
"Murabbiyning qo‘ng‘irog‘idan keyin xafsalam pir bo‘ldi" yoxud Oliver Sharkich hayratda!"
Yaqinda Sports.uz sayti orqali “Paxtakor” legioner hujumchisi Oliver Sharkich bilan xayrlashayotgani to‘g‘risida birinchi bo‘lib ma’lumot bergandik.
Tez orada klub buni tasdiqlagan holda Sharkichni ro‘yxatdan chiqarganini ma’lum qildi. Futbolchi jamoadan ketishi bo‘yicha saytimiz muxbiriga intervyu berdi.
- “Paxtakor” bilan shartnomangiz bekor qilinganidan xabarim bor. O‘zi nima bo‘ldi?
- Ha, bu to‘g‘ri. Men bilan nima sodir bo‘ldi? “Nasaf”ga qarshi nazorat o‘yinidan keyin bir kunga dam olish berilgandi. O‘sha kuni xordiq chiqarayotgandim. Shunda murabbiy qo‘ng‘iroq qildi. U ikkinchi davra uchun meni hisobga qo‘shmayotganini aytdi. Meni jamoada ko‘rmayapti. Shuning uchun xayrlashmoqchiligini aytdi. Rosti, bu holat men uchun biroz hayratlanarli holat edi. Chunki “Nasaf” bilan nazorat uchrashuvida ikkita gol urgandim va uchinchi golga assistni ham amalga oshirgandim. E’tiborlisi, to‘pig‘imdan olgan jarohatimdan keyin birinchi marotaba maydonga tushgandim. Bunday xabardan hayratlandim va to‘g‘risini aytsam xafsalam pir bo‘ldi.
- Jamoaga ilk bor kelganingizdagi holat qanday edi va hozir qanaqa?
- Klubga birinchi marotaba kelganimda o‘zimni Osiyo futboli, xususan O‘zbekistonda ko‘rsata olishimdan xursand bo‘lgandim. “Paxtakor” oilasiga juda yaxshi qabul qilindim. Biz har kuni qattiq ishlayotgandik va rivojlanish uchun harakat qilayotgandik. Bu yo‘lda o‘zimizdagi bor kuchni sarflayotgandik. Qachonki, Voyneski meni “strayker” vazifasida o‘ynatishni boshlaganida men gollar urishni boshlagandim. E’tibor bergan bo‘lsangiz, jarohatimgacha oxirgi uchta uchrashuvda 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldim. Bundan oldingi samaradorligim ham u qadar yomon emasdi. 10-raqam pozitsiyasida o‘ynayotgandim. “Navbahor”ga qarshi o‘yinda yaxshi o‘yin ko‘rsatib, do‘stim Dragan Cheranga 3 ochkolik g‘alaba goli uchun yaxshi pasni uzatgandim. To‘g‘risi, 6 haftalik tanaffusdan so‘ng “Nasaf”ga qarshi uchrashuvda eng yaxshi futbolchi bo‘ldim. Mana shunday yaxshi harakatlarimdan keyin ham meni ortiq “Paxtakor” sharafini himoya qila olmasligim ranjitadi. Endi Evropaga qaytishga majburman. Shuni aytishim mumkinki, “Paxtakor” libosini kiyar ekanman, doim 100 foiz kuch bilan harakat qilganman. Ikkinchi davrada ham qolib, o‘zimni eng yaxshi taraflarimni ko‘rsatishni istagan bo‘lardim. Lekin biz baribir murabbiyning qarorini hurmat qilishimiz kerak.
- Maksim Shatskix sizga ishonmadi, deb o‘ylaysizmi?
- Bilmayman, nima uchun u menga ishonmadi?! Doim uning ko‘rsatmalarini tinglayotgandim va amal qilishga harakat qilayotgandim. Chunki ushbu murabbiy futbolchilik faoliyatida kuchli hujumchi bo‘lgan. Undan ko‘p narsalarni o‘rganishni istayotgandim. Rostdan ham men bilan shartnomani bekor qilmoqchiligini va ikkinchi davrada menga ishonmasligini bildirganida hayratlandim. O‘ylaymanki, o‘zbek futboliga bera olishim mumkin bo‘lgan narsalar hali ko‘p edi.
