Mikael Sekeyra: "Andijon" maydonida g‘alaba qozonish juda qiyin, biz bu erga yana qaytamiz"

  • 20 aprel, 2021, 20:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” – “Lokomotiv” (1:2) o‘rtasidagi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Mikael Sekeyra o‘z fikrlarini bildirdi.

Tecno

- Bugun chiroyli g‘alaba bo‘ldi. Uch kun oldin “Bunyodkor” bilan o‘ynagandik. Dam olishga umuman vaqt bo‘lmadi. 72 soat davomida tinmay ishladik. Buning ustiga hozir Ramazon oyi. Jamoamizda ro‘zador futbolchilar bor. Shunga qaramay, yigitlar qo‘llaridan kelganicha g‘alaba uchun kurashishdi va bu juda ahamiyatli edi.

- Siz uchun maydon ko‘ngildagidekmi?

- Maydon yaxshi, menga ma’qul keldi, yoqdi. Stadion ham chiroyli. Muxlislar ham yaxshi qo‘llab-quvvatlashdi. Andijon bizni juda yaxshi qabul qilgani uchun ularga rahmat aytmoqchiman. Bugungi g‘alaba bizga juda zarur edi. Jamoamni ham bugungi yutuq bilan tabriklayman. Qiyinchiliklarga qaramay, uch ochkoga ega bo‘ldik.

- “Loko”dagi futbolchilarning ro‘za tutayotgani kun tartibingizga xalaqit qilmayaptimi? Evropadan kelgan mutaxassis sifatida balki bunday holatga ilk bor duch kelayotgandirsiz...

- Ramazon oyi kelayotganini bilardim. Oldin ishlagan jamoalarimda ham shunga duch kelganman. Ro‘za paytda odatda yigitlarga uch kun dam berardik. Lekin o‘yin bo‘lgani sababli futbolchilarimiz o‘zlarini shunchalik ko‘rsatishdiki, bundan xursand bo‘ldim. Hech bo‘lmasa bir kun bo‘lsa ham o‘yinchilarimiz yaxshilab dam olishlari kerak edi. Agar bugungi o‘yinning boshlanish vaqti kechroqqa qo‘yilganida ham yaxshiroq bo‘lardi. Ramazon oyida ro‘zador yigitlarimiz uchun 16:00 yoki 16:30 da to‘p surish qiyin.

- Jamoangiz o‘z darvozasidan ko‘p gol o‘tkazyapti. Bu himoyachilarning sustkashligi bilan bog‘liqmi?

- Yo‘q. O‘yinchilarimiz yaxshi o‘ynashyapti. Bugungi uchrashuvda penalti belgilandi. Ammo fikrim bo‘yicha, u vaziyatda penalti bo‘lmagan.

- Goldan keyin beshinchi himoyachini tushirdingiz. Bu hisobni ushlab qolish uchun qilingan rejami?

- Buning sababi shundaki, durang o‘ynash uchun emas, balki himoyachilarni beshtaga etkazib, ikkita qanot himoyachilarining hujumkorligini oshirish edi. O‘zgarishlardan keyin Shuhrat Muhammadiev gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Odatda 4-3-3 sxemasi bo‘yicha o‘ynaymiz. Asosiy maqsadimiz hujumkorlikka mo‘ljallangan. Himoyaviy o‘yinni o‘ylamagandik. Agar himoyani o‘ylaganimizda Muxtorov bilan Muhammadiev qanotlardan hujumga o‘tmasdan joyida o‘ynagan bo‘lishardi.

- “Lokomotiv” bilan shartnoma imzolagan paytingizda futbolimiz va chempionatimiz haqida qanday tasavvurga ega edingiz? Endilikda qarashlaringiz qanchalik o‘zgardi?

- “Lokomotiv” oldingidan ko‘ra, o‘zini ancha yaxshi ko‘rsata boshladi. Biz yana ishlashda davom etamiz. Keyingi o‘yinda “Turon” bilan kuch sinashamiz. Ularga qarshi qiyin o‘yin bo‘ladi. “Andijon”ni ham tabriklab qolaman. Ular ko‘p harakat qilishdi. Nasib qilsa, chempionat doirasida yana Andijonga qaytib kelamiz. Lekin “Andijon” yaxshi jamoa ekan.

- “Andijon”dagi qaysi futbolchi sizga yoqdi?

- 10-raqamdagi yarim himoyachining o‘yini menga yoqdi. Jamoa sardori bugun o‘ynagani yo‘q, uni ham yaxshi o‘yinchi deb o‘ylayman. Butun jamoa bo‘yicha “Andijon”da yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgan. Andijonda g‘alabaga erishish juda qiyin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!