
Natija ko‘rsata olmagan Kanchelskis, "Navbahor"ni kelasi yili qaysi murabbiy boshqarishi va Turg‘unboevning kelajagi borasida klub vitse-prezidentidan munosabat
“Navbahor” klubida bu yil nimalar bo‘lganini bilasiz-a? O‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan klub doim barchaning e’tiborida bo‘ladi. “Navbahor”da ham mavsum davomida bir qator voqealar yuz berdi. Lekin shunga qaramay, klub o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadidan og‘ishmasdan oldinga intilishda davom etyapti.
Chempionatda 8-o‘rinni egallagan jamoa endi O‘zbekiston kubogi bahslariga tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu klub uchun katta ahamiyatga ega. Negaki, namanganliklar Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish orzusida yuribdilar. Bu borada futbolchilarga barcha sharoitlar yaratib berilyapti. “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Otabek Samatov jamoaning maqsadiga erishish yo‘lida qanday yordam kerak bo‘lsa, barchasini bajaryapti.
Oxirgi paytlarda uning muhim masalalar bo‘yicha fikrlarini bilishga ishtiyoqimiz baland edi. Samatovga o‘zimizning taklif va istagimizni ma’lum qilganimizdan so‘ng, mutaxassis SPORTS.uz sayti uchun o‘zining munosabatini bildirishga rozi bo‘ldi
Kanchelskis va Belenkov masalasi qanday hal etilyapti?
Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, jamoani boshqargan rossiyalik Andrey Kanchelskis afsuski, o‘zidan iliq taassurot qoldirmadi. Ayniqsa, “Navbahor” uning boshchiligida 9 ta o‘yinda g‘alabasiz seriyani davom ettirib, qimmatli ochkolar yo‘qotildi. Keyin esa, Kanchelskis hech kimga indamasdan, Rossiyaga ketib qoldi. Shundan keyin u Rossiyadagi OAV orqali turli intervyular berib, o‘zini oqlash maqsadida bir nimalar deb yotibdi. Qolaversa, uning sobiq yordamchisi Belenkov bilan bog‘liq muammo ham ko‘ndalang turibdi. “Navbahor” klubi vitse-prezidenti Otabek Samatovdan dastlab ushbu masalalar bo‘yicha munosabatini bildirishini so‘radik.
- Biz klubga yangi kelgan vaqtimizda Andrey Kanchelskis va yordamchisi Aleksey Ilich ham ko‘plab muxlislarning talablariga binoan jamoaga qaytarilgandi, - deya gapini boshladi Samatov. - Birinchi bor gaplashganimizda bizga o‘zining talablarini aytdi. Gapning ochig‘i, shartnoma masalasida kelisha olmadik. O‘shanda shunday vaziyat ediki, “Paxtakor” jamoasi bilan o‘z maydonimizda muhim o‘yinimiz bor edi. Biz maydonga murabbiysiz chiqa olmasdik. Natijada klub murabbiylarning oldidagi barcha shartlarni bajardi. Ammo murabbiylar qaytganida 7 ta tur qolgandi va maksimal ochko olamiz, deb va’da berdi. Biroq keyin natijalar nima bo‘lgani o‘zingizga ma’lum. Kanchelskis bilan ilk bor gaplashganimizda klubning asosiy maqsadini aytdik: “Navbahor”ni Osiyo Chempionlar Ligasiga olib chiqish vazifa sifatida qo‘yildi, murabbiyga. Buning uchun u sharoitlarni aytdi, Turkiyada bir oy davomida yig‘in hamda o‘yinchilar masalasida selektsiya ishlarida faol bo‘lishimizni, yaxshi futbolchilarni taklif qilishimizni, saviyali legionerlarni olib kelishimizni, shuningdek, mahalliy iqtidorlarni ham jalb qilishimizni tayinladi. Klub short-listidagi barcha futbolchilarni oldik, deb o‘ylayman. Murabbiy bizga ro‘yxatni berdi. Dekabr oyida rosa yangi o‘yinchilarni taklif qiladigan paytimizda u uyiga ketib qoldi, ta’tildaman, deb. Vaholanki, biz dekabrda yaxshi o‘yinchilarni qo‘lga kiritib olishimiz kerak, bunday paytda esa murabbiyning o‘zi bo‘lishi shart, desak ham u uyiga jo‘nab ketdi, ro‘yxatni berib. Shunda biz selektsiya bo‘yicha ishlaydigan mutaxassis sifatida hozirda “Andijon” jamoasini boshqarayotgan Otabek G‘ulomxo‘jaevni taklif qildik. Otabek aka bilan birgalikda selektsiya ishlarini boshladik. O‘ylaymanki, bu borada yaxshi ishladik.