- Adashmasam, sizni “Paxtakor”ga Slavche Voyneski taklif qilgan. U ketganidan keyin men ham ketishim kerak, deb o‘ylaganmidingiz?
- Ha, meni bu erga Slavche Voyneski olib kelgandi. Undan minnatdorman. Chunki Slavche sababli O‘zbekiston chempionatida va Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bu juda esda qolarli bo‘ldi. Lekin menga Voyneskining ketishi haqida hech kim gapirmagandi. Bu voqea mening tiklanish jarayonimda sodir bo‘ldi. Qaytganimdan keyin ham hech narsa sodir bo‘lmaganidek o‘z ishimni bajarishda davom etayotgandim. Mavsumning qolgan qismida ham “Nasaf”ga qarshi ko‘rsatganimdek ajoyib o‘yinlar namoyish etishni maqsad qilgandim. Men O‘zbekistonda qolib ko‘proq gollar urishni va “Paxtakor” bilan mamlakat chempioni bo‘lishni xohlayotgandim.
- Avvalida “Paxtakor”ni qanday tasavvur qilgandingiz? Barchasi siz o‘ylagandekmidi?
- Men doim aytib kelganman: bu juda ham yaxshi klub. Ayniqsa, bunday fikrlarni ko‘p yillik tajribam orqali gapiryapman. Ko‘plab jamoalarda o‘ynaganman. Bu erda yaxshi futbolchilar, yaxshi tashkilotchilik, odamlar klubga shoshib kelishadi. Jamoadoshlarim va klub xodimlari bilan hech qanday muammo bo‘lmagan. Biz barchamiz xuddiki bir oiladek edik.
- O‘zbekiston Superligasi darajasi qanday? Sizga yoqdimi?
- O‘zbekiston chempionatidan juda ham rohat oldim. Bu hujumkor va tezkor chempionat ekan. Ko‘plab iqtidorli futbolchilarni ko‘rdim. Ayniqsa, ushbu yilda chempionlikka da’vogar jamoalar soni ortib ketdi. Oldin aytib o‘tganimdek, bu erda qolib qizg‘in kurashda qatnashmoqchi edim. Ammo, afsuski, murabbiy shunday qarorga keldi.
- Endi keyingi rejangiz qanday? Yangi takliflar bormi?
- Mening hozirgi rejam o‘z sport formamni saqlab qolish va doimiy shug‘ullanish. Boshqa klub izlash va futbol o‘ynashni davom ettirishim kerak. Bu Evropada bo‘ladimi, Osiyodami, farqi yo‘q. Buni oldindan bilish imkonsiz. Ammo hozircha erkin agentman.
- Birinchi davrada 3 ta gol urdingiz. Jamoaga moslashish qiyin kechmaganmidi? Yoki biror nima sizni qoniqtirmadimi?
- Birinchi davrada men o‘ynagan daqiqalar va urgan gollar yoki statistikamga qaraydigan bo‘lsangiz, aslida hammasi yaxshi holatda. “Strayker” pozitsiyasida o‘ynab 3 ta o‘yinda 3 gol urishga muvaffaq bo‘ldim. Bu menimcha jamoadagi eng yaxshi holatim edi. Klubga shu pozitsiyada ko‘proq yordam bera olardim. Yuqorida aytganimdek, jamoadoshlarim bilan yaxshi aloqalarimiz bor edi. Murabbiy doim qarorlarni yakuniy tarzda qabul qiladi.
- Umuman aytanda, “Paxtakor”da xursandmidingiz?
- Juda ham xursand edim. Agar siz mashg‘ulotlardan olingan fotosuratlarni barchasini ko‘radigan bo‘lsangiz, ularning hammasida men tabassum qilgan holatda ko‘rinaman. Chunki rostdan ham bu erda yaxshi do‘stlarim va jamoadoshlarim bor edi. Ular bilan birga ishlayotganimdan xursand edim. Umid qilamanki, ular bilan kelgusida ham yaxshi aloqalarni saqlab qolamiz.
Fikrlar