"Mash’al"ning qog‘ozdagi bosh murabbiyi! Yoki Zoir To‘raqulov klubda qanday ishni bajaradi?

  • 21 mart, 2020, 06:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligaga qaytgan “Mash’al” klubi dastlabki uchta o‘yinda bittadan g‘alaba, mag‘lubiyat va durang qayd etib to‘rt ochko jamg‘ardi. Tarkibda ayrim legionerlarni hisobga olmaganda qolganlari asosan mahalliy tarbiyalanuvchilardan iborat. Murabbiylar shtabi ham mahalliy kadrlar. Aynan ushbu masala biroz muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ya’ni, klubda rasmiy ravishda bosh murabbiy sifatida Zoir To‘raqulov tayinlangan. Ammo barcha mas’uliyat uning emas, balki Dilyaver Vanievning zimmasida. Sababi esa unda bosh murabbiylik qilish uchun pro litsenziyasi yo‘q, To‘raqulovda esa bor. Shu bois ushbu mutaxassis bilan ayrim masalalarda fikr yuritdik.

Tecno

- Jamoamiz mavsumni yaxshi boshladi, yomon emas, - deb gap boshladi Zoir To‘raqulov. - Tarkibimizdagi ko‘plab o‘yinchilar birinchi marta Superligada o‘ynashyapti. Ammo o‘tgan uchta tur bilan hech nimani hal qilib bo‘lmaydi. Yana bir nechta turlar o‘tganidan keyin jamoalarning imkoniyatlari va kim nimalarga qodirligi ko‘rinadi. Ammo quvontirayotgani shundaki, bu yilgi mavsum biroz qiziqarliroq boshlandi. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, men aynan bu yildan Superliga o‘yinlarini ko‘ryapman. O‘tgan yili esa “Mash’al” akademiyasida ishlaganim sababli bor e’tiborimni yoshlarga qaratgandim.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, barcha mas’uliyat Vanievning zimmasida. Shuning uchun jamoani o‘yinga o‘zi tayyorlayapti, uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanlarida ham o‘zi ishtirok etyapti. Holbuki u rasmiy ravishdagi bosh murabbiy emas. Xo‘sh, bunga Zoir To‘raqulov qanday munosabatda?

- Mening bunga qarshiligim yo‘q. Dilyaver Vaniev bilan ham, Botir Qoraev bilan ham gaplashdim. Har doim klubga qo‘limdan kelganicha yordam berishga tayyorman. Vaniev har safar o‘yinlardan yoki mashg‘ulotlardan oldin men bilan maslahatlashadi, fikrlarim bilan qiziqadi. Masalan, o‘yinlar paytida birinchi bo‘limdan keyin Vanievga o‘zimning fikrlarimni aytaman. Menga yoqqan tomoni shuki, Dilyaver juda intiluvchan. Uning o‘zi ham murabbiy sifatida o‘sishni va jamoaga yordam berishni xohlayapti. Bir so‘z bilan aytganda, barchamiz birgamiz va bir jamoamiz. Asosiy o‘yinga bir-ikki kun qolganida Vanievning o‘zi meni chaqiradi. Vaniev, men va Qoraev uchalamiz o‘tirib o‘yin oldidan muhokama qilamiz. Lekin har qanday holatda ham Dilyaverga oxirgi qarorni o‘zing chiqarasan deb aytganman. U barchamizning fikrlarimizni tinglaydi va oxirida o‘zi yakuniy xulosaga keladi. Unga o‘yinga bir kun qolganida asosiy tarkibni aniqlab olmagin, mashg‘ulot paytida ham hamma narsa bo‘lishi mumkinligini aytdim. Men o‘z vaqtida murabbiylik ishini xuddi Vanievga o‘xshab boshlagandim, bu haqida o‘ziga ham aytganman. 2004 yili “Nasaf”da ishlayotganimda Dilyaverning holatiga tushgandim. Shu bois bu vaziyatning nimaligini bilaman. O‘shanda Bahrom Hakimov ketgandi va jamoani menga ishonib topshirishgandi. Ammo bosim yuqori edi. Bir tomonda muxlislar, ikkinchi tomonda viloyat hokimi...o‘yinlarni esa yutishimiz kerak edi. Shuning uchun bosim katta bo‘lgandi. Ammo biz hozirda “Mash’al”da hamjihatlikda ish olib boryapmiz. Har qanday holatda ham Vanievni qo‘llab-quvvatlaymiz. Albatta, har kimning futbolda o‘ziga yarasha qarashlari va fikrlari bor. Shu ma’noda aytganda, mening, Vanievning va boshqaning o‘z uslubi bor, - deydi To‘raqulov.

zoir aka

Xo‘sh, vaziyat shunday bo‘lsa, u holda Zoir To‘raqulovning “Mash’al”dagi asosiy ishi hamda vazifasi nimalardan iborat? O‘zaro muloqot jarayonida bunga ham oydinlik kiritdik.  

- Dilshod Andaev bilan ikkalamiz U-18 va U-21 jamoalarini ham shakllantiryapmiz. Bundan tashqari, asosiy jamoaga ham yordam berishimni aytishdi. Yana bir quvonarli tomoni shunda bo‘lyaptiki, oldinlari asosiy jamoa alohida bo‘lib, yoshlar bilan kim ishlayapti, nima qilyapti, unchalik ahamiyat berilmasdi. Hozir esa hamma murabbiylar bir-biri bilan yaqin aloqada bo‘lishyapti. “Qizilqum” bilan uchrashuvdan keyin yoshlar jamoamizdagi ikki nafar futbolchini asosiy tarkibga jalb qilishni boshlaymiz. Bu haqida Dilyaver Vaniev bilan gaplashdik. Unga jamoadagi etakchilar qo‘pol munosabatda bo‘lmasdan yoshlarga ko‘mak berishlari nihoyat muhimligini aytdim. Yoshlarimizga aytaman, har joyda ham bir xil futbol o‘ynaladi. Faqat asosiy jamoadagi yuklamalar, vazifalar har xil bo‘ladi. Shunday deymiz-u, baribir bunday yoshlarda asosiy jamoaga qo‘shilishayotganida qo‘rquv yoki hayajon bo‘ladi. Ammo endi futbolchilarga majburiy ta’til berdik. Jamoa o‘yinini endi-endi joyiga qo‘yayotgandik. Shuningdek, klub ijrochi direktori Ilhom Qurbonovga ham rahmat aytmoqchiman. U barcha yoshdagi jamoalarga etarlicha sharoitlarni yaratib beryapti. 2001 va 2002 yillar tug‘ilgan futbolchilarimizga ham oylik maosh to‘layapti. Ammo bunday yoshdagi yigitlar allaqachon asosiy jamoada o‘ynashlari kerak edi. Biz hozir mana shu tomondan biroz orqada qolib ketyapmiz.

Barcha mas’uliyat Dilyaverning zimmasida bo‘lganidan keyin natijaga ham faqat u javob berishi rahbariyat tomonidan aytilgandi. Ammo qog‘ozdagi bosh murabbiy Zoir To‘raqulov bilan muloqotimiz jarayonida bu holatni biroz boshqacharoq ifodaladi.

- Biz hammamiz bitta jamoada ishlayapmiz. Natijaga esa birgina Vanievning o‘zi javob bermaydi. U erda Ilhom Qurbonov, Vaniev, men va Botir Qoraevga ham katta mas’uliyat yuklangan. Masalan, “Qizilqum” bilan uchrashuvdan keyin ham Qurbonov, men va Vaniev uchalamiz o‘yinni atroflicha muhokama qildik. Holbuki, “Qizilqum”ning tarkibida ham tajribali o‘yinchilar bor edi. Bizning safimizda esa Davronov, Meliev va Pavlenkoni hisobga olmasak, qolgani deyarli birinchi ligada o‘ynashgan. Uning saviyasi qandayligini esa o‘zingiz ham bilasiz. Biz zamonaviy futbol yo‘nalishi bo‘yicha ishlayapmiz. Kim xato qilmaydi, faqatgina ishlamayotgan inson xatodan holi. Shunday ekan, hammamiz natija uchun birdek javobgarmiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!