
"Murabbiy haqida gapirmaganman va bundan keyin ham gapirmayman". "Qizilqum" futbolchisi klubdagi vaziyat hamda keyingi taqdiri haqida nima deydi?
Navoiyning “Qizilqum” klubi ham yozgi ta’tilga etib keldi. Xabaringiz bor, chempionat avvalida tarkibga nomdor va tajribali o‘yinchilar qo‘shib olindi. Natijalar hozircha chakki emas.
Odatda, birinchi davradan keyin o‘ziga yarasha sarhisob qilinadi. Jamoaga yil boshida qo‘shilgan himoyachi Bobur Yo‘ldoshev esa chempionat doirasida 8 ta o‘yinda maydonga tushdi. Unga jarohatlar to‘liq ishtirok etishiga to‘sqinlik qildi. Ammo birinchi davraning oxirgi turida Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi bellashuvning ikkinchi bo‘limida maydonga tushib jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Futbolchi Sports.uz muxbiriga dastlab o‘sha o‘yindagi g‘alaba to‘g‘risida gapirdi.
- Hamma futbolchi ham g‘alabani kutadi. Bunaqa yirik hisob bo‘ladi, deb o‘ylamagandim. Lekin maydonga faqat g‘alaba uchun chiqqandik. Bir so‘z bilan aytganda, “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvda biz o‘ylagan rejalarning hammasi amalga oshdi. Omadimiz ham keldi. Futbolchilar “Qizilqum”da jamoaviy o‘yin borligini ko‘rsatib qo‘yishdi.
“Qizilqum” birinchi davrada 13 ta uchrashuvda 7 ta g‘alaba, 2 ta durang va 4 ta mag‘lubiyat qayd etib, 23 ochko jamg‘argan holda 5-pog‘onadan joy olib turibdi. Qizig‘i, 1-o‘rindagi “Navbahor” bilan o‘rtada bor-yo‘g‘i ikki ochkolik tafovut bor xolos. Navoiyliklar mavsum startini yaxshi boshlashgandi, keyin orada biroz pasayish kuzatildi. Yo‘ldoshev esa mavsumning dastlabki qismi xususida shunday dedi:
- Meni fikrimcha, birinchi davradagi ishtirokimiz yomon o‘tmadi. Barqarorlik etishmaganining sababi, bizda ko‘proq jarohatlar bo‘ldi. Natijada bir qancha uchrashuvlarda to‘liq asosiy tarkib bilan o‘ynay olmadik. Balki shu narsa ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Lekin o‘ylaymanki, biz hali hech qaysi jamoadan ortda qolayotganimiz yo‘q. Ochkolarga qaraydigan bo‘lsak, bu borada o‘rtada katta tafovut ham yo‘q. Shu sababli birinchi davrani yomon tugatmadik, deb o‘ylayman. Ikkinchi davraga yaxshiroq harakat qilib, ko‘zlangan maqsadimizga erishishga bor kuchimiz bilan kurashamiz.
Shuningdek, jamoaning “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yini oldidan ichki muhitda biroz kelishmovchiliklar bo‘lganligi va ayniqsa, murabbiy bilan o‘rtada qandaydir tushunmovchiliklar borligi haqida gap-so‘zlar ham tarqalgandi. Bobur esa bu masalaga qisqacha javob qaytardi.
- Bu jamoaning ichidagi holat. Rosti, bunday narsalarni hozir sizga aytishim to‘g‘ri bo‘lmaydi. Hammasi o‘z holicha qolgani yaxshiroq.
Yozgi transfer oynasi ochilgan mahalda hammaning qandaydir rejasi bo‘lishi tabiiy. Kimdir shartnoma tuzadi, yana kimdir shartnomani bekor qiladi. Xo‘sh, Bobur Yo‘ldoshevning bu boradagi rejasi qanday?
- Hozircha ikkinchi davraga hech qanaqa rejam yo‘q. Ayni paytda ta’tildaman. Boshqa narsalar haqida o‘ylaganimiz yo‘q. “Qizilqum” bilan mavsum oxiriga qadar shartnomamiz bor. Agar rahbariyat ketkazadigan bo‘lsa ketamiz, olib qolishsa qolib, faoliyatimizni davom ettiramiz.
Birinchi davra bo‘yicha tahlillar va xulosalar paydo bo‘lyapti. “Qizilqum” himoyachisidan qaysi klubdan ko‘proq narsa kutgandingiz, deya so‘raganimizda javob quyidagicha bo‘ldi:
- Qolgan klublarga kelsak, “Neftchi”dan ko‘proq narsa kutgandim. Yil boshida yig‘ilgan tarkibdan xulosa qilib, bunday o‘rinda yuradi, deb kutmagandim. Chempionatda oltitacha jamoa ajralib qolgan. Ko‘rgan bo‘lsangiz, turnir jadvalida ham bilinib turibdi. Chempionlik uchun kurash juda qizg‘in ketyapti. Bu yilgi mavsumda hamma ochko yo‘qotyapti. O‘ylaymanki, ikkinchi davrada bundan ham yaxshiroq, qiziqarli o‘yinlar bo‘ladi.
“Qizilqum” bosh murabbiyi Nikola Lazarevich haqida jamoa a’zolarining fikrlari turlicha bo‘lyapti. Shu sababdan muloqot yakunida Yo‘ldoshevdan serbiyalik mutaxassis haqida ham so‘radik.
- Murabbiy haqida oldin ham gapirmaganman va bundan keyin ham gapirmayman. Murabbiy o‘z ishini, futbolchilar o‘z ishini qilishi kerak. Hamma professional bo‘lsa, ko‘zlangan maqsadga erishish juda ham oson bo‘ladi, deb o‘ylayman. Albatta, barchani o‘z fikri bor. “Qizilqum”da yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgan. Vaqtida terma jamoada to‘p surgan futbolchilar o‘ynashyapti. Bunday o‘yinchilar yig‘ilganidan keyin gap-so‘zlar har doim bo‘ladi va bundan keyin ham bo‘ladi. Tarkibga shunaqa futbolchilar to‘planganidan keyin ko‘pchilik ko‘proq narsalarni, yaxshi natijalarni kutadi. Balki shuning uchun turli gap-so‘zlar tarqalayotgan bo‘lishi mumkin.
Fikrlar