"Navbahor" darvozaboni "Turon"ga ketadimi yoxud Rahim Davronov bosh murabbiy bilan munosabati yaxshi emasligi, Yusupov bilan raqobat, transfer narxi va boshqalar haqida gapirdi

  • 8 iyul, 2021, 23:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Navbahor” klubida ikkita teng kuchli darvozabon bor desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Albatta, O‘tkir Yusupov klubda birinchi raqamli posbon.

Tecno

Shuningdek, mavsum boshida “Mash’al” klubidan sotib olingan Rahimjon Davronov ham bor. U ham iqtidorli darvozabon va har qanday jamoani kuchaytirishga qodir.

Lekin Davronov o‘tgan vaqt davomida “Navbahor”da faqat zaxirada qolib ketdi, birorta o‘yinda ishtirok etmadi. Shu sababli sports.uz muxbiri unga bir qancha savollarni o‘rtaga tashladi.  

- “Navbahor”ga o‘tgan chog‘ingizda bu faoliyatingizda oldinga siljish sifatida baholangandi. Lekin ortda qolgan 12 ta uchrashuvda zaxirada o‘tirdingiz...

- To‘g‘ri, hamma “Navbahor”ga o‘tganimni oldinga qadam, deb o‘ylagandi. O‘zim ham bu klubga ko‘chib o‘tganimdan nihoyatda xursand bo‘lgandim. Bu erda O‘tkir aka Yusupov bilan raqobat kuchli bo‘ladi, darvozabon sifatida yanada o‘saman va terma jamoaga tushishga harakat qilaman, deb o‘ylagandim. Keyin klubdagi o‘zgarishlarni hamma ko‘rdi. Murabbiy almashdi. 2020 yilning boshida Viktor Jalilov “Mash’al”ga kelgandi, qishki yig‘inda. O‘shanda u bilan ozroq gapimiz qochib qolgandi. U “Navbahor”ga bosh murabbiy bo‘lganidan so‘ng, menga umuman e’tibor bermadi. Jamoaga yordam berishni va o‘zimni ko‘rsatishni juda xohlagandim. Ko‘pchilik menga “Navbahor”ga bekor o‘tding, degandi. O‘shalarga bu gaplar noto‘g‘ri ekanligini isbotlamoqchi edim. Hattoki, meni yoshlar jamoasiga ham bermadi. Shu tariqa, klubda o‘yin amaliyotisiz qolib ketdim. Keyin mashg‘ulotda barmog‘im sinib qoldi. Shu bilan bir oy mashg‘ulot qilmadim. Shunaqa qilib, yozgi ta’tilga ham chiqdik. Balki endi vaziyat yaxshilanib qolar. Menga ham imkoniyat beriladi, deb umid qilaman.

davronov2_1

- “Navbahor”ga bekor o‘tibman, degan o‘y-xayol sizni qiynamayaptimi?

- Bu erga kelganimdan hech qachon afsuslanmayman. Bu ham bir nasiba. “Navbahor”ga bekordan-bekorga o‘tmaganman. O‘zimga ishonganman. Raqobat qilishga kuchim etadi. Hozir ham afsuslandim, nimaga keldim, “Mash’al”da qolsam o‘ynardim, degan gap-so‘zlar xayolimga kelmaydi. Baribir qachondir imkoniyat bo‘ladi. “Navbahor” yaxshi jamoa, menga yoqdi.

- O‘ylashimcha, siz bilan bog‘liq vaziyatni boshqa klublar ham kuzatib bormoqda. “Navbahor”da o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotganingiz evaziga sizga jiddiy takliflar borligi xususida ma’lumotlar bor. Ayting-chi, qaysi jamoalardan xizmatingizga qiziqish bo‘lyapti?

- Birinchi davradan keyin eng jiddiy qiziqish “Turon” klubidan bo‘ldi. Bu masalada jamoamiz prezidenti Otabek aka Samatov bilan gaplashib turibmiz. Agar imkoni bo‘lsa, ijaraga beramiz, deyapti. Qolgan takliflar og‘zaki bo‘ldi. Eng jiddiysi “Turon” bo‘lib turibdi. Agar rahbarlar hal qilsa, balki ijaraga berishar.

davronov3_1

- “Turon”dan sizga Igor Shkvirinning o‘zi aloqaga chiqdimi?

- Yo‘q, klub rahbarlari. Uchta variantimiz bor, Shkvirinni o‘zi seni tanladi, deyishdi. O‘yinlaringni kuzatgan va seni yaxshi biladi, deb qo‘shimcha qilishdi. Ular men haqimda bir to‘xtamga kelishgan va qo‘lga kiritishmoqchi. Nima bo‘lishini bilmayman, ko‘ramiz. Transfer oynasi endi ochildi.

- O‘zingizga qolsa, nima qilasiz? “Navbahor”da qolmoqchimisiz yoki ketishni istab turibsizmi?

