
“Neftchi” bu tur “Navbahor”ni ortda qoldirdi
29 iyun – 3 iyul kunlari Superligada qoldirilgan 8-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi.
Tur kutilmagan natija bilan boshlandi. “Andijon” safarda “Paxtakor” bilan durang o‘ynadi. “Qizilqum” o‘z uyida “Bunyodkor” darvozasiga javobsiz ikkita to‘p yo‘lladi. “So‘g‘diyona” Jizzaxda OKMKga engildi. “Navbahor” qiyin kechgan bahsda “Buxoro”dan 3 ochko oldi.
“Neftchi” turning markaziy bellashuvida “Nasaf”ni taslim etdi. Farg‘onaliklar birinchi davrada mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘ldi.
“Olimpik” - “Surxon” uchrashuvida g‘olib nomi aniqlanmadi. “Metallurg” yaypanliklarga qarshi bellashuvda yana engilishni istamadi. “Turon”ning Superligadagi yagona g‘alabasi aynan bekobodliklar bilan o‘yinda qo‘lga kiritilgandi. Bir so‘z bilan aytganda, “Turon” birinchi davrani g‘alabasiz yakunladi.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
8-turda stadionlarimizga jami 37022 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu har bir bellashuvga o‘rtacha 5289ni tashkil qiladi.
Eng ko‘p muxlis Farg‘onada. “Neftchi” - “Nasaf” o‘rtasidagi o‘yinni 13800 tomoshabin arenadan kuzatdi. Odatda “Navbahor” o‘z uyida o‘ynasa, muxlislar tashrifi bo‘yicha unga raqobat qilish qiyin edi. Ammo…
Ammo bu gal namanganliklar muxlislar statistikasi bo‘yicha ulovni vodiyning boshqa jamoasiga berib qo‘yishdi. “Navbahor”ning “Buxoro”ga qarshi bellashuviga 9323 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu raqamlar katta ehtimol jamoalar duch kelgan raqiblar bilan bog‘liq.
Bir necha hafta oldin “Qizilqum”ning uy o‘yinlariga o‘tgan mavsum ko‘plab muxlislar kelganiga haqida yozib, joriy yil bu raqamlar ko‘zga tashlanmayotganini bildirgandik. Mana jamoada o‘zgarishlar bo‘lib, stadionlarga ishqibozlar ham qaytishni boshladi. “Qizilqum” - “Bunyodkor” o‘yiniga 3852 odam keldi. Umid qilamizki, bu boshlanishi.
Eng kam tomoshabin poytaxtda. “Olimpik” - “Surxon” to‘qnashuvini 879 kishi stadiondan kuzatdi.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Neftchi” - “Nasaf” 2:1. 13800 tomoshabin
“Navbahor” - “Buxoro” 1:0. 9323 tomoshabin
“Metallurg” - “Turon” 1:1. 4322 tomoshabin
“Qizilqum” - “Bunyodkor” 2:0. 3852 tomoshabin
“Paxtakor” - “Andijon” 1:1. 3216 tomoshabin
“So‘g‘diyona” - OKMK 1:2. 1630 tomoshabin
“Olimpik” - “Surxon” 1:1. 879 tomoshabin
Fikrlar