"Metallurg" - bu nafaqat yaxshi klub, balki katta ahil oiladir" - Vesko Steshevich sobiq jamoasining hamon g‘alabasizligini qanday izohlaydi?

  • 17 sentabr, 2024, 00:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Metallurg” klubining chernogoriyalik sobiq bosh murabbiyi Vesko Steshevichni hali unutmagan bo‘lsangiz kerak. U Bekobod klubini boshqarishda davom etayotgandi va shu yili birinchi davra yakuniga etmasdan oldin iste’foga chiqarildi. Bunga jamoaning g‘alabasiz seriyasi sabab edi. Qizig‘i, hozir ham “Metallurg” ushbu yoqimsiz seriyani davom ettiryapti. Sports.uz jurnalisti Vesko Steshevich bilan bog‘landi.

- Janob Steshevich, “Metallurg”dan ketganingizdan keyin nima bilan mashg‘ulsiz? Bilishimcha, siz hali hech qaysi klubda emassiz!

- “Metallurg”dan ketganimdan keyin futbol bilan shug‘ullanganim yo‘q. Bunga sabab, afsuski, oilamdagi eng yaqin insonimning sog‘ligi bilan bog‘liq bo‘ldi.

- Sizdan keyin ham “Metallurg” hali g‘alaba qozongani yo‘q. Murabbiylarni o‘zgartirish ham hozircha yordam bermayapti. Bu xususida nima degan bo‘lardingiz?

- Bilasizmi, ko‘p omillar borki, jamoani erishayotgan natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Biz yaxshi o‘yinchilardan jamoa tuzdik. Ular deyarli bir xil saviyadagi futbolchilar edi. Faqat etakchi o‘yinchilarimiz etishmayotgandi. Ne’matjonov hamda O‘rinboevni qaytishini kutayotgandik. Ular faqat maydonda emas, echinish xonasida ham etakchi edilar. Afsuski, ushbu o‘yinchilar hozir ham to‘liq tayyor emaslar. Bundan tashqari, “Metallurg” o‘z uyida o‘ynamayotganiga ham ko‘p narsa bog‘liq, birinchi davrada biz ko‘plab yaxshi o‘tkazgan uchrashuvlarimizda yutolmadik. Har bir o‘yinda qo‘llab-quvvatlab turadigan muxlislarning o‘rni bilindi. Aynan o‘yinimiz chiqmayotgan paytda ishqibozlarning faol olqishlashi bizga albatta yordam bergan bo‘lardi. O‘yinchilarimiz esa muxlislarning qo‘llashiga o‘rganib qolishgan. O‘yinimiz chiqmayotgan paytda ishqibozlarning olqishlashi zarur edi. Men ketganimdan keyin ham bu muammolar bartaraf etilgani yo‘q va jamoa chempionatda hamon g‘alaba qozona olmayapti. Yaxshihamki, tanaffus bor edi. Klub rahbariyati bir nechta tajribali futbolchilarni sotib oldi va jamoa DNKsini o‘zgartirishdi. Lekin birdaniga natijaga erishish qiyin. Jamoadagi holatni to‘g‘rilash uchun murabbiylar shtabiga vaqt kerak. Hozirgi kichik tanaffus umid qilamanki jamoaga yordam berdi va keyingi o‘yinlarga tayyorgarlikni kuchaytirishdi. Ishonamanki va chin qalbimdan tilaymanki, “Metallurg” keyingi turda g‘alaba qozonadi va uzoq kutilgan bu g‘alaba futbolchilarga ishonch beradi.

- “Metallurg”dagi faoliyatingiz davomida sizga nima yoqdi va nima yoqmadi?

- “Metallurg” – bu nafaqat yaxshi futbol klubi, balki katta ahil oiladir. Shu o‘rinda klub rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. Men shunday jamoada ishlaganimdan xursandman. Birga ishlagan yordamchilarim va futbolchilarga ham rahmat aytaman. Bundan tashqari, shifokorlar, massajchilar, administratorlar, bazada qulay sharoit yaratib berayotgan barcha ishchi-xodimlardan ham minnatdorman. Ayniqsa, qiyin vaziyatda jamoani qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtamagan va to‘xtamaydigan muxlislarga katta rahmat. Ular haqiqiy fanat! Jamoaga omad tilayman. Chempionatni yaxshi tugatishlarini va yangi mavsumda ham muvaffaqiyatli qatnashishlari xohlab qolaman.

- Qanday takliflar bor va murabbiylikka qachon qaytmoqchisiz?

- Bir nechta xorij klubidan menga takliflar bo‘ldi. Ammo yuqorida aytib o‘tganimdek, oilaviy sabablarga ko‘ra ushbu takliflar haqida o‘ylamadim. Albatta, vaziyat yaxshi kechsa men ishlashga tayyorman. Chunki ishimni sog‘indim.

- O‘zbekiston chempionatida sizni nima hayratga soldi?

- O‘zbekiston futbolining saviyasi ancha o‘sdi. Juda ko‘plab iqtidorli o‘yinchilar bor. Superligada tashkilotchilik juda yaxshi. Infrastrukturasi ham maqtovga arzigulik. Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston Prezidenti futbolni yaxshi ko‘radi.

- Agar “Metallurg”ga qaytish imkoniyati bo‘lganida qaysi ishingizni takrorlamagan bo‘lardingiz?

- “Metallurg”dagi faoliyatimni tahlil qildim va o‘zim uchun bir nechta xulosalarni chiqardim. Albatta, ba’zi-bir ishlarni boshqacha qilsam ham bo‘lardi. Ammo bu mening shaxsiy qarashlarim va fikrim noto‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin. Bu xususida ommaga ayta olmayman.  

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Кодиржон
18/09/2024 17:46
Товук калла хамма иди сан расво килиб кетдинг.хплиги.ит.сурсмасаям.уйимга.куп.совчилар.келди.деб.елгондан.узини.реклама.киладиган.кизлар.буладику.шулади.гапига.ухшади.гапинг.бошка.таклифлар.купмуш.таклиф.булганда.ишлардинг.сандакалар.хеч.кимга.керакмас