
No‘’mon Hasanov: Futbolchilarimiz yaxshi maydonga o‘rganib qolgan ekan
“Mash’al” o‘z maydonida “Navbahor” darvozasiga javobsiz uchta gol urgan holda yirik hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan keyin namanganliklar bosh murabbiyi No‘’mon Hasanov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- O‘yin haqida taassurotlaringiz qanday?
- Avvalambor, “Mash’al” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Birinchi golni o‘tkazib yuborganimizdan keyin o‘yinimiz qovushmadi. Birinchi bo‘limda ham o‘zimiz istagandek to‘p sura olmadik. Futbolchilarimiz yaxshi maydonga o‘rganib qolgan ekan. Balki shuning uchun kombinatsion o‘yin tashkil qila olmadik. Buning ustiga ushbu o‘yin uchun yaxshi maydonda shug‘ullana olmadik ham. Chunki qor yog‘di. Zalda o‘tdi mashg‘ulotlarimiz, ko‘chaga ham chiqa olmadik. Mana shu sabablar ham o‘yinimizning qovushmaganiga ta’sir qildi deb o‘ylayman.
- Toshkentda markazlashgan holda o‘tgan o‘yinda ham “Navbahor” “Mash’al”ga yutqazgandi. Shu sababli “Mash’al”ni “Navbahor” uchun noqulay raqib deb o‘ylaysizmi?
- Birinchi davradagi uchrashuvni tribunada kuzatgandim. Ko‘rib turibsizlar, jamoamizda o‘yin o‘zgardi. Uchta bellashuvda g‘alabaga erishdik. O‘yin uslubimizda ko‘proq pas berish orqali hujumlarni tashkillashtirishga e’tibor qarata boshladik. Balki aytganingiz to‘g‘ridir, “Mash’al” biz uchun noqulay raqibdir. Umuman, bugun o‘yinimiz chiqmadi. Agar yaxshiroq maydon bo‘lganida boshqacha o‘yin ko‘rsatardik.
- O‘tkazilgan uchta golda ham himoyachilarning xatolari ko‘zga tashlandi. Bosh murabbiy sifatida aynan himoyachilarning aybi katta, deb o‘ylaysizmi yoki darvozabonning ham xatosi bormi?
- Birinchi golda, menimcha darvozabonning xatosi bo‘ldi. Negaki, birinchi hududdan ikkinchi hududga pas oshirish orqali o‘tamiz. To‘pni tepaverib oxiri darvozamizga gol olib keldi, deb o‘ylayman. Bugun hamma xato qildi. O‘tgan o‘yinlarga qaraganda, bu safar yigitlarimizning ko‘zi yonmadi. Aytyapman-ku, ikkita mashg‘ulotimizni zalda o‘tkazdik, o‘zim ham yaxshi tayyorlantira olmadim.
- O‘zbekistonda qaysi jamoalarning maydonlarini “Mash’al”nikidan yomonroq deb o‘ylaysiz?
- Aslida-ku, “Mash’al”ning maydoni yaxshi. Bungacha doim bu erga kelganimizda maydon sifati qoniqarli bo‘lardi. O‘zi bu erda qor yog‘dimi?
- Yo‘q.
- Ko‘ryapsizlarku, to‘p maydonda sakrab-sakrab ketyapti. Baribir Namangandagi maydon boshqachada. Hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi eng zo‘r maydon “Navbahor”niki, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, ilgari qish paytida chempionat o‘tkazilmasdi. Bunday paytda maydonlar sovuq havoda qotib ketadi. Oldinlari chempionatni ertaroq tugatardik. “Masha’l”ning maydonini oldindan bilaman, eng yaxshilaridan biri bo‘lardi.
- Kanchelskisdan qolgan qaysi g‘oyalar va xatolarni yo‘qotish qiyinroq bo‘lyapti?
- Kanchelskis davrida uzun paslar orqali o‘yin tashkil qilinardi. Bugun futbolchilarimizning ruhiyatini, g‘alabaga bo‘lgan ishonchini ko‘rmadim. Hamma murabbiyning har xil uslubi bor. Kanchelskisning o‘z futboli, mening esa o‘z futbolim bor. Kimndir yaxshi, kimnidir yomon deb aytish qiyin.
Fikrlar