
O‘zbekiston kriket federatsiyasi Pokiston kriket kengashi bilan hamkorlik memorandumi imzoladi
Mamlakatimizda yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga, xususan, kriketga bo‘lgan ishtiyoqini yana-da kuchaytirish, jamoalarni shakllantirish va xalqaro sport maydonlarida kriket orqali yurtimiz sha’nini munosib himoya qilish O‘zbekiston kriket federatsiyasining bosh maqsadlaridan sanaladi.
Shu yilning iyul oyida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgandi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ikki davlat o‘rtasida do‘stona aloqalarni yana-da mustahkamlash, shuningdek, yurtimizda kriket sportini rivojlantirish haqida ham alohida to‘xtalib o‘tilgan edi.
Ushbu e’tirof bois, O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliev Pokiston Islom Respublikasining Laxor shahrida xizmat safarida bo‘lib, Pokiston kriket kengashi mutasaddilari bilan uchrashdi.
Laxorda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston kriket federatsiyasi va Pokiston kriket kengashi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston kriket federatsiyasi hamda Pokiston kriket kengashi o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasida ham kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda Aziz Mixliev va Pokiston kriket kengashi raisi Ramiz Roja o‘rtasida mamlakatimizda kriketni intellektual rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum imzonladi. Memorandumga muvofiq, endilikda Pokiston kriket kengashi tomonidan kriket bo‘yicha o‘quv-ta’lim ishlari amalga oshiriladi. Bunda asosan murabbiylar va kriketchilarning mahoratlarini oshirishi uchun o‘quv-mashg‘ulotlar olib boriladi.
Maxsus dasturga muvofiq Pokiston kriket kengashi tomonidan yurtimizga pokistonlik mutaxassislar yuboriladi va ular tomonidan bosqichma-bosqich hakamlik va murabbiylik kurslari, turli darajadagi amaliy va nazariy o‘quv-yig‘inlar o‘tkaziladi. Bundan tashqari Pokistonning Laxor shahridagi Kriket milliy mahorat markazida turli yoshdagi jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etiladi.
Ta’kidlash joiz, ushbu hamkorlik doirasidagi uchrashuvlarni tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasining Pokiston Islom Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmanov hamda elchixona xodimlari tomonidan federatsiya raisi Aziz Mixlievni munosib kutib olishdi va hamkorlik jarayonlarini o‘tkazishda yaqindan yordam bergani uchun ularga O‘zbekiston kriket federatsiyasi nomidan minnatdorlik bildirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu hamkorlik memorandumi mamlakatimizda kriketning rivojalanishi yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar