
"Paxtakor" "Navbahor" darvozasiga gol ura olmaydi, agar...
FIFA kunlaridan keyin yana milliy chempionatlar o‘z yo‘lida davom etadi.
Bilasiz, Namanganda 25-29 mart kunlari “Navruz Cup-2022” xalqaro turniri o‘tkazildi. Endi navbat yana Superliga bahslariga. 31 mart kuni 4-tur o‘yinlariga start beriladi. 2 aperlda o‘z yakuniga etadi.
Oldinda siz bilan bizni juda murosasiz o‘yinlar kutib turibdi. Sports.uz o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda tur oldidan mutaxassis fikrini yana e’tiboringizga havola qiladi. Bu safar Yorqin Nazarov juftliklar bo‘yicha munosabatini bildirdi.
31 mart (payshanba)
“Qo‘qon-1912” – “Metallurg”
- Mening nazarimda, ushbu juftlikda jamoalarning imkoniyati teng. Shu bois ko‘proq durang bo‘lishini taxmin qilyapman. “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida o‘ynaydi. “Metallurg” mavsumni yaxshi boshladi, hali yutqazgani yo‘q. Qarshida ham “Nasaf” bilan durang o‘ynab kelgandi. Undan avval o‘z uyida AGMKni ham yutdi. Ammo, menimcha, “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida yutqazmasa kerak.
“Bunyodkor” – “Dinamo”
- Bu uchrashuvda jamoalarning imkoniyati 60x40 “Bunyodkor” foydasiga. Sababi, “Bunyodkor” o‘z maydonida o‘ynaydi. Maydon egalari “Dinamo”ga qarshi g‘alaba qozonish uchun hujumkor o‘yin ko‘rsatsa kerak, deb o‘ylayapman.
1 aprel (juma)
“Qizilqum” – “Neftchi”
- Yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Neftchi” o‘z maydonida yutqazib qo‘ygan. Ular bu turda yanada jiddiyroq o‘ynashga harakat qilishadi. “Qizilqum” bo‘lsa, turnir jadvalida 1-o‘rinda. Tabiiyki, “Qizilqum” o‘sha o‘rnini saqlab qolishga bor kuchi bilan harakat qiladi. O‘ylashimcha, mazkur qarama-qarshilikda ustunlik mezbonlar tomonida – 60x40. Albatta, “Neftchi” ham yaxshi jamoa. Yuqorida aytganimdek, oldingi turda yutqazib qo‘ydi. Ilhom Mo‘minjonov yaxshi tarkib yig‘di. Baribir “Qizilqum” o‘z uyida yutsa kerak.
“Surxon” – AGMK
- Bu juda ham qiziqardi o‘yin bo‘ladi. Bilasiz, AGMK ketma-ket uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan. Shuning uchun ular bu safar ochko qo‘lga kiritish uchun jiddiy kurashadi. Lekin “Surxon”da ham hali g‘alaba yo‘q. Ikkita durang o‘ynagan. Ularga ham g‘alaba zarur. Menimcha, ushbu bahsda kuchlar teng kelsa kerak.
“Paxtakor” – “Navbahor”
- Markaziy uchrashuv. O‘ylashimcha, g‘olib nomi aniqlanmasdan durang bo‘ladi. Sababi, “Navbahor” yaxshi futbolchilarni yig‘ib olgan. Agar “Navbahor” qarshi hujumda o‘ynaydigan bo‘lsa, “Paxtakor” gol ura olmaydi, deb o‘ylayman. Mabodo, mehmonlar qarshi hujumda gol urib olsa, mezbonlarga yanada qiyin bo‘ladi. Shuning uchun kuchlar teng.
2 aprel (shanba)
“So‘g‘diyona” – “Olimpik”
- Nazarimda, “So‘g‘diyona” jamoasi yutadi. Birinchidan, o‘z maydonida o‘ynayapti. Ikkinchidan, mavsumni yaxshi boshladi. O‘tgan turda Farg‘onadan g‘alaba bilan qaytdi. “Neftchi” ustidan qozongan g‘alabasidan keyin ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi yanada oshgan. “Olimpik”dagi yoshlarning mahorati etmasa kerak.
“Lokomotiv” – “Nasaf”
- Bu ham yaxshi o‘yin bo‘ladi. O‘tgan yilgi chempionatning oxirida “Lokomotiv” qarshida “Nasaf”ni yutib qaytgandi. Ushbu bellashuvda “Nasaf” jamoasining qo‘li baland keladi, deb o‘ylayman. Foiz bo‘yicha 40x60 deya olaman. “Nasaf” Osiyo Chempionlar ligasi pley-off o‘yinida g‘alaba qozonib, guruh bosqichiga yo‘l oldi. Futbolchilarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi yuqori.
Fikrlar