
Mutaxassislar "Real"ni EChL favoriti emas deb hisoblaydi. Anchelotti esa ularga javob qaytardi
"Real" Madrid bosh murabbiyi Karlo Anchelotti tanqidchilar va ko‘plab mutaxassislar madridliklarni Chempionlar ligasining joriy mavsumida favorit deb bilmasligini aytib, "Liverpul", "Manchester Siti", PSJ va "Bavariya"ni oltin medallar uchun da’vogar deb hisoblashi haqidagi fikrga munosabat bildirdi.
“Mutaxassislar bizning imkoniyatlarimizni juda past baholaganidan hayron emasman. Men buni jamoa uchun motivatsiya bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Sababi, o‘tgan yili ham xuddi shunday holat kuzatilgan edi, biroq yakunda “Real” g‘alaba qozondi.
Bu mavsum ham oldingi kabi harakat qilamiz, ya’ni “Real” oxirigacha kurashadi”, - deya Anchelottining so‘zlarini keltiradi “Goal”.
Madridning “Real” klubi o‘tgan mavsum Chempionlar ligasi finalida “Liverpul”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan, bungacha ular PSJ, “Chelsi” va “Manchester Siti”ni turnirdan chiqarib yuborgan edi.
“Real” Madrid Chempionlar ligasining joriy mavsumini “Seltik”ka qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Uchrashuv bugun Toshkent vaqti bilan tungi 00:00da boshlanadi.
Fikrlar