O‘zbekiston boks terma jamoasi katta murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov barchani qiynayotgan savollarga javob berdi.

  • 30 oktabr, 2021, 21:33
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 1
  • Boks
CHERY AUTO

Ayni damda, Serbiyaning Belgrad shahrida bo‘lib turgan SPORTS.uz jurnalistlari boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi - Rahmatjon Ro‘zioxunov bilan katta intervyu tashkillashtirdi. Suhbat davomida jahon chempionatida sodir bo‘layotgan voqealar, hakamlarning qarori va boshqa ko‘plab mavzular borasida so‘z bordi.

Tecno

- Bizning boskchilarimiz uchun qur’a biroz noqulay kelgandek taassurot qoldirmoqda?!

- To‘g‘risi, bunday turnirlarda faqat g‘alaba haqida o‘ylash kerak. Shunga qaramay, fikringizga qo‘shilaman. Balki, noto‘g‘ridir, ammo birinchi jangning o‘zida jahon chempioni va Olimpiada sovrindori to‘qnash kelishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Musobaqa startidayoq janglar super darajada o‘tishi aniq, biroq yarim final va finalda intriga yo‘qolib qoladi. Sababi, savatchaning bu tomonidan kuchli, narigisidan kuchsizroq bokschilar chiqib keladi. Hozir bokschilarimiz shunday joylashganki, deyarli har bir jangidan so‘ng qozog‘isonlik charm qo‘lqop ustasi bilan to‘qnash kelishga majbur bo‘ladi. Doimo O‘zbekiston va Qozog‘iston sharafini himoya qiladigan bokschilar sog‘lom raqobat qilgan. Shu bois, ushbu mamlakatlarda bu sport turi bo‘yicha chempionlar etishib chiqishda davom etmoqda.

- Hasanboy Do‘smatovning mag‘lubiyati haqida fikringiz qanday?

Hasanboy 2 yildan beri professional boksda faoliyat olib bormoqda. Shu bois, uning zarbalari sonidan ko‘ra, kuchi ortib ketdi. Agar nishonga aniq tekkan og‘ir zarbalarni hisobga olsak, u qozog‘istonlik raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Jangdan so‘ng biz raundlarni qayta tomosha qilib, sarhisob qildik. Deyarli barchasida Hasanboy yo‘llagan zarbalarning soni ko‘p. Biz emotsiyada emas, neytral ravishda jangni tomosha qildik. Keyin apellyatsiya berdik. Hakamlar jangni ko‘rgach, ikkinchi raundda bizning bokschimiz g‘alaba qozonganini ma’lum qildi. Agar jang paytida shu natija e’lon qilinganida, 3-raundda Do‘smatov ancha sovuqqon harakat qilardi. Natijada, so‘nggi raundda bokschimiz to‘liq tavakkal jang o‘tkazdi. Qozog‘iston terma jamoasi murabbiylari katta tajribaga ega. Ular 3-raundda shogirdidan ehtiyot bo‘lishini so‘ragani aniq.

- Siz katta murabbiy sifatida O‘zbekiston boks terma jamoasining jahon chempionatidagi tarkibidan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Bu mening ichimdagi sir bo‘lib qolgani ma’qul. Shuni aytishim mumkin-ki, o‘zim ko‘zlagan boshqa bolalar ham bor edi. Balki, keyinroq bu haqida aytarman, lekin hozir emas. Bizni hozirgi asosiy vazifamiz jamoani shakllantirib olish. Biz kimnidir kashf etishimiz, uni yangi darajaga olib chiqishimiz lozim. Hozirgi yigitlarni JChda sinash qay darajada to‘g‘ri, degan savol o‘tishi mumkin, ammo ular ham o‘z tengqurlari o‘rtasidagi Osiyo va jahon chempioni ekanligini unutmaslik lozim.

- Shohjahon Abdullaevning chuqur nokaut qabul qilib olgani nima bilan bog‘liq?

