
Paralimpiya: Server Ibragimov o‘q otish sportida yana bir yangi sahifa ochdi
Xalqimiz shu kunlarda Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining muvaffaqiyati shukuhida yashamoqda. Yuksak matonat egalarining har biri alohida e’tirof etishga arzigulik qahramonlik ko‘rsatishdi. Ular orasida kumush medal sohibi, o‘q otuvchimiz Server Ibragimovning ham ishtiroki ko‘pchilikning diqqat-markazida bo‘ldi.
Bundan 8 yil muqaddam o‘q otish sportida Paralimpiya o‘yinlaridagi dastlabki medalimizga mualliflik qilgan Server endilikda kumush medalni qo‘lga kiritgan ilk merganga ham aylandi. Bu gal yurtdoshimiz 50 metrdan kichik kalibrli to‘pponchadan otish bo‘yicha aralash dasturda muvaffaqiyatli qatnashdi. Ibragimov murosasiz bellashuvlarda Italiya, Eron, Janubiy Koreya vakillarini ortda qoldirishga erishdi.
Shubhasiz, bunday natijalar yo‘lida mamlakat o‘q otish federatsiyasining ham alohida xizmati bor. Federatsiya sportchimizning shug‘ullanishi uchun terma jamoa bazasida qulay sharoitlar yaratib berdi.
Ko‘plab sportchilar qatori Ibragimov hozirda hordiq chiqarmoqda. Qisqa tanaffusdan so‘ng u yana o‘q otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bazasida tayyorgarlikni davom ettiradi.
Fikrlar