
O‘tkir Yusupov - yaponlarning taklifini nega qabul qilmagani, Abramov bilan o‘rtasida nima yuz bergani, termadan doim chaqiruv kutayotgani haqida
“Navbahor” darvozaboni O‘tkir Yusupov hozir juda yaxshi sport formasida. U doimgidek o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab kelyapti. Biroq Vadim Abramov va milliy terma jamoaga kelganda nimadir o‘xshamayotgandek bo‘ladi.
Vaholanki, Yusupov o‘z o‘yinlari bilan allaqachon bosh jamoamizga munosib ekanligini isbotlab bo‘lgan. Futbolchi ham doim termadan chaqiruv kutayotganini yashirmadi. Aksariyat muxlislar ham O‘tkirning nega bosh jamoamizga jalb qilinmayotgani haqida so‘rashadi. “Navbahor” posboni sports.uz muxbiri bilan suhbatda dilidagi gaplarini aytdi.
- Jamoamizning bu yilgi maqsadlari ancha jiddiy. Chempionatda sovrinli o‘rinlarni egallash va Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasiga ega chiqish uchun bor kuchimizni sarflaymiz. Mening yana bir asosiy maqsadlarimdan biri milliy terma jamoa sha’nini munosib himoya qilishdan iborat. Shu o‘rinda, Saudiya Arabistonidagi muhim o‘yinlarda bosh jamoamizga omad tilayman. Xudo xohlasa, yorug‘ yuz bilan qaytib kelishsin, - deydi darvozabon.
- May oyida “Navbahor”ning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldingiz. Bu har bir o‘yinchi uchun yoqimli. O‘zingiz qaysi jamoadoshingizni eng yaxshisi, deb aytgan bo‘lardingiz?
- Buni kutmagandim. Muxlislarimiz ishonchni oqlab kelayotganimiz uchun Xudoga shukr. Bundan keyin ham mana shu barqarorlikni saqlab qolib ularning ishonchini qozonish nasib qilaversin. Futbol jamoaviy o‘yin. Bunga bir o‘zim erishmadim. Barcha jamoadoshlarimning mehnatlari bor.
- Milliy terma jamoamiz tarkibidan joy olishingizni ko‘pchilik kutgandi. Ammo bu safar ham yig‘indan chetda qolyapsiz...
- Xudoga shukr, “Navbahor” safida har bir uchrashuvda yaxshi o‘yin ko‘rsatib kelyapmiz. Yig‘inga chaqirilganda hamma futbolchida umid bo‘ladi. Meni ham terma jamoaga chaqirib qolishar deb oxirigacha kutdim. “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda ham yuzim yorug‘ bo‘lishini Xudodan so‘rab, ishonchni oqlashni va shu orqali bo‘lsa ham milliy jamoadan chaqiruv bo‘lishini kutdim. So‘nggi qarorni murabbiy qabul qiladi. Biz uning qaroriga qarshi chiqa olmaymiz. Doim nasib qilgani bo‘ladi.
- Terma jamoa yig‘iniga to‘rt nafar darvozabonlar chaqirildi. Ularning orasida ilk bor taklif etilgan Ravshan Yagudin ham bor edi. Albatta, Abramovdan bu borada so‘radik va u siz haqingizda iliq fikr bildirdi. Lekin, baribir yakuniy qarorni u qabul qiladi. Termaga jalb qilingan posbonlar haqida fikringiz qanday?
- Hammaning omadini bersin, yomon fikr bildirmayman, barchasi bilan hamkasbmiz. Aytyapman-ku, oxirgi qarorni bosh murabbiy qabul qiladi. Vadim Abramov terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lganidan beri menga imkoniyat berilmadi. Agar menga ham imkoniyat bersa, buni oqlashga harakat qilaman. Vadim Karlenovich bilan “Neftchi”da birga ishlaganmiz. Balki o‘shanda bir nimadandir gina qilib chaqirmayotgandir.
- O‘zi nima voqea bo‘lgandi?
- O‘sha paytda “Paxtakor”ga 5:0 hisobida yutqazgandik. O‘shanda Mansur Saidov, Sherzod Hakimov, Doston Tursunov va menga asosiy aybdorlar sifatida qaragandi. Ammo murabbiyga qing‘ir ishlar bilan umuman shug‘ullanmasligimni aytib tushuntirishga harakat qilganman. Chunki menga ota-onam to‘g‘ri tarbiya bergan. Albatta, Abramov meni tushungan. Uni yomonlamoqchi emasman. Balki o‘sha paytlarda o‘yin bo‘yicha mendan ham xato o‘tgandir. Ammo meni vijdonim toza, yuzim yorug‘.
- Shundan beri Abramov bilan uchrashib, gaplashganmisiz?
- O‘tirib nimanidir muhokama qilmaganmiz. O‘tgan yili karantin paytida tashkil etilgan bitta yig‘inga chaqirgan. Ammo o‘shanda darvozabonlar etishmovchiligidan chaqirdi, deb o‘ylayman. Balki bosh murabbiyga qaysidir jihatim yoqmasligi mumkin.
- Baribir “Navbahor”da ishonchli o‘yinlaringizni hamma ko‘rib turibdi. Termada murabbiy uchun nomzodlar qancha ko‘p bo‘lsa, bu raqobatning oshishiga xizmat qiladi. Bundan keyin ham Abramov sizni terma jamoaga chaqirishiga ishonasizmi?
- Umid oxirigacha bo‘ladi. To‘g‘ri aytdingiz, terma jamoada futbolchi ko‘p bo‘lsa, raqobat ham oshadi. Bilasizmi, men har safar yig‘in boshlanayotgan mahalda chaqirib qolishlarini kutaman. Vadim Karlenovichni ham o‘z printsipi va xarakteri bor. Bu yog‘iga ham sabr qilaman va kutaman. O‘z ustimda ishlab, yanada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishda davom etaman. Muxlislarning duosi bilan balki chaqirib qolar.
- Fikringizcha, O‘zbekistonda birinchi raqamli darvozabon kim?
- Birinchi navbatda yaxshi o‘yin ko‘rsatib kelayotgan Sanjar Quvvatovni ko‘rsatishim mumkin. Yoshlikdan birga katta bo‘lganmiz, uning qanday imkoniyatga egaligini bilaman.
- Legioner sifatida xorijda to‘p surish rejangiz bormi?
- Yil boshida Yaponiyadan yaxshi variant bo‘lgandi. U paytga kelib “Navbahor” bilan shartnomamni uzaytirib qo‘ygandim. Viloyat hokimining va muxlislarning hurmati uchun ham klubda qoldim. Agar yana shunga o‘xshash taklif bo‘lib qolsa, legioner sifatida harakat qilish niyatim bor.
- Yaponiyaning qaysi klubidan taklif bo‘lgandi?
- Aniq bilmadim. Yaponiyadan telefon qilib aytishdi, yaxshi taklif borligi haqida, biroq qaysi klubi ekanini so‘ramadim. Chunki “Navbahor” bilan shartnomaga qo‘l qo‘yganim uchun oxirigacha qiziqmadim. Jamoam meni qo‘yib yubormasligi ham aniq edi.
- O‘shanda afsuslanmadingizmi?
- Yo‘q, har doim bandasini emas, Xudoni aytgani bo‘ladi.
- Bu yilgi chempionat tugaganidan keyin xorijga ketmoqchimisiz?
- Yaxshi variant bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorman. Avvalo “Navbahor” bilan oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarish haqida o‘ylayapmiz. Agar hammasi yaxshi ketsa, kelasi yilga ham shu erda qolaman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- “Navbahor”da maqsad jiddiy bo‘lsa-da, klub hozircha o‘rta pog‘onalarda boryapti. Maqsadga erishish uchun albatta yuqori o‘rinlarga chiqish kerak...
- Boshida omadsizlik bo‘ldi. Rahbariyat tomonidan murabbiylar o‘zgartirildi. Bizda bosim bor edi. Shu bois tiklanishga ham vaqt ketdi. O‘yinimizni topib oldik va bu yog‘iga yaxshi bo‘ladi, deb umid qilaman. Namangan muxlislari O‘zbekistonda birinchi raqamli. Ular bizga har qanday holatda ham dalda berib turishibdi. Maqsadimizga erishishimizda ularning hissalari katta bo‘ladi. O‘ynagan hamma klubimda o‘sish davrim bo‘ldi. “Mash’al”da boshladim. Keyin “Nasaf”ga o‘tdim. U erdan “Neftchi”ga, “Qo‘qon-1912” va keyin “Navbahor”ga. Bu erda uchinchi mavsumni o‘tkazyapman. Barcha klublarda yaxshi taassurotlar qolgan.
Fikrlar