O‘zbekiston MTJning Namangandagi ilk o‘yini, Ahmedovsiz tarkib, murabbiylar shtabidagi o‘zgarish, uchrashuv oldidan qiziq holat va boshqalar

  • 26 mart, 2021, 08:45
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlaridan o‘rin olgan navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini 22 mart kunidan boshladi.

"JCh-2022" va "Osiyo kubogi-2023" qo‘shma saralash bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish uchun murabbiylar shtabi 29 futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi. Yig‘in davomida vakillarimiz Gana va Iroq bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi belgilangan. Afrika qit’asi vakiliga qarshi uchrashuv bugun Namanganda 18:00da start oladi.

IMG_8027

O‘zgarishlar

Avvaliga tarkibga jalb qilingan aksariyat futbolchilar o‘z klubidagi uchrashuvlarda ishtirok etishini inobatga olgan holda, ro‘yxatda ba’zi o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkinligi yozilgandi. Oradan bir necha kun o‘tib, terma jamoaga chaqirilgan bir necha nafar futbolchi Superliga bahslarida o‘z klubi safida jarohat olganligi sababli, mazkur o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazib yuborishi borasida xabar berildi.

Eldorbek Suyunov, Egor Krimets, Hojiakbar Alijonov, Lutfulla To‘raev, Sardor Sobirxo‘jaev, Abrorbek Ismoilov, Temurxo‘ja Abduxoliqov o‘rniga murabbiylar shtabi milliy jamoamiz safiga Iskandar Shaykulov ("So‘g‘diyona"), Anzur Ismoilov ("Paxtakor") va Javohir Qahramonovni ("So‘g‘diyona") jalb etishdi.

Shuningdek, MTJ murabbiylar shtabida ham o‘zgarish ro‘y berdi. Anvar G‘ofurov yordamchi murabbiy sifatida Vadim Abramovga ko‘maklashdi.

IMG_7762

Tarkib

Darvozabonlar: Abduvohid Ne’matov ("Nasaf"), Javohir Ilyosov ("Lokomotiv")

Himoyachilar: Islomjon Qobilov, Sanjar Qodirqulov (ikkalasi –"Lokomotiv"), Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Farruh Sayfiev, Anzur Ismoilov (barchasi – "Paxtakor"), Murod Xolmuhammedov ("Qo‘qon-1912"), Islom To‘xtaxo‘jaev ("Qizilqum"), Azimjon Ahmedov ("Navbahor"), Iskandar Shaykulov ("So‘g‘diyona").

Yarim himoyachilar: Hojimat Erkinov, Humoyunmirzo Iminov, Sardor Rashidov (barchasi – "Paxtakor"), Oybek Bozorov ("Nasaf"), Odiljon Hamrobekov, Jaloliddin Masharipov (ikkalasi – "Shabab Al Ahli", BAA), Otabek Shukurov ("Sharja", BAA), Sanjar Shoahmedov (AGMK), Dostonbek Hamdamov ("Xatta", BAA), Oston O‘runov ("Ufa", Rossiya), Javohir Qahramonov ("So‘g‘diyona").

Hujumchilar: Eldor Shomurodov ("Jenoa", Italiya), Shahzodbek Ubaydullaev ("Shaxtyor Soligorsk", Belarus), Igor Sergeev ("Aktobe", Qozog‘iston).

Bu galgi yig‘inda Odil Ahmedov yo‘q. U Xitoy klubi tomonidan chaqirtirilgani bois, o‘tgan oydagi xorij yig‘inida ham qatnashmagandi. Sardorimizning o‘rniga uning uka Azim Ahmedov tarkibda. U himoyadagi bo‘shliqlar borligi uchun termaga chaqirilganini murabbiy aytib o‘tdi. Shuningdek, bir necha oy avva Abramov yig‘inga Sardor Rashidovni chaqirdi. Ancha vaqt o‘yin amaliyotisiz yurgan Rashidov “Paxtakor”dan qo‘nim topdi va gollar urishni boshladi. Bu esa Karlenovichning e’tiborini tortgan yoki muxlislarning Sardor borasidagi fikrini inobatga olgan ko‘rinadi. Har holda endi Rashidov imkoniyatdan foydalanishga urinadi.

IMG_7693

Qiziq holat

Namanganda bo‘ladigan o‘yindan oldingi matbuot anjumani Toshkentda o‘tkazildi. Qiziq, uchrashuvdan bir kun avvalgi anjuman nega poytaxtda tashkil etildi, Namanganda emas? Bunga rasmiylar javob berishmadi. Futbolchilar o‘yinga qachon kelishi va ketishi ochiq qoldirildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, jamoalar 26 mart kuni tongda charter reys bilan Namanganga kelishadi va uchrashuvdan so‘ng ortga qaytadi. 

IMG_8304

Shu o‘rinda bugungi bellashuv ilk bor Namanganda o‘tkazilmoqda. Terma jamoa birinchi marta “Navbahor” maydonida o‘ynaydi.

Hakamlar

"Markaziy" stadionda o‘tadigan mazkur bahsni qirg‘izistonlik FIFA referisi Dayirbek Abdildaev boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Hakamlar nazoratchisi sifatida Bahodir Qo‘chqorov faoliyat yuritadi.

Bosh hakam: Dayirbek Abdildaev (Qirg‘iziston)

Yon hakamlar: Sergey Grishchenko (Qirg‘iziston), Ismoilxon Tolipjonov (Qirg‘iziston)

Zaxira hakami: Nurzutbek Askat o‘g‘li (Qirg‘iziston)

Hakamlar nazoratchisi: Bahodir Qo‘chqorov (Qirg‘iziston)

photo_2021-03-24_09-12-11

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!