
Orzular osmonidamiz yoxud reytingda kim, qaysi o‘rinda?
2020 yilning 24 iyul - 9 avgust kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga 8 oy qoldi. Dunyoning barcha mamlakatlarida har to‘rt yillikning ushbu nufuzli sport anjumaniga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Sportchilar Olimpiya yo‘llanmalari va reyting ball beradigan xalqaro musobaqalarda qizg‘in kurash olib borishmoqda.
Mamlakatimiz taekvondochilari ham samuraylar mamlakatida o‘tadigan katta Olimp tantanasida O‘zbekiston sharafini himoya qilish ishtiyoqi bilan yonmoqda. Bundan bir oylar muqaddam Rossiya va Bolgariyadagi xalqaro turnirlardagi shiddat, o‘n besh kunlar avval yakunlangan Butunjahon armiya o‘yinlaridagi tajriba hamda yaqinda, ya’ni 1-3 noyabr kunlari Xitoyning Usi shahrida Katta dubulg‘a musobaqasiga saralash turnirida erishilgan natijalar, ortirilgan ko‘nikmadan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aynan Tokioga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
E’tiborlisi, 2019 yil mobaynida Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya, Bolgariya, Xitoy kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarning birontasidan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari deyarli medalsiz qaytmadi. Bu o‘z-o‘zidan taekvondochilarimizning Tokio-2020dagi reyting ballarini oshib borishini hamda jahon taekvondosidagi o‘rinlari yanada mustahkamlanayotganligini ko‘rsatib turibdi.
Aytish lozim, joriy yildan taekvondo bo‘yicha 6 DAN qora belbog‘ sohibi, taekvondoning turli yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionatlari g‘olibi koreyalik Kim Jin Yungning O‘zbekiston terma jamoasida ish boshlaganligi qisqa fursatda taekvondochilarimizning ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir qildi.
Katta Dubulg‘a musobaqasiga saralash bahslarida hamyurtimiz Nigora Tursunqulova -67 kg vazn toifasida bronza medaliga ega chiqib, Tokio-2020ning yo‘llanmalari uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritganligi O‘zbekiston taekvondosi tarixida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi, albatta.
Shu yilning 18-20 dekabr kunlari o‘tkaziladigan Katta dubulg‘a final bahsining har bir vaznida eng ko‘p ochko to‘palagan sportchilar Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqadi. Turnirning yana bir ahamiyatli jihati, musobaqada o‘z vaznida oltin medal sohibi bo‘lgan sportchilar 70 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotlariga ham musharraf bo‘lishadi.
- Bir oy tinim bilmadik. Qolaversa, taqvimning tig‘iz joylashganligi ham ancha charchatdi odamni. Shukurki, imkon qadar yaxshi natijalar qayd eta oldik. Dekabr oyida Usida o‘tadigan Katta Dubulg‘a musobaqasining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganimdan xursandman. Bu, tajribali va mahoratli sportchilar bilan yana jang o‘tkazish imkonini beryapti. Unda barcha reyting etakchilari Tokio yo‘llanmasi uchun kurashadi, - dedi Nigora.
Ho‘sh, Nigora Tursunqulovani bu yo‘lda kimlar va qanday kutilmagan sovg‘alar kutib turibdi? Butunjahon armiya o‘yinlarida, Bolgariya, Rossiya, Yaponiyadagi musobaqalarda xitoylik Zang Mengyu, braziliyalik Milena Titoneli, koreyalik Kim Jan Di, kotdivuarlik Rut Gbagbi kabi jahon taekvondosining nomdorlari bilan bellashib, katta tajriba va mahorat darsini olgan sportchimiz Tokio yo‘llanmasi uchun kurashda mardonavorlik ko‘rsatadi, degan umiddamiz. Zotan, Tokio-2020 reytingida asosiy raqiblaridan kichik farq bilan ortda qolayotgan Nigora 12-o‘rinda turib, birinchilardan bo‘lib Olimpiada maydoniga qadam qo‘ysa, ajab emas.
