
“Mash’al” murabbiylar shtabida o‘zgarish bo‘ladimi? - Botir Qoraev javob berdi
Coca Cola Superligasining 19-turidan o‘rin olgan "Mash’al" – AGMK bahsidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar murabbiyi Botir Qoraev qatnashdi.
- AGMK juda tajribali jamoa, ikkinchi o‘rinda bormoqda. Bilgandik bugungi o‘yin qiyin o‘tishini. Birinchi gol uchrashuvga qattiq ta’sir qildi, deb o‘ylayman. Ubaydullaevning xatosidan keyin gol o‘tkazdik. Bizda ham vaziyatlar bo‘ldi, birinchi taymda ikkita imkoniyatdan darvozani ishg‘ol qilolmadik. Ikkinchi golda darvozabonimizga qarshi qo‘pollik kuzatilgandek. Vaziyatni ko‘rib chiqamiz. Hozir chetdan turib gapirish noto‘g‘ri, deb o‘ylayman.
"Mash’al"ning ketma-ket beshinchi mag‘lubiyati? Albatta, qiyin. Jamoamiz endi Superligaga chiqdi. Tarkibimizda yosh va Superligada o‘ynamagan futbolchilar bor. Har bir bahsda g‘alabaga harakat qilyapmiz. Jamoa yomon o‘yin ko‘rsatmayapti. "Qizilqum" bilan bellashuvda ham 4-5 ta imkoniyatlar bo‘ldi, uyda "Surxon"ga qarshi bahsda kamida 7 ta vaziyat yaratildi. Biroq futbolchilarga debyutantlik ta’sir qilmoqda.
O‘yin kurashlarga boy bo‘ldi, lekin aqlni ishlatmadik
Murabbiylar shtabida o‘zgarish bo‘ladimi? Buni klub rahbariyati hal qiladi. O‘z ustimizda ishlayapmiz, etarlikcha imkoniyatlar yuzaga kelmoqda. Agar jamoada o‘yin yo‘q bo‘lsa, tushunsa bo‘lardi. Hozir xulosa chiqarish juda qiyin.
Natijaga hakamlarning ta’siri? O‘yin vaqtida ehtiros bilan ularga e’tiroz bildirishimiz tabiiy hol. Ammo hakamlarni muhokama qilishga bizning haqqimiz yo‘q. Referilarning ishlarini ko‘rib chiqadigan qo‘mita bor.
Dilyaver Vaniev betobligi bois matbuot anjumanida qatnasha olmadi. Nasib qilsa, keyingi o‘yindan keyin Vanievning o‘zi matbuot anjumanida ishtirok etadi, - dedi Botir Qoraev.
Fikrlar