Shogirdimiz kattalar o‘rtasidagi ilk turnirida ishtirok etayotgan edi. Bu - boks, shaxmat emas! Afsuski, Abdullaev hayajonini enga olmadi. Ilk raundda zarba o‘tkazib yubormaguniga qadar o‘ziga kela olmadi. Mas’uliyat katta bo‘lgani bois, ortiqcha hayajonlanib qoldi. Ikkinchi raund yakuniga 2 soniya qolganida, stolni olish uchun egildim. Boshimni ko‘tarib qarasam, Shohjahon nokaut xolatiga tushib qolgan ekan. Raqibi juda kuchli emas edi, biroq tajribasizligi pand berib qo‘ydi.

- Professional boksdagilarni havaskorga taklif etish qay darajada to‘g‘ri qaror, deb hisoblaysiz?

- Bu men uchun juda ham og‘ir savol. Professional va havaskor boks umuman boshqa-boshqa narsalar. Profboksda birinchi navbatda zarbalar kuchi, uning soni inobatga olinsa, bizda birinchi planga tezlik chiqadi. 12 raund jang o‘tkazgan bokschilar 3 raundda bor kuchini ko‘rsatib berishga qiynaladi. Reaktsiya, temp o‘zining eng baland nuqtasiga ko‘tarilishga ulgurmay turib jang tugab qoladi. Biz bu qaror to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini bilish uchun ham variantni to‘liq ko‘rib chiqishimiz kerak. Bu jahon chempionatidan so‘ng, balki kelajakda professional boksdagilarni terma jamoaga chaqirmasmiz. Balki aynan ularni tarkibga ko‘roq jalb etarmiz. Hammasini turnir yakunidagi xulosalarimiz hal etadi.

- Jahon chempionatida qanday natija ko‘rsatishimizdan qat’i nazar, terma jamoa tarkibida rotatsiya amalga oshiriladimi?

- O‘zbekistonda ham o‘zimizning shogirdlar qolgan. Osiyo o‘yinlarigacha ularni ham sinovdan o‘tkazishimiz kerak. Biz katta musobaqalarda ishtirok etadigan tarkibni bilib olishimiz uchun barchaga birdek imkon berishimiz shart. 71, 63 kg vaznda iqtidorli bokschilarimiz bor. Qolagani psixologik vaziyatiga bog‘liq. Ularni "elak"dan o‘tkazmaguncha, tarkibni to‘liq qayta qurishning imkoni yo‘q.

- Etakchi bokschilarimiz birinchi janglardayoq mag‘lubiyatga uchramoqda. Bu qolgan sportchilarimizning ruhiy xolatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmayaptimi?

- Barcha janglarni ko‘rib chiqyapmiz. Bolalarga bu mag‘lubiyatlar ta’sir qilmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshiryapmiz. Terma jamoa safidagi bokschilarning aksariyati yoshlar. Ularning ruhiy tayyorgarligi yaxshi bo‘lsa, chempionlik uchun barchasida imkoniyat bor. Shogirdlarimning turnirdagi hech bir bokschidan kam joyi yo‘q. Etakchilarning musobaqani tark etishi ruhiy tasir o‘tkazmasligi uchun yoshlarni e’tiborini bo‘lajak raqiblarining jang stilini o‘rganishga yo‘naltiryapmiz.

- Terma jamoada psixolog ishlaydimi? Bunga ehtiyoj bormi?

- Bizning terma jamoamizda barcha katta murabbiylar ruhshunos! Hozir ko‘plab mamlakat sportchilari turnirga o‘z psixologi bilan tashrif buyurmoqda. O‘ylashimcha, ularga motivatsiya berish uchun ruhshunos birinchi navbatda boksni yaxshi tushinishi, mashg‘ulotlarda shogirdlari bilan birdek ter to‘kishi shart. U qanday nafas olayotganini ham sezib turish kerak. Bizning mentalitetimiz boshqacha. O‘zimizning jaydari so‘zlar bilan ularni ruhlantiramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
PROSTO TELE
30/10/2021 21:49
Хафа булмангу Рахматжон бокс хам коррупция борасида футболдан колишмайдиган булиб колди. Шахрам билан Хасанбойга пишириб куйибдими. Улардан кура ёшрок кузи ёниб турган болаларни олиб бормайсанларми.