"Metallurg" Tojikiston klubidan ustun keldi

  • 25 iyul, 2021, 22:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mamlakat milliy chempionati 13-turi doirasidagi “Qizilqum”  jamoasiga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rayotgan Bekobodning “Metallurg” jamoasi kecha o‘z maydonida Tojikiston Respublikasining “Xo‘jand”  futbol klubi bilan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Qiziqarli va murosasiz kechgan uchrashuvda maydon egalari 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bundan avval esa bekobodliklar Tojikiston chempioni "Istiqlol" bilan ham o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazgan bo‘lib, unda 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.

"Xo‘jand"ga qarshi o‘yinning birinchi taymida jamoalar biroz ehtiyotkor futbol namoyish qilishdi. Mehmonlar asosan o‘z darvozasi dahlsizligini o‘ylagan bo‘lsa, hujumkor futbol namoyish etayotgan bekobodliklarning oldingi chiziqdagi o‘yini biroz samara bermadi.

Tanaffusdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi tarkibni deyarli to‘liq o‘zgartirdi. Faollikni yanada kuchaytirgan, bosimni oshirgan “Metallurg” jamoasi hujumlarni ikki marta golga aylantirdi.

Avvaliga chap qanotdan Stanislav Andreev oshirib bergan to‘pni “Metallurg”ning yangi o‘yinchisi Farruh Ibrohimov boshi bilan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, mehmonlar o‘z jarima maydonlari ichida Shahzodbek Nurmatovga qarshi qoida buzishdi. Penaltini Stanislav Andreev bexato amalga oshirdi -  2:0. Bu hisob o‘yin oxirigacha o‘zgarmay qoldi.

"Metallurg" matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!