«Nasaf»ga nima etishmadi? «Paxtakor» nimaning hisobiga g‘alaba qozondi? Samarqanddagi finalni muhokama qilamiz!

  • 6 mart, 2021, 20:07
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz hozirgina yakuniga etgan O‘zbekiston Superkubogi uchun bo‘lib o‘tgan o‘yin haqida fikr yuritadi.

Taktik to‘qnashuv

berdiyev

Toshkent klubi Piter Xyuistra boshqaruviga o‘tgach, taktik jihatdan nimadir o‘zgarishini kutish mumkin edi. Amalda hech narsa o‘zgarmagani Samarqanddagi finalda sezilib qoldi. «Paxtakor» Shota Arveladze shakllantirgan o‘yin modeliga sodiq qoldi. Bitta sof hujumchi, uning ortida pleymeyker va ikkita qanot yarim himoyachilari. Ehtiyotkor, biroq sug‘urtalangan sxema. «Nasaf» esa, asosiy hujumlarni ma’lum futbolchilar yordamida tashkil etishga urindi. Misol uchun, Oybek Bozorov va Marko Stanoevichning bu bahsdagi vazifasi raqib jarima maydonchasi ichida bo‘sh zonalar yaratishdan iborat edi. «Nasaf» Berdiev ko‘rsatmasi asosida tezkorlikka urg‘u berdi. Shuningdek, qanotlardagi futbolchilar dribling yordamida maydon markaziga kirib borishi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu raqibning himoya tartibini buzib tashlashi kerak edi. «Paxtakor» hujumda Eren Derdiyokdan foydalanishdan tashqari, markazdagi ustunlikni ta’minlashi shart edi. Sababi, qarshiliklarning hujumi aynan maydon markazidan start olishini ular juda yaxshi biladi. Ro‘ziqul Berdiev esa, «Paxtakor»ning qanotlar orqali hujum uyushtirishini inobatga olgan holda, asosan, qarshi hujumlarda raqibni dog‘da qoldirishga harakat qildi.

Maydonda vaziyat qanday ko‘rinish oldi?

berdiyev2

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, «Nasaf» a’zolari birichi taymda nisbatan kuchliroq ko‘rindi. Oybek Bozorov bir necha bor dribling namoyish etdi hamda vaziyatlar yaratdi. Marko Stanoevich esa, ikki bor gol kiritish uchun qulay imkoniyatni boy berdi. «Paxtakor» birinchi bo‘limda pressing orqali raqibni zararsizlantirishga urindi, ammo buni uddalashning imkoni bo‘lmadi. «Ajdarlar» qanotlarida to‘p surgan Norchaev keskinlikni oshirishga harakat qildi. O‘yinning birinchi bo‘limida Berdiev tanlagan taktika ish berishi mumkin edi, biroq jamoa imkoniyatlardan foydalana olmadi.

Ikkinchi taymga kelib, jamoalar o‘rtasidagi farq ko‘zga tashlana boshladi. Transfer oynasi chog‘ida  tarkibini Sardor Rashidov, Aziz Turg‘unboev singari ijrochilar bilan kuchaytirgan «Paxtakor» yoshlarga suyangan «Nasaf»dan kamroq xato qildi. Bugungi bahsda «ajdarlar» futbolchilarining o‘rtacha yoshi 22 da bo‘lsa, «sherlar»da bu ko‘rsatkich 26 ga teng bo‘ldi. E’tiborlisi shundaki, poytaxtliklarni goldan avvalgi va goldan keyingi o‘yin uslubi batamom ikki xil bo‘ldi. Dragan Cheran kiritgan to‘pdan so‘ng, Xyuistra bor e’tiborini bexato to‘p surishga qaratdi va o‘z shogirdlaridan tavakkal qilmaslikni talab qildi. Shu bois, goldan so‘ng Sayfiev va Alijonov hujumga deyarli qo‘shilgani yo‘q. Bu holat qarshilik futbolchilarga noqulaylik tug‘dirdi. «Paxtakor» birinchi bo‘limda asosan qanot himoyachilari yordamida keng maydon bo‘ylab hujum qilgani uchun «Nasaf»da raqib jarima maydonchasida ko‘proq bo‘sh zonalar paydo bo‘lishi kerak edi. Toshkentliklar ustozi Xyuistra "ekonom" rejimni yoqishga qaror qildi. Tayanch zonasida to‘p surgan Sobirxo‘jaevning oldiga Abror Ismoilov qaytarildi. Yarim himoyachi o‘yin davomida asosan hujum boshlashga javobgar edi, biroq goldan keyin murabbiy uni ikkinchi tayanch yarim himoyachiga aylantirdi. Oqibatda, markazda Marko Stanoevich yolg‘izlanib qoldi. «Paxtakor» ortiqcha agressivliksiz pozitsion pressingni boshlab yubordi. Ayniqsa, o‘yinning 75-daqiqasidan so‘ng, bu katta effekt berdi. «Nasaf» maydon markazini boy bergach, ikkinchi qavatdan uzatmalar bilan oldinga o‘tishga urindi. «Sherlar»ning baland bo‘yli markaziy himoyachilari bunga imkon bermaslik uchun maydon markaziga qadar chiqib kelishni boshladi. Oqibatda, «ajdarlar» hujumga o‘tish uchun bo‘sh zona topa olmay qoldi. Xyuistra ehtiyotkorlik va birinchi urilgan gol evaziga "shaxmat doskasi"da bir qadam oldinda bo‘ldi. Agar ilk taym so‘ngidagi vaziyat golga aylanganida, ikkinchi 45 daqiqalikda Ro‘ziqul Berdiev o‘yin tempini boshqarishi mumkin edi. Birinchi gol uchrashuvda murabbiylar duelini hal etib berdi.

O‘yin ichidagi kurash

Mavsum avvalida ikki klub ikki xil ahvolda edi. Qarshiliklar futbolchilardan qarzdor, klub yopilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. «Paxtakor» ham avvaliga etakchilarini qo‘yib yubordi, ammo ularning o‘rnini sifatli ijrochilar bilan to‘ldirdi. «Nasaf»da esa, ketganlar o‘rnini to‘ldirishga qodir futbolchilarning yo‘qligi Samarqanddagi bahsda pand berdi. Islom Kenjaboev, Bobir Abduxoliqov, Sharof Muhitdinovning o‘rniga hech kim taklif etilgani yo‘q. Berdiev akademiyadagi yoshlarga suyanishga majbur bo‘ldi. Bu yigitlar finalda akalaridan o‘yin va xohish borasida qolishmadi, ammo tajribasizlik pand berdi.

O‘yinga ta’sir ko‘rsatgan yana bir omil «Nasaf»ning zaxirasi «kichik» ekanligi bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Mannonov, Komilov, Yo‘ldoshev o‘yinni buzib qo‘ymadi, ammo kuchaytirishni ham uddalay olgani yo‘q. «Paxtakor»da esa, zaxiradan tushganlar darajasi baland emas edi, ammo ular o‘yinni kuchaytirish uchun emas, «o‘ldirish» uchun tushdi. Xyuistra o‘yin tempini buzish maqsadida barcha o‘zgarishlarni so‘nggi 15 daqiqada amalga oshirdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, zaxiradan tushganlar deyarli birorta epizodda ko‘rinish bermadi. Piter birinchi goldan ustalik bilan foydalandi. Bu bahs mavsumni ilk rasmiy o‘yini bo‘lgani bois, jismoniy imkoniyatlar 100 foiz emasligi ko‘zga tashlanib qoldi. Birgina Stanoevich va Bozorovning chaqqonligi bilan natija erishish mushkul. Ikkinchi taymda Markoning charchab qolgani 65-daqiqadan so‘ng, shundoqqina ko‘rinib qoldi. Afsuski, «ajdarlar» zaxirasida uning o‘rnini to‘ldirishga qodir ijrochi yo‘qligi pand berdi.

berdiyev5

Sherlar «Ajdarlar»dan ustun keldi, ammo...

Bugungi o‘yin tarixda qoladi. Bu bahsni yillar o‘tib, «Paxtakor»ning g‘alabasi bilan xotirlashadi. Shunga qaramay, o‘yinni ko‘rgan muxlislar "Nasaf"ni unutmasligi aniq. «Ajdarlar» juda og‘ir ahvolda bo‘lishiga qaramay, moliyaviy ancha barqaror bo‘lgan «Paxtakor»ga qarshi 90 daqiqa intrigani saqlab turdi, vaziyatlar yaratish bobida «sherlar»dan qolishmadi. Hakamning final hushtagiga qadar Toshkent klubi muxlislarini xavotirda ushlab turdi.

berdiyev6

Yoshlardan tashkil topgan klub Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri bilan tengma-teng olishganiga qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q. «Paxtakor» esa, ehtiyotkorlik va tajriba evaziga tajovuzkor «Nasaf»ni mag‘lub etdi. «Sherlar» tarixda qolishga haqli, ammo ularni tarixga kirishiga ko‘maklashgan «ajdarlar»ni ham unutmaslik lozim. Bugun «Nasaf» o‘zining minimum imkoniyatlaridan maksimum naf chiqardi. Toshkentliklarni sovrin bilan tabriklaymiz. «Ajdarlar» esa, ortga boshni tik ko‘tarib qaytib ketishga haqli!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
06/03/2021 20:17
Bugunki uyinga ting kurashlar buldi. Pahtakorga shunchaki. omad. gena gol buldi bulmasa. Pahtakor kamiga. 3 0 ga yitqazardi. keyin. ohirgi minutka. Norchaevni nagli penalti bor edi. kurunib turibtiki. Nagli Kremist. qupol uynadiki.