Olimpiada reytingidagi qolgan vaznlar haqida so‘z yuritganda “Tokio ob-havosi” biz uchun go‘yokiy to‘rt fasldan iboratdek tuyuladi. Masalan, -58 kg.da 1784 nafar taekvondochilar orasida yurtdoshlarimizning 32 va 78-o‘rindaligi havotirli manzara. -68 kg vazn toifasida 1731 nafar Tokio da’vogarlari ichida terma jamoamiz a’zolari 100-o‘rindan keyingi pag‘onalardan joy olib turishi “sovuq iqlim” ko‘rinishida bo‘lsa, -80 kg vanda 1392 nafarlik ruyxatda terma jamoamiz a’zosi Nikita Rafalovichning ko‘rsatkichi (4-o‘rin) ko‘ngilga “ilk bahor” ifforini taratayotgandek. Dmitriy Shokin, Madinabonu Mannopova, Charos Qayumova va Nigora Tursunqulovaning joylashuvi haqida ham huddi shunday, deyish mumkin.
Albatta, yarim yildan kamroq vaqt qolayotgan Tokio olimpiadasining yo‘llanmalari uchun bu yil ikkita, keyingi yilda esa 4 ta xalqaro turnir qolganligi nazarda tutilsa, tezyurar vaqtning bekatlari qanchalik yaqinligi ravshanlashadi. Lekin hozircha orzular osmonidamiz. Muhimi, bahor yaqin. Umid tulporlari esa ishonch qanotlariga bog‘langan.
Olimpiada-2020 reytingi
ERKAKLAR
-58 kg
1.Jun Jang (Janubiy Koreya)
2.Kim Tae Xun (Janubiy Koreya)
3.Xesus Tortosa Kabrera (Ispaniya)
32.Ulug‘bek Rashitov (O‘zbekiston)
78.Suhrob Bobobekov (O‘zbekiston)
109.Niyoz Po‘latov (O‘zbekiston)
-68 kg
1.Li Dae Xun (Janubiy Koreya)
2.Bredli Sinden (Buyuk Britaniya)
3.Zao Shuai (Xitoy)
101.Sardor Toirov (O‘zbekiston)
149.Jasurbek Jaysunov (O‘zbekiston)
-80 kg
1.Maksim Xramtsov (Rossiya)
2.Milad Beigi Xarchegani (Ozarbayjon)
3.Sheyx Sallah Sisse (Kot-D`Ivuar)
4.Nikita Rafalovich (O‘zbekiston)
129.Shuhrat Salaev (O‘zbekiston)
496. Xojiakbar Zokirov (O‘zbekiston)
+80 kg
1.Vladislav Larin (Rossiya)
2.In Kyo Don (Janubiy Koreya)
3.Abdul Issufu (Nigeriya)
25.Dmitriy Shokin (O‘zbekiston)
104.Shohruh Rajabov (O‘zbekiston)
AYoLLAR
-49 kg
1.Panipak Vongpattanakit (Tailand)
2.Sim Jae Yung (Janubiy Koreya)
3.Kim So Xui (Janubiy Koreya)
37.Madinabonu Mannopova (O‘zbekiston)
325.Charos Qayumova (O‘zbekiston)
-57 kg
1.Jeyd Jons (Buyuk Britaniya)
2.Li Ah Reum (Janubiy Koreya)
3.Tatyana Kudashova (Rossiya)
38.Charos Qayumova (O‘zbekiston)
65.Dinoraxon Mamadibragimova (O‘zbekiston)
85.Ozoda Sobirjonova (O‘zbekiston)
-67 kg
1.Nur Tatar Askari (Turkiya)
2.Zang Mengyu (Xitoy)
3.Ox Xeri (Janubiy Koreya)
12. Nigora Tursunqulova (O‘zbekiston)
58. Feruza Sodiqova (O‘zbekiston)
+67 kg
1.Byanka Uolkden (Buyuk Britaniya)
2.Zeng Shuyin (Xitoy)
3.Li Da Bin (Janubiy Koreya)
21. Charos Qayumova (O‘zbekiston)
To‘lqin RO‘ZIEV
Fikrlar