Endi yordamchi murabbiyga kelsak, bosh murabbiy bilan gaplashdik. U qandaydir aniq bir to‘xtamga kelmadi va ta’tildan qaytish vaqti kelganda yordamchisi qaytmadi. Biz juda ko‘p marotaba aloqa o‘rnatmoqchi bo‘ldik. Hatto Kanchelskisga ham aytdik, yordamchingni chaqir, kelsin, oldinda yig‘in boshlanyapti, deb vaziyatni tushuntirdik. Lekin yordamchi murabbiyi qaytmasligini hamda FIFAga arz qilishini aytdi. Hozirda Belenkov masalasida yuristlarimiz CASga murojaat qilishgan va bu masala u erda ko‘rib chiqiladi, hammasi. Andrey Antanasovich ham, o‘zingiz bilasiz, “Buxoro” bilan uchrashuvdan keyin klubning barcha talablarini buzgan holda o‘z yurtiga ketib qoldi. Holbuki, o‘shandan biroz oldin murabbiylar hamda o‘yinchilarga yig‘ilish o‘tkazgandik va murabbiy yilning oxirigacha ishlashi va kerakli natijani qo‘lga kiritishga va’da bergandi.
Hozirda Kanchelskis masalasi bo‘yicha ham yuristlar ish olib bormoqda. Albatta, bu masalani iloji boricha ijobiy hal qilish tarafdorimiz. Shuncha muxlislarimiz borki, ular Kanchelskisga ishonib, uni “Navbahor”ga qaytarishda juda katta ishlarni qilishgan, jonbozlik ko‘rsatishgan, umid qilishgan, shu murabbiy bizga Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini olib beradi, deya ishonishgan. Hattoki, qaytgan kuni maydonda minglab muxlislar yig‘ilib, uni qo‘llab, ayrimlarining ko‘zlaridan quvonch ko‘z yoshlari ham oqqandi. O‘sha ishqibozlarni hurmat qilgan holda, bu darajadagi sevimli “Navbahor”imizga nisbatan hurmatsizlik qilib, har xil bahona yo‘llarini topib, jamoadan o‘zboshimcha ravishda ketib yuborishi menimcha, Andrey Antanasovichdek insonga yarashadigan hislat, deb o‘ylamayman. Bu bilan u faqat o‘zini hurmat qilgan muxlislarining oldida obro‘sini yo‘qotdi, deb o‘ylayman, - dedi Otabek Samatov.
Hasanovning ishi manzur bo‘lyapti?
Kanchelskisdan keyin bosh murabbiylik mahalliy kadr – No‘’mon Hasanovga ishonib topshirildi. Natijalar chakki emas. Har holda rossiyalik murabbiy davridagidek g‘alabasiz seriyalar qayd etilmadi. Xo‘sh, Hasanovning ishi rahbariyatni qoniqtiryaptimi?
- No‘’mon Hasanov juda talabchan va o‘z ishiga yurakdan yondashadigan qattiqqo‘l murabbiy ekanligini va samimiy insonligini ish jarayonida ko‘ryapmiz. Jamoamizda kuchli saviyadagi o‘yinchilar yig‘ilgan. Maqsadimiz hali ham o‘sha Osiyo Chempionlar Ligasiga chiqish va O‘zbekiston kubogi o‘yinlarida bor kuchni sarflab, kubokni yutishni istaymiz. Yaqinda viloyatimiz hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishlari ko‘p bo‘lishlariga qaramay, jamoamizga kelib, yigitlarni qo‘llab-quvvatlab, barcha kuchni O‘zbekiston kubogi o‘yinlariga sarflab, muxlislarimizning orzularini ro‘yobga chiqarish kerakligini ta’kidlab, jamoamizga omad tiladilar hamda qo‘llab-quvatlashlarini ta’kidlab, murabbiy va o‘yinchilarimizga motivatsiya berdilar. Xudo xohlasa, futbolchilarimiz bor kuchlarini berib, to‘p surishga va’da berdilar. Hasanovning olib borayotgan ishlari klubga ma’qul kelyapti va nasib bo‘lsa, keyingi mavsumga ham jamoamiz bosh murabbiyi lavozimida ishlaydi, deb o‘ylayman. Albatta, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritsak, bosh murabbiy to‘g‘risida o‘ylamasak ham bo‘ladi. Chunki natija yaxshi bo‘lsa, hech qaysi klub murabbiyni o‘zgartirmasa kerak, - dedi klub vitse-prezidenti.
Yangi mavsumdagi rejalar qanday?
Ushbu oyda joriy yilgi mavsum nihoyasiga etadi va biroz ta’tildan keyin darhol yangi chempionatga tayyorgarlik boshlanadi. “Navbahor” esa ushbu yildagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarayotgani tabiiy. Shu o‘rinda Otabek Samatov keyingi yildagi rejalar xususida o‘rtoqlashdi:
- Keyingi yilga qo‘yiladigan maqsadimiz O‘zbekiston kubogi bahslariga juda katta bog‘liq bo‘ladi. Agar nasib qilib, kubokni qo‘lga kiritsak, iloji boricha jamoamizning etakchi futbolchilarini saqlab qolishni reja qilganmiz. Chunki Osiyo Chempionlar Ligasida to‘p surish uchun saviyali futbolchilar kerak bo‘ladi va albatta o‘zimizning yosh, mahalliy yigitlarimizni ham asosiy tarkibga jalb qilib, imkon berish kerakligini bilamiz. Shuningdek, hozirda yoshlarimizda ham ancha tozalov ishlarini qilganmiz. U-18 yoshlarimiz bu yilgi mavsumda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. U-21 yoshlar jamoamiz 4-pog‘onani egalladi. Shu bilan birga U-18 va U-21 yoshlar jamoalarida ishlayotgan murabbiylar - Usmon Asqaraliev, Muhammadjon Nuriddinov, Denis Toymentsov, Alisher Mahmudov hamda Ravil Galeevga rahmat aytmoqchiman. Ushbu yoshlar bilan oldingi qishki saralash bosqichida ishtirok etgan va hozirda asosiy jamoaga yordam berayotgan Sherzod Jo‘raevga ham minnatdorligimni bildiraman.
Aziz Turg‘unboev “Navbahor”ni tark etadimi?
Oxirgi paytlarda klub etakchisi Aziz Turg‘unboevga jiddiy qiziqishlar bo‘layotgani haqidagi gaplar quloqqa chalinyapti. Masalan, unga Erondan taklif bo‘lgani haqida eshitdik. Shuningdek, o‘zimizdan ham chorlovlar borligi haqida gap-so‘zlar bor. “Navbahor” rahbari Turg‘unboev masalasiga ham oydinlik kiritdi.
- Aziz Turg‘unboev Namanganimizning haqiqiy o‘g‘loni, samimiy yigit. O‘zining o‘yinlari bilan muxlislarning qalbidan joy olishga ulgurdi. Azizbekka rostdan ham ko‘plab takliflar mavjud. Biz bu masalani ko‘rib chiqyapmiz. Turg‘unboev uchun keyingi faoliyatida oldinga qarab yurishi uchun eng yaxshi yo‘lni birgalikda ko‘rib chiqamiz. Hozirgi paytda Abbos G‘ulomov, Komiljon Tojiddinov, Husayn Ergashboev, Abdulhay Ismoilov, Ulug‘bek Aknazarov, Mirzohid Mirzamahmudov, Doston Abdulhaev, Sherzod G‘ulomjonov, Jamoliddin Bahromov, qolaversa, “Paxtakor”dan ijara asosida jamoamiz tarkibida to‘p surayotgan, asli namanganlik Shoxruh Mahmudhojiev kabi yoshlarimiz juda yaxshi taassurot qoldirishmoqda. Kelajakda ular yaxshi futbolchi bo‘lib etishishadi, degan umiddaman, - deya so‘zini yakunladi Samatov.
Fikrlar