"Nasaf"ning qahramonligi? Bu boshlanishi...

  • 16 mart, 2022, 08:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

15 mart oqshomida Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bahslari o‘tkazildi. Biz uchun eng muhimi shubhasiz “Nasaf”ning safarda “Baniyas”ga qarshi o‘yini edi. Ungacha Superligamizda chempionatni ikkita durang bilan boshlagani sababli biroz xavotirlar ham yo‘q emasdi. Lekin xalqaro maydonda ishtirok etish bo‘yicha ancha tajribasini sayqallashtirib olgani BAAdagi uchrashuvda yaqqol o‘z ifodasini topdi. Ro‘ziqul Berdiev jamoasini o‘yinga shu qadar puxta tayyorladiki, raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Bungacha birgina “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichida O‘zbekiston chempioni sifatida ishtirok etishi aniq edi. Ammo qolganlarniki mavhum bo‘lib turgandi. “Nasaf” esa bir o‘q bilan ikki quyonni ura qoldi. “Baniyas”ni mag‘lubiyatga uchratib o‘zi Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqqan bo‘lsa, ortidan “So‘g‘diyona”ni OFK Kubogiga etaklab chiqdi. Ha, jizzaxliklar “Nasaf”ga minnatdorchilik bildirsa arziydi. Agar qarshiliklar yutqazganida ular bunday imkoniyatdan quruq qolishardi. Shunday qilib, 2022 yili xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini “Paxtakor”, “Nasaf” hamda “So‘g‘diyona” himoya qiladi.

nasaf galaba1

“Paxtakor” joy olgan guruh ham kechagi oqshomda o‘tkazilgan pley-off o‘yinlaridan keyin to‘liq ko‘rinish oldi. Ungacha “D” guruhida “Paxtakor”dan tashqari Eronning “Sepaxon” hamda Qatarning “Al-Duhayl” klublari joy olishgandi. Kechagi natijalardan so‘ng Saudiya Arabistonining “Al-Ta’vuun” klubi ham “D” guruhidan o‘rin oldi. “Paxtakor” esa ilk o‘yinini o‘z uyida “Sepaxon”ga qarshi boshlaydi. Ko‘rib turganingizdek, “Sherlar”ning guruhi shunday ko‘rinish oldi. O‘z oldiga OChLda katta maqsadlarni qo‘ygan “Paxtakor”ning oldida avvalo guruhdan muvaffaqiyatli o‘tib olish vazifasi turibdi. Ana endi yangi taklif etilgan bosh murabbiy Slavche Voyneski o‘z jamoasi bilan Osiyo Chempionlar ligasi guruh bahslarida qanday ishtirok etishini kuzatamiz. Lekin Superligadagi ikkita o‘yin ko‘rsatdiki, “Paxtakor” tarkibdagi o‘zgarishlarga qaramay, hamon kuchli. To‘g‘ri, o‘zimizni chempionat bilan OChL darajasi o‘rtasida farq bor. Shunga qaramay, “Paxtakor” o‘z safiga xalqaro maydonlarda toblangan futbolchilarni oldi. Umuman olganda, “Sherlar” OChLda qatnashish bo‘yicha katta tajribaga ega hisoblanadi. Faqat bosh murabbiy to‘g‘ri taktika tanlab, o‘yinchilarini kerakli darajada tayyorlay olsa, bizningcha klub bemalol keyingi bosqichga chiqa oladi. Boshqa raqiblarga hurmatni saqlagan holda aytamizki, “Paxtakor” etakchilardan biri. Faqat buni amalda isbotlash qoldi xolos.

paxtakor1_6

Kechagi kun qahramoniga aylangan “Nasaf” ham endi o‘z guruhiga ega bo‘ldi. Ro‘ziqul Berdiev jamoasi “E” guruhida Qatarning “Al-Sadd”, Saudiya Arabistonining “Al-Faylasi” va Iordaniyaning “Al-Vihdat” klublari qatoridan joy oldi. O‘tgan yili OFK Kubogi finaliga qadar etib kelgan “Ajdarlar” bu yil yana o‘sishga erishyapti. Buni klub mavsum boshidanoq uddalashga kirishgani yoqimli. Guruhga kelsak, unda shubhasiz “Al-Sadd” favorit. Qatarda va Osiyo maydonlarida erishgan yutuqlarini bilsangiz kerak. Ilgari bu jamoa Berdiev jamoasiga qarshi o‘ynagan. Biz esa “Nasaf”ga ishonamiz. Pley-offda ham ishongandik va buni amalda bajarishdi. Jamoasini guruh bosqichiga olib chiqqan Ro‘ziqul Berdiev kuchli raqiblarga qarshi ham munosib tura oladi. Murabbiy o‘z futbolchilarini anchadan beri shakllantirib kelyapti. Ayni paytga kelib “Nasaf” o‘yinchilari har tomonlama etilishdi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Endi ularni u qadar yosh futbolchilar deya olmaymiz. Rosa kuchga to‘lgan, o‘zini ko‘rsatishga ishtiyoqi baland, g‘alabalarga chanqoq holda turishibdi. Bunday vaziyatda OChL guruh bosqichida ishtirok etishi “nasaf”chilarga qo‘shimcha motivatsiya beradi.

