
"Motivatsiya - bu maoshda" - Yorqin Nazarov "Turon"ning pro ligaga tushib ketishi, qarzdorliklar va keyingi rejasi haqida
“Turon” – “Andijon” (1:3) o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yindan keyin mezbon jamoa bosh murabbiyi Yorqin Nazarov mag‘lubiyat haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Andijon” jamoasini g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yinga keladigan bo‘lsak, harakat qildik. Futbolchilarga e’tiroz yo‘q. Boshidan oxirigacha hamma harakat qildi. Barchasini oxirgi turga, “Qizilqum” bilan uchrashuvga qoldirmoqchi edik, ammo bo‘lmadi. Yana nima deyman? O‘yinchilarimizga rahmat. Shunchalik yaxshi-yomon sharoitlarda, issig‘iga ham, sovug‘iga ham oxirigacha chidab maydonga chiqib o‘ynab berishdi.
- Matbuotda “Turon” futbolchilarini anchadan beri maosh olmayotganliklari haqida xabar chiqdi. Bu rostmi? Agar rost bo‘lsa, o‘yinchilarga motivatsiya berish qiyin bo‘lmayaptimi?
- To‘g‘ri aytyapsiz. Har qanaqasiga motivatsiya berishga harakat qilyapmiz. Motivatsiya – bu maoshda! Endi sharoit shunaqa. Xudo xohlasa, men ishonamanki, hammasi maoshlarini oladilar, qolib ketmaydi. Faqat kunidan yutqazishlari mumkin. Bugungi uchrashuvdagi motivatsiyamiz agar “Andijon”ni yutsak, oxirgi o‘yinga haqiqiy jang bo‘lardi va bizni motivatsiyamiz shunaqa edi. Haqiqatan maoshlar bo‘yicha qarzlar bor. Fikrimcha, baribir olamiz, qolib ketmasa kerak. Sharoit har xil bo‘lishiga qaramay, hech kim hech qaerga ketmasdan oxirigacha tayyorlanib o‘ynashdi. Shuning uchun yigitlarga e’tiroz yo‘q.
- Humoyun Murtazoev jamoadan ketdimi?
- Murtazoevni jarohati bor. Gips qo‘yilgandi. Oldingi uchrashuvda o‘ynamoqchi bo‘ldi. Uni ham tushunaman. O‘tgan safar asosiy tarkibga qo‘ydik. Ko‘rgan bo‘lsanglar, unchalik o‘yini chiqmadi. Kurashlarga borishga oyog‘i yo‘l qo‘ymadi. Shuning uchun almashtirgandik. Oyog‘ida jarohati borligi uchun uni bu uchrashuvda tarkibga kiritmadik. Hujumga bu safar ko‘proq yoshlarni tushirdik.
- “Turon” pro ligaga tushib ketdi. Endi keyingi rejalar qanaqa bo‘ladi? Masalan, bosh murabbiy sifatida kelasi yili ham klubda ishingizni davom ettirasizmi?
- Rostini aytsam, bugun bosh direktorimiz bilan shu masala bo‘yicha gaplashmoqchi bo‘ldik. Chempionatni tugatib olaylik, 5-10 kun dam olaylik. Mavsum tugayversinchi, keyin bu masalada ko‘ramiz.
- Chempionat davomida sizdan hakamlar haqida salbiy yoki ijobiy fikr eshitmadik. Bugungi uchrashuvda yordamchingiz hakamlar bilan tortishdi. Balki bu safar hakamlik haqida gapirarsiz...
- Hakamlar to‘g‘risida gapirgim kelmaydiyu, lekin savol berganingiz uchun aytmoqchimanki, o‘yinlarimizni tahlil qilib chiqdim. “Turon”ni birinchi davradan keyin 9 nafar futbolchi tark etdi. Hamma legionerlarga javob berildi. Yoshlarni yig‘dik. Bugun pro ligaga tushib ketganimiz aniqlashdi. Men o‘zimni yoki futbolchilarimni maqtamoqchi emasman. Lekin tahlil qilib chiqqanimda ko‘p o‘yinlarimizda hakamlarning xatolari bilan yutqazib qo‘yibmiz. Qaysi uchrashuvni eslasam bizga penaltidan urilgan bo‘ladi yoki qizil kartochka olgan bo‘lamiz. Shu bois hakamlar masalasida hech nima degim kelmayapti. Hakamlar ishini ko‘radigan o‘z qo‘mitasi bor. Balki tajribali hakamlar etishmayapti, ko‘p xatolar qilib qo‘yishdi, aynan kuchsiz jamoaga qarshi. Bugungi yutqazganimizga bu bahona emas. Ammo hakamlar bizga qarshi ko‘p xatolar qilib qo‘yishdi. Mayli, hakamlarga ham insof bersin. Tajriba to‘plashsa, keyingi yilga bunday xatolar kamayib qolar.
Fikrlar