“Manchester Yunayted” Ronaldudan umid uza olmayapti
"Manchester Yunayted" hujumchisi Krishtianu Ronaldu “qizil iblislar”ning mavsumoldi yig‘inga hali qo‘shilmadi. Biroq ingliz klubi rahbariyati 37 yoshli portugaliyalik tez orada jamoa mashg‘ulotlariga kelishidan umid qilmoqda, deb xabar beradi “Sky Sports” nashri.
Ronaldu yaqinda agenti Xorxe Mendeshdan o‘ziga yangi klub topishni so‘radi. Krishtianu bu yozgi transfer oynasi vaqtida "Manchester Yunayted"ni tark etmoqchi. Ayni paytda mankunianliklar futbolchini o‘z tarkibda saqlab qolish uchun harakat qilmoqda.
Oldinroq Ronaldu shaxsiy/oilaviy muammolar tufayli “Manchester Yunayted”ning Tailand va Avstraliyaga bo‘ladigan safarlarini o‘tkazib yuborishi xabar qilingandi.
O‘tgan mavsumda portugaliyalik futbolchi "qizil iblislar"ning barcha musobaqalar doirasidagi 39 ta o‘yinida maydonga tushib, o‘z hisobiga 24 ta gol va 3 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan. Hujumchining klub bilan shartnomasi 2023 yilning 30 iyuniga qadar amal qiladi.

Fikrlar