nasaf gurux

“So‘g‘diyona” “Nasaf”ga minnatdorchilik bildirayotgan bo‘lsa ajab emas. O‘tgan yili chempionatda 2-o‘rinni olgach, bu klub xalqaro maydonga ko‘z tikdi. Buning uchun yil oxirida O‘zbekiston Kubogi finalida “Paxtakor” “Nasaf”ni engishi kerak edi. Lekin o‘shanda qarshiliklar amaldagi chempionni mag‘lubiyatga uchratdi. Natijada “Nasaf” OChLda ishtirok etish imkoniyatini o‘zida saqlab qolgandi. Lekin ko‘rib turibsizki, qarshiliklar baribir jizzaxliklarga “yordam” qo‘lini cho‘zdi. “So‘g‘diyona” “Nasaf”ning g‘alabasi tufayli ilk bor OFK Kubogi guruh bosqichida qatnashadi. Ulug‘bek Baqoev ham murabbiy sifatida birinchi marotaba xalqaro maydonda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Demak, “Nasaf”ning g‘alabasidan so‘ng, jizzaxliklar OFK Kubogi guruh bosqichida “E” guruhiga yo‘l oldi. U erda Turkmanistonning “Oltin Asr”, Tojikistonning TsSKA va Qirg‘izistonning “Neftchi” klublari ham joylashishgan. Rosti, “So‘g‘diyona”ning ishtirokini kuzatish juda qiziq tuyuladi. Baqoev chempionatimizda natija uchun qanday o‘ynashligini barchaga ko‘rsatdi. OFK Kubogida ham uning jamoasi natija uchun harakat qilishi va buning uddasidan chiqishiga ishonamiz. Chunki “So‘g‘diyona”ning salohiyatidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bemalol bu guruhdan o‘ta olishadi. Barchasi jamoaning o‘ziga bog‘liq. To‘g‘ri, klub ilk bor bu musobaqada qatnashadi. Lekin “So‘g‘diyona” raqiblaridan kuchli bo‘lsa kuchliki, aslo kam emas. Baqoev ham endi shunga qarab tayyorgarlikni o‘zgartiradi.

jizzax1

Xullas, bu yilgi mavsumda xalqaro maydonda O‘zbekiston sha’nini “Paxtakor”, “Nasaf” hamda “So‘g‘diyona” klublari himoya qilishadi. Ushbu trioga esa faqat va faqat muvaffaqiyat tilaymiz. Chempionatda jamoalar bir-biriga raqib, ammo xalqaro maydonda bir-biriga muxlis va qo‘llab-quvvatlashadi. “Nasaf”ning qahramonligini boshqa klublarimiz o‘zlariga namuna qilib olsalar maqsadga muvofiq. Agar yutqazganida nima bo‘lardi? Hech kim ortiqcha ayblay olmasdim ham. Chunki jamoa safarda va o‘ziga yarasha kuchga ega bo‘lgan klubga qarshi o‘ynadi. Lekin “Nasaf” g‘alaba qozondi va shu bilan birga o‘zbek jamoalarining xalqaro maydondagi reytingini ham oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Umid qilamiz, bu boshlanishi...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Турсунов Рамазон
16/03/2022 10:17
Насаф олга сенга омад ёр булсин.Шундай халк жамоаси булиб кол.Хамма хавас килсин.Биз сен билан олга.
rar fon
16/03/2022 13:41
Bunaqa jamoalarni, Lokamativ yoki Buxoro ham yuta oladi. Buni qaharamonlik deyish juda kulgili.
Yevropa futbolidan birorta klub bilan o'ynab ko'rishga (hech yo'q o'rtoqlik uchrashuvi bo'lsa ham) harakat qilish kerak. Eng qizig'i bizdagi klublardan, kim qaysi jamoada o'ynashini bilmiman. Oylikka yarasha o'ynashmaydi.
Eng ko'p oylik Futbolchilarimizga beriladi - eng kam oylik o'qituvchilarga berilad. LEkin o'sha pulini halol olmayotgan (ayrim) futbolchilarimizga shu o'qituvchilar tarbiyalashgan.