- Bir tomondan ketsam ham yaxshi. O‘yin amaliyotiga ega bo‘laman. Futbolda eng yaxshi mashg‘ulot – o‘yin, deyishadi. Lekin yana bir tomondan “Navbahor”da qolgim ham keladi. Jamoaga o‘rganib qoldim. Rahbarlar nima deyishsa shu, hozircha klubning ixtiyoridaman. Ketsam ham, qolsam ham ma’qul. Biroq “Turon” varianti yaxshiroq, deb o‘ylayman. 2019 yili “Buxoro”da bo‘lganimda, xuddi “Turon”dagi kabi vaziyat yuz bergan. Ya’ni, asosiy maqsad klubni olib qolish edi va bu vazifani bajarganmiz. Odatda, bunday jamoalarda to‘p surish juda qiziqarli bo‘ladi. Har bir o‘yin mas’uliyatli bo‘ladi. O‘zimga ham “Turon” varianti yoqib turibdi.

davronov4

- Mabodo, “Mash’al”ga qaytish varianti bo‘lmadimi?

- Hozircha yo‘q. Balki keyinchalik “Mash’al” chaqirsa, boraveraman. Qaerga yordamim tegsa, o‘sha erga boraman. Ammo hozir “Mash’al” haqida o‘ylaganim yo‘q.

- Tan olish kerak, O‘tkir Yusupov birinchi raqamli posbon sifatida o‘zini ko‘rsatyapti. Agar xatolarga yo‘l qo‘yib, jamoasiga pand bergan holatda ham yana unga imkoniyat berilganida u holda sog‘lom raqobat yuzaga kelmayapti, deb aytish mumkin bo‘lardi. Lekin Yusupov ishonchli o‘yin ko‘rsatyapti. Biroq sizni klubda bo‘lishingiz “Navbahor” uchun foydali. Nimaga deganda, ikkita yaxshi saviyadagi posbonga egaligi klubni xotirjam qiladi. Ammo bu holatda o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotganingiz siz uchun qoniqarsiz. Bu holatga fikringiz qanday?

- Raqobat zo‘r bo‘lyapti. Mashg‘ulotlarda ham ishlash qiziqarli. Baribir O‘tkir aka mendan ko‘ra tajribaliroq. O‘zbekistonda uchta eng yaxshi darvozabon bo‘lsa, ulardan bittasi O‘tkir Yusupov. Mashg‘ulotlarda ham, o‘yinlarda ham yaxshi raqobat bo‘lyapti. Bu meni xavotirga solgani yo‘q. Men zaxirada qolib ketayotganim sababli O‘tkir akaga nisbatan hech qanday gina-kudratim yo‘q. Faqat murabbiy bilan kelishmaganim sababli shunday bo‘ldi, deb o‘ylayman. Menga imkon ham, e’tibor ham bermadi. Murabbiy bilan o‘rtamizda muammo borligini hisobga olmaganda klubda qolgan barchasi yaxshi. To‘g‘ri aytdingiz, “Navbahor”da ikkita yaxshi saviyadagi darvozabon borligi uchun ham klub xotirjam. Menimcha, shu tomonini ham o‘ylab meni “Turon”ga qo‘yib yuborishmasa kerak. Yana bilmadim, balki nasibam qo‘shilgan bo‘lsa, “Turon”da o‘ynarman.

- O‘tgan vaqt davomida Viktor Jalilov bilan vaziyatga oydinlik kiritish uchun o‘zi bilan gaplashishni xohlamadingizmi yoki bu befoydami?

- To‘g‘risini aytsam, deyarli gaplashmadim ham. Bir marta telefon qildim. Hatto, raqamimni bilmasdi. Qo‘ng‘iroq qilsam, yaxshi gapirmadi.

- O‘shanda sizni tanidimi?

- Ha, tanidi. “Eto ya Rahim desam, nu chto”, deb gapirdi. Shu tomonlama ham e’tibor bo‘lmasa, odamga alam qiladi-da. Murabbiy ko‘p narsani hal qiladi. Qani, ko‘ramiz. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman.

davronov1_1

- Eshitishimcha, klubda bosh murabbiy masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Shaxsiy fikringiz qanday: “Navbahor”ga yangi murabbiy zarur, deb o‘ylaysizmi?

- Bilmadim. Umuman olganda, yaxshi, yomon emas. Ammo yangi murabbiy kerak, deb o‘ylayman. Viktor Romanovich yomon mutaxassis emas. Biroq mashg‘ulotlari eskirgan. Yana bilmadim, men faqat o‘zimning shaxsiy fikrimni aytyapman. Menga qizig‘i yo‘q. Qolsa ham, qolmasa ham o‘z ustimizda ishlayveramiz. Hammasini klub rahbarlari hal qiladi. Biz mashg‘ulotlarda ishlashda davom etamiz. Jamoamizda muhit yaxshi. Futbolchilar bir-birini qo‘llab-quvvatlashadi. Mashg‘ulotlarda O‘tkir akadan bilmaganlarimni o‘rganib, harakat qilyapman. Baribir unda tajriba katta. Yusupovga qarab intilyapman.

- Darvoqe, sizga xorijdan ham takliflar bo‘ldimi?

- O‘tgan yili “Mash’al”da o‘ynab yurganimda, mavsum tugaganidan keyin bo‘ldi. Ikki-uchta variantlar borligi aytildi. Masalan, Saudiya Arabistonidan. Yana boshqa variantlar ham bor, ko‘rib chiqyapmiz, deyishgandi. Keyin “Navbahor” sotib olamiz, deganidan so‘ng, meni bu klubga sotishdi.

- Sir bo‘lmasa, transfer narxingiz qancha edi?

- 30 ming AQSh dollari.      

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Rostgoy
09/07/2021 00:12
Уткир Юсуповдан кучли. Уткир андижон урган голода котта айби бор бемалол кайтарадиган тупни утказворди.