Otabek Xolmatov muvaffaqiyatining siri nimada? Timur Ibragimov javob berdi

  • 24.04.2022 12:52
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 1
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Sobiq professional bokschimiz Timur Ibragimov hozirda AQShda istiqomat qilishi barobarida menejerlik faoliyatini ham olib bormoqda.

U bir qator o‘zbekistonlik charmqo‘lqop ustalarini okean ortiga taklif etgandi. Jumladan, Otabek Xolmatov,  Kozimbek Mardonov,  Fazliddin Meliboev,  Bilolbek Mirzarahimov va Sardor Yormuhammedov ayni vaqtda AQShda o‘z omadlarini sinab ko‘rmoqda.  

Ular orasida birgina Otabek Holmatov tez sur’atlarda yuqorilashga erishib, yarim engil vazn(57,123 kg)  toifasi reytingida 2-o‘ringa ko‘tarila oldi. 

Biz bu borada Timur Ibragimovga bog‘lanib, Xolmatovning bu omadli yurishi hamda qolgan o‘zbekistonlik bokschilarimizning faoliyati bilan qiziqdik.

- Bilasizmi, Otabekning bu muvaffaqiyatli odimida jamoaning harakatlari katta o‘rin tutadi. Ya’ni, Otabek ringga chiqib, o‘z ishini qilmoqda. Uning atrofidagi ishlarni esa, promouter, menejerdan tortib murabbiylar va boshqa ishchilar to‘g‘ri bajarishmoqda. Shuning uchun ham u reytingda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi va tez orada birinchi raqamli Patrik Tomas bilan jang qiladi. G‘alaba qozonsa, chempionlik jangida ishtirok etadi. Ikki oy ichida bu darajaga ko‘tarilish oson ish emas. 

Shuningdek, Kozimbek Mardonovga ham katta umid qilgandik. Dastlabki jangda o‘zini har tomonlama ko‘rsata olgandi. Biroq, keyinchalik unda ishtiyoq yo‘qolgandek, Fazliddinda esa sog‘liq bilan muammo yuzaga keldi. Qisqa qilib aytganda birgina Otabek o‘z oldiga jiddiy maqsadlar qo‘ygan. 

Ko‘pchilik boksdagi faoliyatdan ko‘ra, pul topish yo‘liga o‘tib ketmoqda. Shu tufayli, bizni promouterlar ham o‘zbekistonlik bokschilar bilan ishlash borasida o‘ylanib qolishdi. 

Shunday bo‘lsa-da,  yurtimizdagi iste’dodlar bilan yaxshi natijalar qayd etishga harakat qilamiz. Avvalo,  o‘zimizning promoturlik klubi orqali bokschilarni chempionlik darajasiga olib chiqmoqchimiz,  shuningdek profeional boks olamida o‘z nomiga va o‘rniga ega bo‘lgan PBC bilan ham qo‘shma hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz. Chunki Otabek agar, Patrik Tomasni mag‘lub etsa, chempion Leo Santa Krusga duch kelishi mumkin. Bu bokschi PBC bilan ishlaydi. Ular shunchaki chempionlikni berib yubormaydi. Shuning uchun ular bilan hamkorlik rejada bor. Menda Otabekdan tashqari gruziyalik Otar Eronasyan ham bor,  u ham juda kuchli va chempionlik darajasiga chiqa oladi. O‘ylaymanki,  muvaffaqiyatlarimiz hali oldinda... 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
26/04/2022 12:47
Темурни фаолиятига омад тилайман! Чемпионлик насиб килсин!