
"Navbahor" futbolchisi Chernogoriya terma jamoasi yig‘iniga chaqirildi. "Lochinlar"dan yana kimlar termada?
"Navbahor"ning chernogoriyalik 27 yoshli himoyachisi Milosh Milovich Miodrag Radulovich murabbiylik qilayotgan Chernogoriya terma jamoasiga chaqirildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Radulovich shogirdlari 12 oktyabrda o‘z maydonlarida OFK vakili Livan termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazsa, 17 oktyabr kuni "Evro – 2024" saralash bahslari doirasida safarda Serbiya termasi bilan kuch sinashadi.
Xabaringiz bor, joriy yilning noyabr oyidan boshlab "JCh-2026" saralash bellashuvlarida ishtirok etadigan, mazkur o‘yinlarga tayyorgarlik doirasida 10-17 oktyabr kunlari Xitoyda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadigan O‘zbekiston terma jamoasi mazkur yig‘in doirasida 13 oktyabr kuni Vetnam hamda 16 oktyabr kuni Xitoy termalariga qarshi o‘rtoqlik bahslari o‘tkazadi.
Milliy terma jamoamizning ushbu yig‘ini va bo‘lajak nazorat bahslariga bosh murabbiy Srechko Katanets “Navbahor”ning 4 nafar futbolchisi darvozabon O‘tkir Yusupov, yarim himoyachilar – Oston O‘runov, Jamshid Iskanderov hamda hujumchi Jasur Yaxshiboevni jalb etdi.
Shuningdek, joriy yilning 11-15 oktyabr kunlari O‘zbekiston U-21 yoshlar terma jamoasi “Qiziltog‘”da o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi. Ushbu yig‘inga “lochinlar”ning 20 yoshli mahoratli yarim himoyachisi Muzaffar Muminov jalb etildi.
Joriy yilning 6 noyabr – 2 dekabr sanalarida Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan U-17 jahon chempionatida qatnashadigan O‘zbekiston U-17 termasining o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga esa “lochinlar”ning 4 nafar o‘yinchisi darvozabon Ozodbek Ma’rupov, himoyachilar Sherzod Abdulboriev, Ozodbek O‘ktamov hamda hujumchi Shodiyor Shodiboev jalb etildi.
Fikrlar