"Mash’al" akademiyasining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
O‘zbek futbolida «Mash’al» klubi va xususan uning akademiyasining o‘z o‘rni bor. Bilasiz, yurtimizda aynan birinchilardan bo‘lib, «Mash’al» jamoasining akademiyasiga asos solingan bo‘lib, bugungi kungacha u erdan qanchadan-qancha iqtidor egalari etishib chiqmagan deysiz. Hozirda «Mash’al» tarbiyalanuvchilari nafaqat o‘zimizning chempionatda, balki boshqa mamlakatlarda legioner sifatida ham faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda. Shuning uchun ham «Mash’al» futbolimizga ko‘p narsa bera olgan va bu hol davom etib kelmoqda. Lekin oxirgi paytlarda klub akademiyasining yopilgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgach, bu masalada turli gap-so‘zlar ham paydo bo‘lgani sir emas. Aslida vaziyatga oydinlik kiritish uchun klub ijrochi direktori Ilhom Qurbonov bilan bog‘lanmoqchi bo‘lib turganimizda, uning o‘zi biz bilan aloqaga chiqib, mazkur masalaga oydinlik kiritib o‘tish niyati borligini ma’lum qildi.
- «Mash’al» akademiyasi yopilgani yo‘q, faqat vaqtinchalik to‘xtatib turibmiz xolos, - deb gap boshladi, Ilhom Abdug‘anievich. - Ayrim sharoitlarimiz to‘g‘ri kelmayapti, masalan, moliyaviy tomondan ayrim qiyinchiliklarimiz bor va ular to‘g‘rilangunicha vaqtinchalik to‘xtatishga qaror qildik. Aytaylik, ovqat masalasida bekamu-ko‘st bo‘lishi, issiq va sovuq suvlar borasila ham biroz kamchiliklarimiz bor edi. Shu sababli o‘quvchilarning shamollab qolmasliklari uchun ham akademiyamizni vaqtinchalik to‘xtatib turdik. Balki hamma ishlarni 10 kunda hal qilarmiz yoki bunga bir oycha vaqt ketar, xullas, kamchiliklarimizni qancha erta bartaraf etsak, bu o‘zimizga ham yaxshi. Shu bois qachon muammolarimizni tugatsak, shunda yana barcha o‘quvchilarimizni chaqirib olamiz. Aytmoqchimanki, bizning akademiyamiz yopilgani yo‘q. Axir klubning asosiy strategiyasi yoshlar bilan ishlash-ku, shunday ekan, biz qanaqasiga akademiyamizni yopishimiz mumkin?

O‘ylaymizki, bildirilgan fikrdan keyin aslida vaziyat qandayligini tushunib etdingiz. Demak, akademiya hamma vaqt asosiy o‘rinda bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday davom etadi. Baribir bolaning tarbiyasi, katta futbolga kirib kelishida murabbiyga ko‘p narsa bog‘liq. Ayniqsa, ta’lim-tarbiyaga jiddiy e’tibor qaratilishi shubhasiz. Nazarimizda, klub akademiyasida ishlayotgan murabbiylarning ishi esa rahbariyatni u qadar qoniqtirmayotgandek. Bunga Qurbonov quyidagicha izoh bildirdi.
- Akademiyamizdagi murabbiylarimizning ish faoliyatlarini ham tahlil qilib chiqamiz. Birdaniga bu haqida biror nima deyishimiz qiyin. Yilning oxirida yakuniy hisobotni ko‘rib chiqamiz. Asosiy tarkibga qancha yoshlar etishtirib berilgani, qolgan musobaqlarda kimning qanday ishtirok etgani va yana boshqa masalalarda xulosalar qilinib, keyin bir to‘xtamga kelamiz. Balki keyinchalik murabbiylar shtabini yangilash jarayonini ham ko‘rib chiqishimiz mumkin. Hammasi yil oxirida hal bo‘ladi. Barchasi qilgan ishlari va bergan «mahsuloti»ga qarab bir to‘xtamga kelamiz.

«Mash’al» klubining rivojlanish strategiyasida akademiyasining tutgan o‘rni katta. Ular barcha maqsad va rejalarini aynan ushbu akademiyaga qarab ishlab chiqadi. Buning uchun esa tabiiyki, u erda etarli shart-sharoitlar ham yaratib qo‘yilgan bo‘lishi kerak, shunday emasmi?
- Biz bungacha ham akademiyamizda barcha sharoitlarni yaratib berishga harakat qilib kelganmiz, - deydi, Qurbonov. - Yoshlarimizning shug‘ullanishi uchun hamma imkoniyatlarni yaratib berganmiz. Yana bir gap: «Mash’al»ning asosiy jamoasi oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Lekin akademiyamizdan etishib chiqqan yoshlarning birdaniga asosiy jamoamizda o‘ynab ketishi qiyin kechadi. Oldin ham aytganmiz, bizning piramidamiz bo‘yicha oldin ikkinchi liga, pro-liga, o‘rinbosarlar va keyin asosiy jamoamiz turardi. Ammo birdaniga piramizdagi ikkita zinamiz yo‘q bo‘lib qolganidan keyin akademiyamiz tarbiyalanuvchilarining darhol ikkita zina yuqoriga sakrashlari og‘ir bo‘ladi. Ayniqsa, Superligaga kurashayotgan jamoaning tarkibidan joy topib olishlari ular uchun og‘ir bo‘ladi. Oldin ular qanday o‘sishardi? Avvaliga birinchi ligadagi jamoamizda o‘ynab ma’lum tajribaga ega bo‘lardi va asta-sekin raqobatni vujudga keltirishib, asosiy tarkibga qo‘shilib ketishardi. Bizda o‘sha ikkita tramplinning yo‘qligi evaziga yoshlarimizning darhol tajriba ko‘rsatishlari amrimahol va bunday paytda ularning iqtidoriga baho berish ham qiyin. Biz akademiyamizdagi faoliyat davomida bir qator kriteriyalar bo‘yicha bolalarni saralab olamiz.

Fikrlar