkibga moslashishi uchun ortiqcha vaqt kerak bo‘lmaydi. Bu esa inqirozdan tezroq chiqib, g‘alabalar sari dadil odimlashni maqsad qilgan "Yunayted" uchun juda muhim.

2-sabab. Futbolchining imkoniyatlari yuqori

“Transfermarkt” nashridagi narx juda sub’ektiv. Ha, Antoni ayni damdagi darajasi bilan 100 million evroga arzimaydi, ammo “Yunayted” tomonidan bu kelajak uchun kiritilgan sarmoya. Braziliyalik futbolchi endigina 22 yoshda va o‘sish uchun katta imkoniyatlarga ega.

Ha, uning o‘tgan mavsumdagi o‘yini juda ham hayratlanarli emas. Lekin birinchidan, Antoni Chempionlar ligasida jiddiy raqiblarga qarshi o‘yinlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi (7 o‘yinda 2 ta gol va 4 ta golli uzatma), ikkinchidan, u jamoa uchun juda ko‘p foydali ishlarni amalga oshira oladi, jumladan, to‘psiz ham yaxshi o‘ynay olish qobiliyatiga ega. Bu esa APL klublari uchun juda kerakli narsa.

Iste’dod, yosh va ten Xag qo‘l ostida o‘sish - "Manchester Yunayted" yangi kelgan futbolchi uchun to‘lagan narxning asosiy tarkibiy qismi shundan iborat.

3-sabab. Jamoaning hujum chizig‘ining yaxshilanishi

Ten Xag qo‘l ostida "Manchester Yunayted" 4-2-3-1 sxemasida o‘ynaydi. Ayni dam mankuninaliklarda bu  tizimni yo‘lga qo‘yish uchun etarli futbolchi yo‘q.

Antonining kelishi bu muammoni hal qiladi. U o‘ng qanotdan yaxshi dribling amalga oshiradi va bu mazkur pozitsiyada qiyinchilikka duch kelgan Sanchoga o‘zi uchun sevimli bo‘lgan chap qanotiga o‘tish imkonini beradi. Agar Ronaldu ketsa, Reshford o‘zi yoqtirgan pozitsiyasida, hujum markazida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, ten Xag jamoasida istalgan payt old chiziqni kuchaytira oladigan Marsyal, shuningdek, yosh vingerlar Elanga va Diallo bor.

Shunday qilib, Antoni kuchayishi kerak bo‘lgan pozitsiyaga mutlaqo ideal nomzodga aylandi. Qolaversa, braziliyalikning harakati ro‘yxatdagi hujumkor o‘yinchilardan yaxshiroq foydalanish imkonini beradi. Anglaganingizdek, klubning asosiy maqsadi — talablariga javob beradigan yosh hujumchilar guruhini yaratish. Bu o‘zini qanchalik oqlaydi, yaqin vaqt ichida guvohi bo‘lamiz. “Manchester Yunayted” bunday transfer uchun 100 million sarflashga qodir. Boisi, ingliz klubi qanday daromad olish yo‘llari yaxshi biladi.

 

Jamshidbek Mahmudov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!