
"Nomlarga qarab xulosa qilib bo‘lmaydi, "Navbahor"ning murabbiylar shtabi keng ekan, oxirgi 3 ta o‘yinimizni kelib kuzatishdi, bizda esa..." - Asror Aliqulov
Navoiyning “Qizilqum” jamoasi ham Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazib qaytdi. Bosh murabbiy Asror Aliqulov Superligada debyutini o‘tkazadi. Ammo unga ham ilk mavsumida oson bo‘lmasligi shubhasiz.
Shunga qaramay, Asror Chorievich “Qizilqum”da o‘zining rejalari va futbolga qarashiga xos tarzda jamoa shakllantirishga harakat qilyapti.
Antaliyadan qaytar chog‘imizda, aniqrog‘i aeroportda Aliqulov Sports.uz jurnalistining suhbatlashish taklifiga rozilik bildirdi.
- Murabbiy sifatida hamma vaqt ishlaysizu, ammo xayolingizdan yana nimadirlar o‘tadi, har doim o‘zingizdan kamchilik topasiz. Faqat legionerlarimiz biroz kechroq qo‘shilishdi. Chempionat startigacha qanaqa holatda etib kelishi o‘ylantirib turibdi. 4 mart kungi ilk uchrashuvga qadar barchasi shay holatda, bo‘ladi, deb umid qilaman.
- Ha, yangi mavsumga oz fursat qolyapti. Ilk o‘yin oldidan hayajon sezilmayaptimi? Har qalay sizning Superligadagi bosh murabbiy sifatida dastlabki mavsumingiz yaqinlashyapti.
- Hayajon doim bo‘ladi. Baribir startga yaqin seziladi. Asosiysi, futbolchilardagi xotirjamlikni ushlab qolish. Chunki raqib nomdor o‘yinchilarga ega. Biz mehmonda o‘ynaymiz. “Navbahor” o‘z muxlislari bilan ham nom qozongan. Albatta, stadion to‘la ishqibozlar qarshisida to‘p surish yoqimli. Ikkinchi tarafdan xotirjamlikni ushlashimiz kerak. Bu bosimni engishimiz lozim. O‘ylaymanki, bizni qiziqarli uchrashuv kutib turibdi.
- Antaliya yig‘ini davomida “Navbahor”ning o‘yinlarini jonli kuzatish imkoniyati ham bo‘ldimi?
- Ularning o‘yinlarini borib kuzatishga imkoniyatimiz bo‘lmadi. Chunki o‘yin va mashg‘ulotlarimiz bir rejim asosida tuzilgandi. Lekin “Navbahor”ning murabbiylar shtabi keng ekan. Aytish mumkinki, bizning oxirgi uchta o‘yinimizni kelib kuzatishdi. Bizda murabbiylar shtabi unchalik keng emas. “Navbahor”ning bir-ikkita o‘yinlariga borishga harakat qilmoqchi bo‘ldik. Lekin rejim masalasi to‘g‘ri kelmadi. O‘tgan yili va bu yilgi o‘yinchilari, oxirgi o‘ynagan o‘yinlari, shular orqali, o‘rganib tayyorlanamiz.
- Mana, “Navbahor” bilan yonma-yonsiz va Antaliyadan birga qaytyapsizlar. Ularning tarkibiga qarab, nimalarni hayol suryapsiz?
- To‘g‘ri, familiyalar tomonlama bizdan ustun. Maydonda ko‘plab yaxshi saviyali o‘yinchilari bor. Ammo jamoaviy o‘yin orqali va o‘sha kuni qaysi futbolchi yaxshi tayyorlangan bo‘lsa, uning imkoniyatlari balandroq bo‘ladi. Hozir nomlarga qarab, o‘yin boshlanmasidan avval xulosa qilib bo‘lmaydi. Ha, raqibni hurmat qilamiz. Biroq bizni ham maqsadimiz bor. Qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Biz yaxshi bellashuvga tayyorlanyapmiz.
- Sizni oldinda oson bo‘lmagan faoliyat kutyapti. “Qizilqum”ni o‘tgan yilgi tarkibi bilan solishtirganda bu safar yana o‘zgarish katta bo‘ldi. Ko‘pchilikda “Qizilqum” o‘rtahollashdi, kuchsizlandi, degan fikrlarni eshityapmiz. Bunga munosabatingiz qanday?
- Birinchi navbatda baribir futbol ichida yuribmiz, o‘zim ham bunday narsalarni sezaman. Jamoaga bo‘lgan e’tiborni va eplay oladimi-yo‘qmi, degan gaplar bo‘ladi. To‘g‘ri, klubni 90 foiz futbolchilar tark etdi. Yangi jamoa tuzish juda qiyin va bu vaqt talab qiladi. Baribir Superliga bizni kutib turmaydi. Buni o‘yinchilarga imkon darajasida uqtiryapmiz va o‘zimiz ham tushunib turibmiz. Muxlislarga qanaqa tarkibligini qizig‘i yo‘q, ularga birinchi navbatda natija kerak. Rahbariyatga ham xuddi shunday. To‘g‘ri, murabbiy sifatida men uchun debyut va tavakkal. Ammo ishonch bor. Futbolchilarimizga ham ishonamiz. O‘ylaymanki, yaxshi jamoa tuzyapmiz. Zaif nuqtalarni to‘ldirishga harakat qildik. Imkon darajasida o‘zimiz o‘ylagandan ko‘proq ochkolarni yig‘ishimiz lozim. To‘g‘ri, “Qizilqum” nomlar tomonlama yutqazdi, deyish mumkin. Ammo jamoamiz qaysi tomonlama kuchaydi yoki kuchsizlashdi, buni baribir chempionat ko‘rsatadi.
- 1-turda “Navbahor”ga qarshi o‘yin uchun alohida rejangiz bormi?
- Qanaqadir reja bor. Raqibning o‘yinlarini, videoyozuvlarini kuzatyapmiz. Yangi qabul qilingan futbolchilari bor. Shundan kelib chiqib, tahlil qilyapmiz. Turkiya yig‘inidan so‘ng biroz dam olamiz. O‘yingacha bo‘lgan holatda biz o‘sha kuni qanday o‘ynaymiz, rejalarimizni muhokama qilib, qaysi reja bizga muvaffaqiyat keltirishi mumkin? O‘sha reja asosida o‘yinga tushamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar